O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2019-08-20 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligi sohasida hududlarni rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda yuqori malakali kadrlar tayyorlash, sohaga xalqaro taʼlim standartlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Amalga oshirilgan islohotlar oʻquv-tarbiyaviy jarayon sifatini oshirish, uni innovatsion mazmun bilan toʻldirish, talabalarda mustaqil ravishda yangi bilimlarni egallash koʻnikmasini shakllantirishga imkon yaratdi.
Shu bilan birga, fan, taʼlim va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasi, kadrlar tayyorlashda agrar soha tarmoqlari bilan yaqin hamkorlikni kuchaytirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini targʻib va joriy qilish tizimini tubdan takomillashtirish talab etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-apreldagi PF–5708-son “Qishloq xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining ijrosini taʼminlash, shuningdek, qishloq xoʻjaligi sohasi va tarmoqlarida malakali kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, fan, taʼlim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini taʼminlash maqsadida:
1. Toshkent davlat agrar universiteti (keyingi oʻrinlarda – Universitet) va uning filiallarida qishloq xoʻjaligi taʼlimi va ilm-fanini yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
qishloq xoʻjaligida innovatsion resurstejamkor texnologiyalarni qoʻllash, “aqlli qishloq xoʻjaligi” (Smart agriculture) va raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish boʻyicha zamonaviy bilimlarga ega boʻlgan kadrlar tayyorlash;
oʻquv-laboratoriya bazasini modernizatsiyalash, fan dasturlarida soha boʻyicha zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, yuqori unumli va resurstejamkor ilgʻor texnologiyalar sohasidagi bilimlarni shakllantirishga qaratilgan vazifalarni aks ettirish;
xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalaridaprofessor-oʻqituvchilar, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarningmalakasini oshirish va stajirovkalarini tashkil etish;
ilmiy-tadqiqot institutlari, manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar hamkorligida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish hamda ularning natijalarini ishlab chiqarishga keng joriy etish;
Universitet va uning filiallari axborot-maslahat markazlari (extension center) orqali qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishidagi tizimli muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish boʻyicha “axborot – maslahat markazi – kafedra – qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchisi” tizimini joriy etish;
professor-oʻqituvchilar, ilmiy-tadqiqotchilar va talabalarning innovatsion texnologiyalarni yaratish hamda joriy etish borasidagi tashabbuskorligi va moddiy manfaatdorligini oshirish;
oʻquv mashgʻulotlari, malakaviy amaliyotlarni oʻtishda talabalarni innovatsion va yangicha fikrlashga yoʻnaltiradigan yangi oʻqitish texnologiyalari hamda interfaol uslublarni, shu jumladan, talabalarning mustaqil izlanishini taʼminlovchi mexanizmlarni keng joriy etish;
qishloq xoʻjaligi va uning tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashning uzviy tizimini yaratish, biriktirilgan akademik litsey va kasb-hunar kollejlari taʼlim dasturlarining uzluksizligi va izchilligini taʼminlash.
2. Quyidagilar:
Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab tashkil etiladigan yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallaridagi taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklariga biriktirilayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Qishloq xoʻjaligi sohasida fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiyalash boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin hamda uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
maʼmuriy boʻysunishidan qatʼiy nazar qishloq xoʻjaligi sohasi hamda uning tarmoqlari boʻyicha izlanishlar olib borayotgan, kadrlar tayyorlovchi ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining oʻzaro hamkorligini taʼminlash;
qishloq xoʻjaligi sohasi mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
qishloq xoʻjaligi sohasidagi talab va ilgʻor xorijiy tajribalar asosida oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida Davlat taʼlim standartlari, oʻquv reja va dasturlari tizimli ravishda takomillashtirilishini taʼminlash.
Belgilansinki, Universitet qishloq xoʻjaligi sohasida yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar va mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi hamda Qishloq xoʻjaligi sohasida fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiyalash boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi hisoblanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligining 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab:
tajriba-sinov tariqasida Universitetning 5411500 –Oʻsimliklar va qishloq xoʻjalik mahsulotlari karantini bakalavriat taʼlim yoʻnalishida taʼlimning kredit tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;
Universitetning 2-bosqich talabalari orasidan saralab olingan iqtidorli talabalar uchun taʼlimning alohida dasturlari asosida oʻqitiladigan maxsus guruhlar tashkil etish. Bunda davlat taʼlim standartlari, malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlari xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda ishlab chiqiladi;
qishloq xoʻjaligida agrotexnik tadbirlarning mavsumiyligini inobatga olib, dissertatsiyalarda ikki yillik ilmiy-amaliy dala tajribasi natijalarining qamrab olinishini taʼminlash maqsadida qishloq xoʻjaligi sohasidagi magistratura mutaxassisliklari oʻquv jarayonini yanvar oyidan boshlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Bunda taʼlimning kredit tizimida talabalar uchun haftada besh kunlik oʻqish hamda haftaning shanba kuni mustaqil oʻzlashtirish kuni deb belgilansin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan uning asoslangan takliflari asosida qishloq xoʻjaligi sohasidagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining ishlab chiqilgan Davlat taʼlim standartlari, malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlarini tasdiqlash hamda oʻquv jarayoniga bosqichma-bosqich joriy etish Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
Universitet va uning filiallari professor-oʻqituvchilari oʻquv, ilmiy-tadqiqot, maʼnaviy-maʼrifiy, tashkiliy-metodik ishlardan tashqari vazirlik hamda idoralarning boshqa ishlariga jalb etilmaydi, shartnoma doirasida koʻrsatiladigan xizmatlar bundan mustasno.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
a) Toshkent davlat agrar universiteti va Nukus, Andijon, Termiz filiallari tuzilmasini qayta koʻrib chiqib, tasdiqlanishini taʼminlasin;
b) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki
v) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda:
Universitet qoshidagi Qibray akademik litseyi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimiga oʻtkazilayotgan qishloq xoʻjaligi kasb-hunar kollejlari negizida oliy taʼlim tizimi bilan integratsiyalashgan oliy maktablar tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
2020-yil 1-avgustga qadar oliy maktablarni tamomlagan bitiruvchilar uchun bakalavriatning 3 yillik maxsus taʼlim dasturlarini ishlab chiqsin va amaliyotga joriy etsin;
g) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
Universitet va uning filiallari talabalarining malakaviy amaliyotlari yetakchi korxona, tashkilot va qishloq xoʻjaligi klasterlarida sifatli oʻtkazilishini taʼminlasin va monitoringini olib borsin;
ikki oy muddatda agrosanoat majmui tarkibidagi korxona, tashkilot va muassasalarni rahbar kadrlar bilan taʼminlash maqsadida Universitetda “Agrobiznes va boshqaruv” yoʻnalishida zaxira kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
bir oy muddatda Universitet va uning filiallarida kirish uchun belgilangan qabul chegarasidan kam ball toʻplagan abituriyentlar uchun oshirilgan toʻlov-kontrakt miqdorini ikkibaravarga kamaytirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga taklif kiritsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, oliy maktabda:
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi darajasida kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida kadrlar tayyorlanadi va oliy taʼlimning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari bilan integratsiyalashgan kichik bakalavrlar (Associate degree) tayyorlash boʻyicha taʼlim dasturlari amaliyotga joriy etiladi;
kichik bakalavr (Associate degree) taʼlim dasturlarini tamomlagan bitiruvchilar 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish sinovlarisiz suhbat oʻtkazish orqali bakalavrlar tayyorlashning maxsus uch yillik dasturi boʻyicha va oʻqish tugaganidan soʻng taqsimotga muvofiq uch yil davomida uzluksiz ishlab berish majburiyatini olgan holda Universitet va uning filiallariga oʻqishga kirish huquqiga ega boʻladi;
faoliyatni moliyalashtirishning asosiy manbalari etib Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjeti, vazirlik, idoralar, yirik ish beruvchilar hamda buyurtmachilarning byudjetdan tashqari mablagʻlari, xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari va oʻquvchilarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar hisoblanadi;
yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplom va tegishli kasblar boʻyicha belgilangan tartibda razryadlar beriladi;
oʻquvchilarni qabul qilish parametrlari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida, tashabbuskorlar mablagʻlari hisobiga Universitet va uning filiallarida “Kichik innovatsion korxona”larni tajriba-sinov tariqasida tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
9. Universitet:
xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida sinovdan oʻtgan tajribalarni oʻrgangan holda 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab universitetda rahbar kadrlar hamda professor-oʻqituvchilar faoliyati samaradorligining baholash tizimini joriy etsin;
uch oy muddatda Universitetni 2025-yilga qadar dunyoning nufuzli1000 ta oliy taʼlim muassasalari roʻyxati (QS reyting tizimi)ga kiritish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligiga taqdim etsin;
bir oy muddatda Universitet va uning filiallari ustavlari tasdiqlanishini va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda universitetning 5411500 – Oʻsimliklar va qishloq xoʻjalik mahsulotlari karantini taʼlim yoʻnalishida taʼlimning kredit tizimini joriy qilish toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tajriba-sinov tariqasida Agrobiologiya fakultetini Toshkent davlat agrar universiteti tarkibida mustaqil faoliyat yuritadigan yuridik shaxs sifatida tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
Universitet va uning filiallari huzurida tashkil etiladigan “Kichik innovatsion korxona”lar oʻrtasida tuziladigan shartnomaning namunaviy shaklini ishlab chiqsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D.Vaxabov zimmasiga – qarordagi vazifalarning ijrosi va monitoringi olib borilishini taʼminlash, maʼmuriy boʻysunishidan qatʼiy nazar ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining oʻzaro hamkorligini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A.Xodjayev, Universitet rektori B.A.Sulaymonov zimmasiga – qaror ijrosini bevosita taʼminlash, universitetga zamonaviy taʼlimning kredit tizimini tatbiq etish, ilmiy izlanishlar natijalarini tijoratlashtirish, fan-taʼlim va ishlab chiqarishni uzviy integratsiyalash, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tajriba-sinov tariqasida “Kichik innovatsion korxona”larni tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A.Xodjayev, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U.Majidov zimmasiga – taʼlimning kredit tizimidagi va Universitetning 2-bosqich talabalari orasidan saralab olingan iqtidorli talabalar uchun taʼlimning alohida dasturlarini ishlab chiqish hamda Universitet qoshidagi Qibray akademik litseyi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimiga oʻtkazilayotgan qishloq xoʻjaligi kasb-hunar kollejlari negizida oliy maktab tashkil etish chora-tadbirlarini koʻrish boʻyicha javobgarlik yuklansin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019-yil 19-avgust