O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston xalqi mustaqillikni qadrlaydi

2019-08-16 | Jamiyat

Eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligini nishonlashga ham sanoqli kunlar qoldi. Ayni paytda barcha hududlarda bayramga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

O‘zA muxbiri xorijlik mehmonlarning yurtimizdagi o‘zgarishlar haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.
 
Anna DRUSSEL, o‘qituvchi (Germaniya):
 
– O‘zbekistonda ilm qadrlanishiga, ota-onalar bolalarining tarbiyali va bilimli bo‘lishi uchun harakat qilishiga amin bo‘ldim. Toshkentdagi markaziy bozorlardan birida bo‘lib, bolalarini yetaklab olgan ota-onalarning yangi o‘quv yiliga tayyorgarligini kuzatdim. Bolajon xalqingiz har yili o‘quv yiliga jiddiy tayyorgarlik ko‘rar ekan. Bu, albatta, bolalarda o‘qishga ishtiyoqni oshiradi, ko‘proq ilm olishga undaydi.
 
Afsuski, avgust oxirida Germaniyaga qaytaman. Imkon bo‘lganda maktablarga ham borib, dars mashg‘ulotlarini kuzatgan, o‘qituvchilar mehnatiga baho bergan bo‘lardim. 
 
Choy SEZIN, tadbirkor (Xitoy): 
 
– Mamlakatingizda bundan bir necha yil avval bo‘lganman. O‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan baliqchilik bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ygandik. Yurtingizda diqqatga sazovor joylar juda ko‘p, sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratilyapti. Shu bois bu safar oilam bilan keldim.
 
Yurtingizda katta o‘zgarishlar bo‘layotgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa, Toshkent juda chiroy ochib borayapti. Menga Toshkent metropolitenida sayr qilish yoqadi. Bu yerning mevalari juda shirin, taomlari ham mazali. Endi har yili go‘zal O‘zbekistonga kelishni rejalashtirib qo‘ydik. 
 
Dadago‘l AMINIY, dizayner (Eron): 
 
– Ikki oydan buyon O‘zbekistondaman. Ochig‘i, boshqa mamlakatlarda bunchalik ko‘p bo‘lmasdim, ishlarimni tez bitkazib, yurtimga qaytardim. Bu yerdan ketgim kelmayapti. Toshkent ko‘chalari menga Tehronni eslatgani uchunmi, menga qadrli bo‘lib qoldi.
 
Yaqinda o‘g‘lim Muhammad bilan Marg‘ilon shahriga borib, uy sharoitida mato to‘qiydigan hunarmandlar bilan tanishdik. Shahar markazidagi atlas va adras sotiladigan bozor meni lol qoldirdi. Ishonasizmi, bozorda adrasning ming xil turini ko‘rdim. Yosh qizlar adraslarni seplariga niyat qilib olayotganini ko‘rib ko‘zim quvnadi. Ko‘hna Sharqning shoh matosi bo‘lgan atlas vatanida bo‘lishni ancha yildan buyon orzu qilar edim, bu niyatimga yetganimdan mamnunman.
 
Orxan SIVRIKAYa, “O‘zbekiston havo yo‘llar” MAKning Turkiyadagi maslahatchisi: 
 
– O‘zbekiston go‘zal tabiati va mehmondo‘st xalqi bilan ajralib turadi. Mamlakatingizga faqat ish yuzasidan emas, dam olishga ham ko‘p sayyoh keladi. Bu yerning taomlariga o‘rganib qolganman. Toshkent esa kundan-kun chiroy ochib bormoqda. O‘zbek xalqi qatori men ham viloyatlar markazida qad rostlayotgan sitilarning bitishini intizorlik bilan kutyapman. Ishonamanki, yaqin yillarda O‘zbekistonning tarixiy qadamjolari zamonaviy uyg‘unlik kasb etgan, barchaning e’tiborini tortadigan, xorijlik mehmonlarni o‘ziga yanada jalb qiladigan shaharlarga aylanadi. 
 
Yana bir narsani aytgim kelyapti, o‘zbek xalqi mustaqillikni juda qadrlaydi. Ozod va hur O‘zbekistonga ko‘z tegmasin, yanada taraqqiy etaversin! Bayram arafasida O‘zbekistonga kelganimdan juda mamnunman. Fursatdan foydalanib, xalqingizni Vataningiz mustaqilligining 28 yilligi bilan tabriklayman. 

 

Dilobar MAMATOVA, O‘zA

Поделиться