O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
UMS mobil operatori abonentlari endi xalq taʼlimi tizimi elektron resurslaridan mobil internet-trafik sarflamasdan foydalanishi mumkin
2019-08-14 | Ta’lim
Ushbu imkoniyat yaratilishiga kompaniya hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi oʻrtasidagi yaqin hamkorlik asos boʻldi. Mamlakatimiz aholisi, shu jumladan, xalq taʼlimi tizimi ishchilari, oʻquvchilar va ularning ota-onalari axborot-taʼlim resurslaridan yanada kengroq foydalanishi uchun bir qator veb-saytlar hamda veb-servislarga mobil qurilmalardan kirish qulaylashtirildi.
- UMS mobil operatori oʻsib kelayotgan yosh avlodni samarali rivojlanishi, yangi bilimlarga ega boʻlishi uchun shart-sharoit yaratishga koʻmak berishdan manfaatdor. Shu sababli ham XTV Axborot-taʼlim portali (eduportal.uz) va Respublika bolalar kutubxonasi veb-sayti (kitob.uz) foydalanuvchilari saytda joylashtirilgan adabiyot, videoqoʻllanmalar va turli xil materiallardan mobil internet megabaytlarini sarflamagan holda foydalanishi mumkin. Shunday ekan, UMS abonenti boʻlish nafaqat qulay, balki foydali hamdir, - deydi “UMS” MCHJ Tijorat direktori Lola Filatova.
UMSning narxlanmaydigan trafigi, shuningdek, XTV rasmiy veb-sayti (uzedu.uz va xtv.uz manzillari orqali kirish mumkin), Maktab taʼlim jarayonini boshqarish tizimi (xt.uzedu.uz), Oʻzbekiston maktablarida qurilish va taʼmirlash ishlarini onlayn-monitoring tizimi (stat.uzedu.uz), OpenEMIS Taʼlim muassasasini boshqarish axborot tizimiga (emis.uzedu.uz) ham taqdim etilmoqda.
Bundan tashqari, UMS abonentlari yangi avlod taʼlim muassasalari boʻlmish Prezident maktablari veb-sayti (pm.xtv.uz) hamda “Kundalik” avtomatlashtirilgan axborot taʼlim tizimi ishlab chiqaruvchisining global tarmoqdagi saytiga (kundalik.com) MB sarflamasdan kirish imkoniga ega.
- Hamkorlik va xalq taʼlimi tizimini rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi uchun UMS mobil operatoriga tashakkur bildiramiz. Birgalikda amalga oshirilgan yangi tashabbusimiz aholi taʼlim resurslaridan bepul foydalanishiga va bilimini oshirishiga xizmat qiladi. Xalq taʼlimi vazirligi respublikada faoliyat olib borayotgan boshqa kompaniyalarni ham taʼlimni rivojlantirishda ishtirok etishga chaqiradi, - deya taʼkidladi xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Sarvar Babaxodjayev.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq UMS mobil operatori Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimida faoliyat olib borayotgan oʻqituvchi-murabbiy va ishchilar uchun “Oʻqituvchi” nomli ikkita imtiyozli tarif rejasini joriy qilgan edi.