O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
2019-08-14 | Hujjatlar
Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida
2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida biznes yuritish tartib-taomillarini sezilarli darajada soddalashtirish, infratuzilmani yaxshilash va moliyaviy manbalarni kengaytirish orqali tadbirkorlikning izchil oʻsishi taʼminlanmoqda.
Aholining turli qatlamlarini, shu jumladan, yoshlar, kam taʼminlangan va himoyaga muhtoj fuqarolar hamda kichik korxonalarning tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bir qator dasturlar amalga oshirilmoqda. Birgina “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish uchun 7,2 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi.
Shu bilan birga, bir qator hal etilmagan muammolar saqlanib qolmoqda, ayniqsa, yer uchastkalarini ajratish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishda, tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish infratuzilmasidan, kredit va boshqa moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini taʼminlashda byurokratik toʻsiqlar va sansalorliklar uchramoqda.
Mansabdor shaxslar davlat himoyasida boʻlgan xususiy mulkning daxlsiz ekanligini, har qanday vaj bilan xususiy mulkni, shu jumladan, avval xususiylashtirilgan mulkni olib qoʻyish, asosli zaruratsiz mulkni buzib yuborish gʻayri huquqiyligini anglab yetmayapti hamda yer uchastkalarini ajratishda oʻzboshimchaliklarga yoʻl qoʻymoqda, bu esa mulkdorlarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoyalash kafolatlarini kuchaytirish va bunday huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻyganligi uchun ushbu masʼul shaxslarning javobgarligini oshirishni taqozo etmoqda.
Koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklar kompleks va tezkor hal etishni, barcha darajadagi davlat organlarining yagona uslubiy rahbarlik ostida oʻzaro muvofiklashtirilgan hamkorlik qilishini, xususiy mulkning ishlashi, yer uchastkalarini realizatsiya qilish, tender savdolarini oʻtkazish hamda davlatga tegishli boʻlmagan bino va inshootlarni buzishga oid aniq va loʻnda huquqiy normalarni yaratishni, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashni, aholining keng qatlamlarini biznes bilan shugʻullanishga faol jalb etishni talab etadi.
Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qoʻshimcha turtki berish, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, joylarda ijtimoiy qamrov darajasini oshirish maqsadida:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda – “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi) va ularning xududiy boʻlinmalari hamda boshqa vakolatli davlat organlari rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining xususiy mulkning daxlsizligi, iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligini taʼminlash, tajovuzlardan himoya qilish, xususiy mulkni saqlash va yanada koʻpaytirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish toʻgʻrisidagi normalarini soʻzsiz ijro etish va ularga qatʼiy rioya qilish boʻyicha shaxsan javobgar ekanligi toʻgʻrisida ogohlantirilsin.
Bosh prokuratura va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili (keyingi oʻrinlarda – Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil):
xususiy mulkdorlarga ularning huquqlarini buzgan holda zarar yetkazilishiga, shu jumladan, mulk huquqini noqonuniy cheklash va (yoki) undan mahrum qilish, xususiy mulkka, jumladan, avval xususiylashtirilgan mulkka tajovuz qilish, mulkdorga qasddan nomaqbul shartlarni, shu jumladan, mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishga doir asossiz talablarni qoʻyish, shuningdek, mulkni olib qoʻyish yoxud mulk egasini shaxsiy mulk huquqidan voz kechishga majbur qilishga yoʻl qoʻyilmasligi ustidan tizimli nazorat (kontrol) oʻrnatsin;
mansabdor shaxslar tomonidan suiisteʼmol va qonunbuzarlik holatlarining oldini olish va bunga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan zarur choralarni koʻrsin.
2. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ushbu Farmon qoidalarini hisobga olgan holda qonun hujjatlariga, shu jumladan, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga mulkdorlarning xususiy mulk daxlsizligi, oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulkka mustaqil egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish, mulkdorlarga davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilgan yer maydonining bozor qiymatida toʻliq qoplanishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
3. Quyidagilar barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tadbirkorlik subyektlari huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi eng muhim vazifalari etib belgilansin:
tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi, tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va toʻsqinlik qilganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalarining soʻzsiz bajarilishi, mulk va boshqa mulkiy huquqlar buzilishiga yoʻl qoʻyilmasligi tamoyillariga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlash;
aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, barqaror rivojlanayotgan tadbirkorlik subyektlari sonini yanada koʻpaytirish boʻyicha tizimli choralar koʻrish, shuningdek, oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan tadbirkorlar bilan ishlashni kuchaytirish;
faoliyat koʻrsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va noturarjoy obyektlari negizida kichik sanoat zonalarini tashkil etish, yer uchastkalarini belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali ajratishda koʻmaklashish;
tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy, tovar va xom ashyo resurslari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi, investitsiya va ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish boʻyicha amaliy koʻnikmalarni oʻzlashtirishida amaliy yordam koʻrsatish;
tadbirkorlik subyektlari uchun mavjud imkoniyatlar, imtiyozlar va boshqa moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida, davlat idoralarining rasmiy veb-saytlarida muntazam ravishda yoritib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda konsultativ yordam va axborot jihatdan taʼminlash, tadbirkorlarning moliyaviy va huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha joylarda seminar-treninglar oʻtkazish;
tadbirkorlarga biznes forumlar, koʻrgazmalar va yarmarkalarni tashkil etish va oʻtkazishda koʻmaklashish, ularda mahalliy va xorijiy tadbirkorlik subyektlarining keng ishtirokini taʼminlash;
tadbirkorlarga ishonchli sheriklar va ishlab chiqarayotgan mahsulotlari uchun yangi bozorlarni topishda, eksport salohiyatini oshirishda amaliy yordam koʻrsatish.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimliklariga quyidagilar taqiqlansin:
tadbirkorlik subyektlarini oʻzlarining asosiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, shu jumladan, homiylik va xayriya yordami koʻrsatish ishlariga, hududlarni obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlarini olib borish, temir-tersak va makulatura yigʻish hamda boshqa ishlarga majburiy jalb qilish;
tadbirkorlik subyektlarini har qanday shaklda qishloq xoʻjaligidagi mavsumiy ishlarga (ekish va yigʻib olish ishlariga) va mehnat resurslari, pul mablagʻlari va boshqa moddiy boyliklarni yoʻnaltirish bilan bogʻliq boshqa tadbirlarga jalb qilish;
tadbirkorlik subyektlari ishtirokida majburiy tartibda, shu jumladan, ularga nisbatan maʼmuriy va boshqa choralarni qoʻllash tahdidi ostida yigʻilishlar va boshqa tadbirlarni oʻtkazish.
5. 2020-yil 1-yanvardan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini olib qoʻyish va bir fermer xoʻjaligidan boshqasiga oʻtkazish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar egaligida boʻlgan, ular foydalanadigan va mulki boʻlgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish boʻyicha vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashlarigaberilsin.
6. 2020-yil 1-martdan kuchga kiradigan “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni (keyingi oʻrinlarda – Qonun) qabul kilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 1-fevralga qadar Sirdaryo viloyatida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartib-taomillarini aprobatsiya qilish boʻyicha huquqiy eksperiment (keyingi oʻrinlarda – huquqiy eksperiment) oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Quyidagilar huquqiy eksperimentning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
qonuniylik, ixtiyoriylik, haq toʻlash, xususiylashtiriladigan yer uchastkalarining va ularda joylashgan koʻchmas mulk obyektlarining birligi, yer uchastkalarini xususiylashtirishning ochiqligi va shaffofligini taʼminlashga qaratilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartib-taomillarining samaradorligini aniqlash;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish mexanizmlarini amalda qoʻllash samaradorligini baholash;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi davlat organlarining vakolatlarini ularning amaliy samaradorligi, tartibga solinadigan munosabatlar sohalarini toʻliq qamrab olinishi jihatidan monitoring oʻtkazish;
ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish va aholini biznes bilan shugʻullanishga jalb qilish, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir oy muddatda Qonunning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan zarur hujjatlar, shu jumladan, Sirdaryo viloyatida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartib-taomillarini aprobatsiya qilish boʻyicha huquqiy eksperiment oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni qabul qilsin;
ikki oy muddatda Sirdaryo viloyati hududlarining rejalashtirish sxemasi tasdiqlanishini taʼminlasin;
ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, aholi oʻrtasida huquqiy eksperiment amaliy ijrosining borishini muntazam ravishda yoritib borsin;
huquqiy eksperiment natijalariga koʻra, 2020-yil 5-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga Qonun normalarini yanada takomillashtirish va uni respublikaning boshqa hududlarida qoʻllash boʻyicha takliflar kiritsin.
9. 2019-yil 1-sentyabrdan boshlab foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarini, shu jumladan, taʼlim muassasalari (akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bundan mustasno), sogʻliqni saqlash va sport, madaniyat, xususan kinoteatrlar, klublar, konsert-tomosha koʻrsatish muassasalari va kinolashtirish obyektlari, shuningdek, davlat tashkilotlarining boʻsh turgan yer uchastkalaridan(keyingi oʻrinlarda – foydalanilmayotgan aktivlar) doimiy foydalanish huquqini xoʻjalik faoliyatiga jalb qilish va sotish tartibi joriy etilsin. Unga muvofiq:
foydalanilmayotgan aktivlarning mulkdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi hududiy boshqarmalarining tegishli soʻrovi kelib tushgan vaqtdan boshlab ikki oy muddatda balansda saqlovchining yuqori turuvchi tashkiloti (agar mavjud boʻlsa) bilan kelishilgan, foydalanilmayotgan obyektlar va boʻsh turgan yer uchastkalaridan samarali foydalanish boʻyicha “yul xaritasi”ni (keyingi oʻrinlarda – “yoʻl xaritasi”) taqdim etishi shart;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida foydalanilmayotgan obyektlarni xoʻjalik faoliyatiga jalb qilish boʻyicha ishchi guruh tomonidan “yoʻl xaritasi” tasdiqlanadi;
foydalanilmayotgan aktivlarning balansda saqlovchisi tomonidan “yoʻl xaritasi” taqdim etilmagan yoki unda nazarda tutilgan foydalanilmayotgan aktivlardan samarali foydalanish boʻyicha chora-tadbirlar belgilangan muddatda bajarilmagan yoxud “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash rad etilgan hollarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari oʻz vakolatlari doirasida foydalanilmayotgan aktivlarni olib qoʻyish va sotish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir.
10. Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil, “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasining 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab quyidagi tartiblarni oʻrnatish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh yer uchastkalari respublikaning barcha hududlarida faqat “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali taqdim etiladi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq yer uchastkalari berish hollari bundan mustasno.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlariga, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari ushbu tartibni buzganlik uchun shaxsiy javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirilsin;
b) jismoniy va yuridik shaxslarga “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimida aniq investitsiya majburiyatlari bilan birga yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish maydonchasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni keyinchalik ularni elektron onlayn-auksionga qoʻyish masalasini belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchunjoylashtirish toʻgʻrisida takliflar kiritish huquqi beriladi.
“Davergeodezkadastr” qoʻmitasi tadbirkorlik va shaharsozlik uchun taklif qilinadigan yer uchastkalarining joylashuvi toʻgʻrisidagi axborotlar Oʻzbekiston Respublikasining ochiq maʼlumotlar portalida va oʻz rasmiy veb-saytida joylashtirib borilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ushbu banddagi qoidalarni hisobga olgan holda qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali tadbirkorlik faoliyati uchun taqdim etishning yangi tartibini joriy etishga yoʻnaltirilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin va unda jumladan quyidagilarni nazarda tutsin:
“Davergeodezkadastr” qoʻmitasi organlari tomonidan “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga maʼlumotlarning mustaqil kiritilishi;
yer uchastkalarini tanlash boʻyicha materiallarni vakolatli organlarga kelishish va xulosa berish uchun avtomatik tarzda yuborish;
yer uchastkalarini tanlash boʻyicha materiallarni kelishish paytida qurilishga ruxsat berilgan yoki taqiqlangan obyektlar turlarini aniqlash, arxitektura-reja topshirigʻini ishlab chiqish, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni taqdim etish;
yer uchastkalarini tanlash boʻyicha materiallar yuzasidan muayyan davlat organlari xulosalarini olish talabini bekor qilish;
kelishuv va ijobiy xulosalar berilgandan soʻng qoʻshimcha qarorlarsiz yer uchastkalarini “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali elektron onlayn-auksionga qoʻyish;
elektron onlayn-auksion natijalari toʻgʻrisidagi bayonnoma asosida yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olish, shuningdek, auksion gʻolibiga yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisidagi qaror oʻrniga Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning davlat reyestridan koʻchirma berish.
11. Jahon banki tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash tizimini kengaytirish va uning samaradorligini oshirish, aholining keng qatlamlarini biznes yuritishga jalb qilish va boshlangʻich kapitaldan foydalanish imkoniyatini taʼminlash boʻyicha davlat organi sifatida tavsiya etilganOʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
kichik biznes va tadbirkorlikni, xususiy tadbirkorlikning barcha shakllarini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha davlat va hududiy dasturlarishlab chiqish va amalga oshirish;
vakolatli davlat organlari va tashkilotlarining kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish, biznes muhitini yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagifaoliyatini muvofiqlashtirishni tashkil etish;
ishbilarmonlik muhitining joriy holatini oʻrganish, shu jumladan, soʻrovnomalar oʻtkazish asosida, hamda yer uchastkalari taqdim etish va qurilish-montaj ishlarini bajarish tartib-taomillarini soddalashtirish, kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish infratuzilmasi, boshqa moddiy-xom ashyo va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, shuningdek, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan byurokratik toʻsiqlar va gʻovlarni bartaraf etish boʻyicha takliflar tayyorlash;
biznesni kengaytirishni ragʻbatlantirishga, qoʻshimcha qiymat yaratishning yaxlit zanjirlarini shakllantirishga, zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirishga, eksportni koʻpaytirishga, doimiy ish oʻrinlarini yaratishga yoʻnaltirilgan natijaga qaratilgan vositalarni joriy etish;
yirik ishlab chiqaruvchilar tomonidan kichik va oʻrta korxonalar – oraliq tovarlar va xizmatlar (xom ashyo, butlovchi qismlar va boshqalar)ni yetkazib beruvchilar faoliyatini, shu jumladan, tijorat banklarida maqsadli depozitlar ochish hisobiga moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish;
kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan, aholining zaif qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarigakafilliklar va kafolatlar, shuningdek, tijorat banklari kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya berish shaklida moliyaviy yordam koʻrsatish;
kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarini qonunchilik, yangi texnologiyalar va mahsulotlar, bozorlar va boshqa dolzarb masalalar boʻyicha nomoliyaviy qoʻllab-quvvatlash (bepul telefon va onlayn-maslahat xizmatlari, oʻquv markazlari, biznes-inkubatorlar, axborot xizmatlari va boshqalar) tizimini shakllantirish;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan kichik biznes va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash loyihalarini amalga oshirish, ularga texnik va maslahat koʻmagini tashkil etish boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish;
Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha kabulxonalari bilan kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha davlat va hududiy dasturlarni tayyorlash, ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqishda yaqindan hamkorlik qilish.
12. Belgilab qoʻyilsinki, Agentlik respublika davlat boshqaruvi organi boʻlib, oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga boʻysunadi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligining:
“Mikrokreditbank” ATB va “Xalq banki” ATBni “oilaviy tadbirkorlik”ni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtiruvchi banklar etib belgilash;
“oilaviy tadbirkorlik”ni rivojlantirish va, umuman, aholining tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash davlat dasturlari doirasida avval ajratilgan kreditlar hisobiga boʻshaydigan mablagʻlarni “Mikrokreditbank” ATB va “Xalq banki” ATBga keyinchalik kredit bozorida buzilishlarni bartaraf etish, pul mablagʻlaridan teng foydalanish imkoniyatini taʼminlash va maqsadli moliyaviy resurslardan foydalanishdan ijtimoiy-iqtisodiy samarani oshirish maqsadida kichik biznes va tadbirkorlikni bozor sharoitlariga yaqin stavkalarda kreditlash uchun yoʻnaltirish.
Moliya vazirligi Agentlik va manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish imkoniyati cheklangan aholining himoyaga muhtoj qatlamlarini talab mavjud boʻlgan kasb va mutaxassisliklar boʻyicha oʻqitishga, ularni ijtimoiy va nomoliyaviy qoʻllab-quvvatlashning yangi vositalarini joriy etishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini ushbu tadbirlarni “oilaviy tadbirkorlik”ni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida ilgari berilgan kreditlarni “Mikrokreditbank” ATB va “Xalq banki” ATBlariga joylashtirishdan tushgan qoʻshimcha daromadlar hisobiga moliyalashtirishni nazarda tutgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:
a) 2019-yil oxiriga qadar quyidagilarni:
mijozlarning kreditga layoqatliligini baholashga asoslangan hamda ularga joylashgan joyi va tijorat banklari filiallarida moliyaviy resurslarning mavjudligidan qatʼi nazar tadbirkorlik faoliyati uchun kreditlarni soddalashtirilgan tartibda va teng shartlarda jalb qilish imkonini beruvchi “bir xil” (namunali) bank mahsulotlari – “modul”larni ishlab chiqishni va kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga bank xizmatlarini koʻrsatish amaliyotiga joriy etishni;
tijorat banklarining kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga kreditlar ajratish boʻyicha alohida tarkibiy boʻlinmalarini tashkil qilishni, ajratilayotgan kreditlarning maqsadliligi va samaradorligini taʼminlash yuzasidan ushbu boʻlinmalar xodimlarining javobgarligini, shuningdek, moliyalashtirilayotgan loyihalarni amalga oshirish natijalariga qarab ularning mehnatiga haq toʻlash va ragʻbatlantirish tizimini kuchaytirishni;
Sirdaryo va Andijon viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahrida mijozlarga tezkor xizmat koʻrsatish uchun ixcham “bank xizmatlari ofislari”ni tashkil qilish, keyinchalik respublikaning barcha shaharlari va tumanlarida ularning tarmogʻini kengaytirish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishni taʼminlasin;
b) ikki oy muddatda bank xizmatlari menejmenti va tizimini tubdan isloh qilish, shuningdek, bank sektorini davlat tasarrufidan chiqarish boʻyicha quyidagilarga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin:
tijorat banklarida korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish va uning samaradorligini oshirish;
tijorat banklarining mijozga qaratilganlik darajasini oshirish, ularda samarali infratuzilma yaratish va yangi xizmat turlarini, shu jumladan, axborot texnologiyalarini joriy etish;
tijorat banklarining operatsion xarajatlarini optimallashtirish;
tijorat banklariga kreditlar hajmi va ularning foiz stavkalarini mavjud talabga asosan mustaqil ravishda belgilash huquqini bergan holda imtiyozli foiz stavkalari bilan kreditlar ajratish amaliyotini bekor qilish;
davlat ulushi ishtirokidagi tijorat banklarini xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlar moliyaviy tashkilotlari va konsalting kompaniyalari ishtirokidagi, bozor tamoyillari asosida ishlaydigan universal banklarga transformatsiya qilish.
15. 2019-2020 yillarda tijorat banklari tomonidan kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
16. “Kafolat sugʻurta kompaniyasi” AJ:
Agentlik, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda oʻzining quyi boʻgʻindagi boʻlinmalari tomonidan kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida xizmatlarni, shu jumladan, tadbirkorlik tavakkalchiligi, garov, lizing, asbob-uskunalar, yuklar, javobgarlik va boshqalarni sugʻurta qilish masalalari boʻyicha muntazam ravishda seminarlar va treninglar tashkil etilishini taʼminlasin;
tijorat banklari bilan birgalikda tadbirkorlik tavakkalchiligini sugʻurta qilish shartlarida kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga berilgan kreditning garov taʼminoti bilan qoplanmagan qismini kredit qaytmaslik xatari boʻyicha sugʻurtalashni amalga oshirsin;
Agentlik bilan birgalikda ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda, 2019-yil 1-oktyabrga qadar kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarining sugʻurta xizmatlarini olish uchun sarflaydigan xarajatlari va vaqtini qisqartirishga qaratilgan tadbirkorlik tavakkalchiligini sugʻurta qilish shartlaridagi zamonaviy sugʻurta mahsulotlarini ishlab chiqsin va joriy etsin.
17. Belgilansinki, moliyaviy yil uchun barcha turdagi kreditning qaytmaslik xatarini sugʻurtalash (kreditlar va lizing operatsiyalari boʻyicha tadbirkorlik tavakkalchiligini sugʻurtalash) shartnomalari boʻyicha sugʻurta qoplamalarining umumiy miqdori “Kafolat sugʻurta kompaniyasi” AJ oʻz kapitalining 10 foizidan oshgan taqdirda, kompaniyaning oʻz kapitali 10 foizidan ortiq miqdoridagi zarari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi har chorakda “Kafolat sugʻurta kompaniyasi” AJ Kuzatuv kengashida kreditning qaytmaslik xatarini sugʻurtalash (kreditlar va lizing operatsiyalari boʻyicha tadbirkorlik tavakkalchiligini sugʻurtalash) shartnomalari boʻyicha sugʻurta qoplamalarining hajmlari va ular boʻyicha kutilayotgan yoʻqotishlar toʻgʻrisidagi jamiyat ijro etuvchi organining hisoboti eshitilishini taʼminlasin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi va Agentlik 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab:
tadbirkorlik subyektlarini, shu jumladan, maʼlum sabablarga koʻra faoliyat koʻrsatmayotgan tadbirkorlik subyektlarini hisobga olishning yagona yondashuvini;
tadbirkorlik subyektlarining demografiyasi, shu jumladan, ularning faoliyat davri boʻyicha statistik maʼlumotlar shakllantirilishini;
har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlarning murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalariga oʻz faoliyatini toʻxtatgan tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etilishini taʼminlasin.
19. 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Bosh vazir qabulxonalarining hududiy boʻlinmalari rahbarlarini oʻz faoliyatini toʻxtatgan tadbirkorlik subyektlarining tadbirkorlik faoliyatini tiklash va unga jalb qilish, tegishli hududda ularning sonini oshirish yuzasidan ragʻbatlantirish va javobgarligini kuchaytirish tizimi joriy etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ushbu bandni amalga oshirish mexanizmlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
20. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda viloyatning oliy oʻquv yurtlariga oʻtkazilayotgan kasb-hunar kollejlari negizida, shu jumladan, xususiy sektor ishtirokida tadbirkorlik, marketing va biznesni boshqarish kabi biznes yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitish uchun Oʻzbekistonda “Binary” (Malayziya) xalqaro menejment va tadbirkorlik universitetining filialini ochishmasalasini koʻrib chiqsin.
21. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov bir oy muddatda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan dolzarb muammolarni muhokama qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari huzurida faol tadbirkorlar, huquqshunoslar va jamoatchilikning boshqa vakillari orasidan jamoatchilik kengashlari tuzilishini hamda ushbu kengashlar toʻgʻrisidagi namunaviy nizom tasdiqlanishini taʼminlasin.
Belgilansinki, tadbirkorlarning jamoatchilik kengashlari yigʻilishlarida aytilgan (taqdim etilgan) takliflari va tashabbuslari keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlarning murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ularning amalda bajarilishini taʼminlash maqsadida muntazam ravishda Agentlikka yuboriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlariga tashkil etiladigan jamoatchilik kengashlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
22. Belgilab qoʻyilsinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining iqtisodiy va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari tizimli ravishda:
Agentlik bilan birgalikda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha hududiy dasturlarning ishlab chiqilishi, ijro etilishi va monitoringini tashkil qiladi;
har haftaning dushanba, seshanba va chorshanba kunlari tumanlar va shaharlar sektorlari rahbarlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyatning tegishli organlari bilan birgalikda kichik biznes va tadbirkorlikning rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida mahallalarga chiqishni tashkillashtiradi;
Agentlikka kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish, shuningdek, hududlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun zarur xizmatlar koʻrsatadigan tegishli bozor infratuzilmasini shakllantirish boʻyicha takliflar kiritadi.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) etib qayta tashkil qilinsin va Agentlik tarkibiga oʻtkazilsin.
24. Belgilab qoʻyilsinki:
a) kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarini, shu jumladan, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarma tomonidan bosh bitimlar asosida vakolatli tijorat banklari orqali milliy va xorijiy valyutada amalga oshiriladi;
b) kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarini, shu jumladan, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash asosan kafilliklar va kafolatlar shaklida, boshqa hollarda esa tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar shaklida amalga oshiriladi;
Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan birgalikda bir oy muddatda umumqabul qilingan metodika asosida kafilliklar va kafolatlar, shuningdek, tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar shaklida moliyaviy koʻmak oluvchi salohiyatli qarzdorlar – kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarini tanlashning aniq mezonlarini tasdiqlasin;
v) kafolatlar va kafilliklar, shuningdek, tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar moliyaviy resurslarga boʻlgan talabni hisobga olgan holda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga, shuningdek, aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga ularning belgilangan mezonlarga mos keladigan tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun tadbirkorlik faoliyatining barcha yoʻnalishlaridagi loyihalarni moliyalashtirish uchun taqdim etiladi, quyidagilarni nazarda tutuvchi kreditlar bundan mustasno:
ilgari olingan kreditlar yoki boshqa har qanday qarzni qaytarish;
alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish;
savdo-vositachilik va umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining aylanma mablagʻlarini shakllantirish;
savdo va umumiy ovqatlanish obyektlarini qurishni moliyalashtirish;
nobank kredit tashkilotlari va lizing kompaniyalarining resurs bazasini shakllantirish;
qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni tashkil qilish, shuningdek, ushbu maqsadlar uchun uskunalar sotib olish;
d) quyidagilar moliyaviy koʻmak olish uchun asoslantirilgan arizalarni Jamgʻarmaga taqdim etish yuzasidan masʼul tashkilotlar hisoblanadi:
kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari buyurtmalari boʻyicha –tijorat banklari;
aholining ijtimoiy zaif qatlamlari buyurtmalari boʻyicha –tumanlar va shaharlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondining hududiy boʻlinmalari masʼul hisoblanadi.
25. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) Jamgʻarma hisobidan tijorat banklarining kreditlari boʻyicha kafillikning eng koʻp miqdorini kredit summasining 50 foizigacha miqdorda saqlab qolgan holda, uning miqdorini 2 milliardsoʻmdan 8 milliard soʻmgacha koʻpaytirish;
b) Jamgʻarma tomonidan kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga:
summasi 10 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan milliy valyutadagi kreditlar uchun – qayta moliyalash stavkasidan oshadigan, lekin 5 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismi;
ekvivalenti 10 milliard soʻmdan oshmaydigan xorijiy valyutadagi kreditlar uchun – tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foizpunktidan koʻp boʻlmagan miqdorda tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etish.
Belgilab qoʻyilsinki, ushbu band talablari tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun Jamgʻarma tomonidan taqdim etiladigan kafilliklar va kompensatsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining avval qabul qilingan hujjatlari va Hukumat qarorlari bilan tasdiqlangan shartlariga tatbiq etilmaydi.
26. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda:
“Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini belgilangan tartibda kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boʻlinmalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini koʻrsin;
boshqaruv qarorlarini qabul qilish boʻyicha islohotlarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish uchun mamlakat hududlariga yuborilgan vazirlik va idoralar vakillarining roli va vakolatlarini qayta koʻrib chiqsin.
27. Vazirlik va idoralar, shuningdek, xoʻjalik boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonuni talablariga qatʼiy rioya qilgan holda tadbirkorlik subyektlarini davlat xaridlari jarayoniga keng jalb etish orqali barcha davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlarining shaffofligi va raqobatbardoshligini taʼminlash boʻyicha samarali choralarni koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ushbu qonunga muvofiq boʻlmagan topshiriqlari, shu jumladan, qonunda koʻzda tutilmagan, yagona yetkazib beruvchidan toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilish imkonini koʻzda tutuvchi bayonnomalar shaklidagi topshiriqlarni kiritish amaliyoti qatʼiyan taqiqlansin;
davlat xaridlarini amalga oshirishda istisno tarzida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish huquqini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish taqiqlansin.
28. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portali va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining axborot tizimlarini integratsiya qilgan holda korporativ buyurtmachilarning amalga oshiradigan davlat xaridlari boʻyicha toʻlovlar hisobini yuritish tartib-taomillarini takomillashtirish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
29. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi ikki oy muddatda oʻz tuzilmalarini funksional jihatdan takomillashtirish va quyidagilar bilan bogʻliq ayrim vakolatlarni hududiy boʻlinmalarga oʻtkazishni nazarda tutgan holda, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida ularning hududiy boʻlinmalari roli va masʼuliyatini oshirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
qurilish obyektlarini loyihalashtirish, qurish, qabul qilish, foydalanish va taʼmirlash, ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish, loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish, qurilish inspeksiyasini amalga oshirish, boshqa turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatish;
yer tuzishni tashkil etish, yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish, yer resurslarini hisobga olish, baholash va monitoring qilish, ushbu sohada tizimli davlat nazoratini amalga oshirish, boshqa turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatish.
30. Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini kiritishda tadbirkorlik faoliyati sohasida ichki va tashqi investitsiyalarni jalb qilishni ragʻbatlantirishga qaratilgan mehnat munosabatlarini takomillashtirish boʻyicha normalarni nazarda tutsin.
31. “Oʻzstandart” agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda olti oy muddatda xalqaro va milliy standartlarga muvofiq tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning milliy klassifikatorini ishlab chiqsin.
32. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi PQ–4231-son qarori bilan tashkil etilgan Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasigaushbu Farmonda belgilangan vazifalarni bajarish boʻyicha ishlarni samarali tashkil etish hamda chora-tadbirlarning muvofiqlashtirilishini taʼminlash vazifasi yuklansin.
33. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi faoliyatini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5679-son Farmoni 1-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
34. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 2019-yil 1-oktyabrdan kuchga kiradigan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar 2-ilovaga muvofiq kiritilsin.
35. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:
bir hafta muddatda Agentlik faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
36. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019-yil 13-avgust