O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlar tayyorlashdagi xalqaro aloqalar mustahkamlanmoqda
2019-08-13 | Ta’lim
Keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga hamda xalqaro standartlar talablariga mos keladigan oliy ta’lim tizimini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Global va milliy taraqqiyotning asosiy jabhalari bo‘yicha xalqaro dastur va loyihalarni amalga oshirish bugungi tez o‘zgaruvchan zamon talabidir. Shu o‘rinda Toshkent davlat agrar universitetida ham xalqaro aloqalarni rivojlantirish orqali ta’lim sifatini modernizatsiyalash va zamonaviy o‘quv jarayonini tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan.
Universitet xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot markazlari va malaka oshirish institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, eng so‘nggi o‘quv va ilmiy tajribalarni o‘rganish va ularni ta’limga tadbiq etish, talaba va o‘qituvchi xodimlarni dunyoning nufuzli ta’lim muassasalarida o‘qishi va malaka oshirishi kabi ishlarni muvofiqlashtirish va boshqarishni amalga oshiradi.
Toshkent davlat agrar universitetida hozirgi kunda xorijning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan 76 ta hamkorlik shartnoma va memorandumlar mavjud bo‘lib, shulardan 2019 yilda 6 tasi yangilandi va 12 tasi yangidan imzolandi, shu jumladan, 6 ta yo‘l xaritalari ishlab chiqildi.
Ushbu hamkorlik doirasida, xorijiy ilmiy-amaliy loyihalar va dasturlar bo‘yicha keng miqyosda ishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, Toshkent davlat agrar universiteti FAO, ERASMUS+, GIZ, KOICA, JICA, USAID va boshqa xorijiy tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari o‘rnatgan bo‘lib, 2019 yilda universitetda ERASMUS+ dasturi doirasida 4 ta ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha akademik Capacity Building loyihalari, 9 ta universitet professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish Credit Mobility loyihasi amalga oshirilmoqda. Jami loyihalarning qiymati 508,9 ming yevroni tashkil etdi.
Shular qatorida universitetning Qishloq xo‘jaligida innovatsion ishlanmalar maslahat markazida quyosh panel batareyasi orqali ishlaydigan 2 ta suv chiqarish nasosi va 1 ta irrigatsion nasos o‘rnatish uchun Jahon Banki tomonidan 80 ming yevro miqdorida grant mablag‘lari ajratildi. Shu bilan birga, FAO universitetning eksperimental-tajriba xo‘jaligida kivi ko‘chatini yetishtirish uchun mini issiqxona - 8 ming AQSh dollari, meva ko‘chatlarini yetishtirish uchun Gollandiyada ishlab chiqarilgan “water box” uskunasi - 5 ming AQSh dollari, Braziliyada ishlab chiqarilgan 4 ta seyalka - 60 ming AQSh dollari, o‘simliklarni himoya qilish uchun zamonaviy uskuna - 10 ming AQSh dollar miqdorida grantlar kiritildi.
Universitetda faoliyatini boshlagan “Suv tanqisligi sharoitda o‘simliklarni qurg‘oqchilikka chidamliligini oshirish” loyihasi uchun FAO tashkiloti 390 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratdi. Mazkur tashkilot bilan hamkorlikda joriy yil universitetda “O‘zbekistonda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro anjuman tashkil etildi. 2019 yilda FAO tashkiloti tomonidan universitetning Qishloq xo‘jaligida innovatsion ishlanmalar maslahat markaziga 100 ming AQSh dollari miqdorida grant mablag‘lari kiritildi.
Keyingi yillarda universitet chet el oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni keng yo‘lga qo‘ydi. Bunga AQSh, Xitoy, Germaniya, Rossiya, Belorussiya, Pokiston, Malayziya, Indoneziya, Vetnam, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa qator mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik haqida tuzilgan shartnoma va memorandumlari yaqqol misol bo‘la oladi.
O‘z navbatida, Toshkent davlat agrar universitetida ta’lim sifatini oshirishga ahamiyat qaratish bilan birga xalqaro aloqalarni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish hamda o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot ishlarida jahon tajribasini yaqindan o‘rganish faoliyati kuchaymoqda. Jumladan, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlari borasidagi o‘zaro tajriba almashishlari hamda malaka oshirishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, 2018-2019 o‘quv yilida universitetning 84 nafar xodimi chet elda xizmat safarida bo‘lib, shundan 19 nafar malaka oshirish kurslari va stajirovkalarda ishtirok etdilar va turli sertifikatlar bilan taqdirlandilar.
Oxirgi ikki yil davomida universitet tadqiqotchilari - Bahodir Eshchanov va Xasan Boboyevlar AQShning Michigan universiteti va Yaponiyaning Tsukuba universitetining PhD doktoranturasini yakunlab, dissertatsiyalarini himoya qilib universitetga qaytdilar.
Shu bilan birga, universitetda tahsil olayotgan talabalar ko‘pgina xalqaro loyiha, dasturlar va yozgi hamda qishki maktablarda faol ishtirok etib kelmoqdalar Germaniyaning Agroimpuls Bavariya (Agroimplus), Praks (PRAXX) va boshqa tashkilotlar bilan imzolangan hamkorlik kelishuvlari asosida joriy yilda universitetning 46 nafar talabasi Germaniyaning yetakchi fermer xo‘jaliklarida 5 oylik amaliyotga yuborildi. Bu esa talabalarning yuksak salohiyati va bilimga chanqoqligidan, ularni o‘z sohalarida chuqur bilim olishlari va kelajakda yetuk, raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganligidan dalolat beradi.
Shu qatorda, universitetda 2 nafar koreyalik professor 2 yil davomida talabalarga ma’ruzalar berishadi. Pokistonlik doktorant Dilbar Husayn 6 oy muddatga o‘simliklarni biologik himoya qilish bo‘yicha malaka oshirishga universitetga tashrif buyurgan. Shuningdek, 2018 yilda Pokistonning M.N.Sharif nomidagi qishloq xo‘jaligi universiteti professorlari, Dilbar Husayn va Altaf Husaynlar o‘simliklarni himoya qilish usullari, jumladan, g‘o‘zani biologik himoya qilish usullari bo‘yicha universitetda 6 oy mobaynida malaka oshirib qaytdilar. Shuningdek, universitetga 2019 yilda 31 ta chet el professorlari tashrif buyurgan bo‘lib, ular turli mavzularda ma’ruzalar o‘qidilar.
2018-2019 o‘quv yilidan boshlab universitetda Germaniyaning Vaynshtefan-Triyezdorf universiteti bilan “Agrar menedjment” xalqaro magistratura dasturini joriy etildi va 15 nafar magistrantni o‘qishga qabul qildi. Magistrantlar 2 yildan so‘ng o‘qishlarini muvaffaqiyatli yankunlaganlarida Toshkent davlat agrar universiteti va Vaynshtefan-Triyezdorf universiteti diplomini qo‘lga kiritishga muyassar bo‘lishadi. Bundan tashqari, oliy o‘quv yurti Polshaning Oliy biznes universiteti, Rossiyanig Saratov, Volgograd davlat agrar universiteti, Astraxan davlat texnika universitetlari bilan 9 ta ikki tomonlama diplom berish qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etdi.
Shuningdek, keyingi 3 yilda amalga oshirilgan izchil tadbirlar tufayli Rossiya Federatsiyasining Volgograd davlat agrar universiteti, Janubiy-Ural davlat agrar universiteti, Irkutsk davlat agrar universiteti, Qalmiq davlat universiteti hamda Shimoliy Kavkaz Gumanitar-texnologiya akademiyasida qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha 500 dan ortiq yoshlarimiz tahsil olishmoqda.
2018 yilda Germaniyaning IAMO (Leybnits nomidagi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish) intitutining “Halqaro qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti” qo‘shma kafedrasi universitetda ochildi. Ushbu kafedrada hozirgi kunda 4 nafar doktorant va magistr grant asosida tahsil olmoqda.
Yuqorida sanab o‘tilgan keng ko‘lamli ishlar Toshkent davlat agrar universitetida ta’lim sifatini oshirish, kadrlar tayyorlashning zamonaviy ta’lim yo‘nalishlarini rivojlantirish va yangi mutaxassisliklarni joriy etish yo‘lidagi muhim qadamlar bo‘lib, respublikada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi yangilanishlarga misol bo‘ladi.