O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Viloyat hokimining tadbirkorlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2019-08-12 | Jamiyat
10-avgust kuni Farg‘ona shahridagi “Tadbirkorlar markazi” binosida viloyat hokimi Shuhrat Madaminovich G‘aniyevning viloyat tadbirkorlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimining kirish so‘zida ta’kidlandiki, investitsiya forumi ta’sirida Farg‘onaga investorlar kelishi ko‘paygan. Investitsion muhit, odamlar o‘ratsidagi mehr-oqibat, o‘zaro ishonch, albatta, ushbu jarayonga ta’sir ko‘rsatadi. Bugungi rivojlanish jarayonida o‘z tadbirkorloarimiz bilan ishlash barobarida iqtisodiyotimiz oyoqqa turib olishi uchun xorijlik tadbirkorlar bilan hamkorlik kerak bo‘ladi.
Sh.G‘aniyev o‘z nutqida bugungacha erishilgan natijalarni aytib o‘tdi. Ya’ni 2019 yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatda 5 mingga yaqin yangi kichik biznes sub’ektlari tashkil qilinib, ularning umumiy soni 28,0 mingtaga yetdi.
Kichik biznes sub’ektlarining viloyat yalpi hududiy mahsuloti tarkibidagi ulushi 70 foizni, sanoat mahsuloti hajmida 40 foizni, qishloq xo‘jaligi mahsulotida 97 foizni, kiritilgan investitsiyalarda 64,1 foizni tashkil qilmoqda. Viloyatda eksportning 80 foizi aynan kichik biznes sub’ektlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 1 trln 368 mlrd.so‘m miqdorida kreditlar ajratilib, kreditlash hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 martaga ortdi.
“Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi doirasida 29346 ta fuqarolar va tadbirkorlarga 455,6 mlrd.so‘m imtiyozli (8 foiz) kredit mablag‘lari ajratildi. Bundan tashqari, viloyatda “Qo‘qon” EIZ va 15 ta kichik sanoat zonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Viloyat hokimi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tadbirkorlar bilan yuzma-yuz suhbatlashib, ularnng muammolariga quloq tutdi, aksariyatini shu uchrashuvning o‘zida hal qilib berdi. Muammolar, asosan, tadbirkorlar uchun, bank krediti, joy, yer masalalarida edi.
Uchrashuv davomida hokim tadbirkorlarning savollariga javob berdi. Yig‘ilish so‘ngida viloyat hokimining tadbirkorlarga murojaati o‘qib eshittirildi. Shu kundan boshlab har shanba kuni viloyat hokimining tadbirkorlar bilan uchrashuvi o‘tkaziladi, haftaning boshqa kunlari esa shahar-tumanlarda uchrashuvlar belgilanadi.