O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda zamonaviy urug‘chilik agroklasteri tashkil etiladi
2019-08-02 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari S.Xodjayev boshchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirokida Minsk shahrida O‘zbekiston-Belarus hamkorligiga oid kelishuvlarga erishildi. Qishloq xo‘jaligining turli yo‘nalishlarini qamrab olgan loyihalarni amalga oshirishga doir masalalar O‘zbekiston-Belarus hududlararo I forumi doirasida muhokama etildi.
Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi rahbari Sh.Namozov hamda Belarus Respublikasining “Belsemena” birlashmasi bosh direktori M.Karpuk o‘rtasida kelishuv imzolandi. Unga ko‘ra, Davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy urug‘chilik klasteri tashkil etish orqali urug‘lik ekinlarini ishlab chiqarishga joriy etish, ularning xorijga eksportini ta’minlash, shu sohada fermerlar malakasini oshirib borish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.
Belarusda 11 ta kichik dasturni o‘z ichiga olgan “2016-2020 yillarda agrar biznesni rivojlantirish Davlat dasturi”da urug‘chilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Davlat dasturiga ko‘ra, kelgusi yilda qishloq xo‘jaligidagi eksport qiymati 2016 yilga nisbatan 6,2 milliard dollarga, mehnat unumdorligi esa 1,4 baravarga o‘sishi kutilmoqda. “Belsemena” birlashmasi bugungi kunda 20dan ortiq MDH va Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Minsk shahrida O‘zbekiston - Belarus hududlararo forumida qayd etilganidek, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanib, yaqin istiqbolda tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollarga yetkazilishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud.