O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Belbogʻli kurash boʻyicha jahon chempionatiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi
2019-08-02 | Jamiyat
Joriy yilning 8-11-avgust kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun belbogʻli kurash boʻyicha 2002-2004-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar va qizlar oʻrtasida jahon chempionati oʻtkaziladi.
1-avgust kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida ushbu nufuzli musobaqani oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 29-iyuldagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun belbogʻli kurash boʻyicha 2002-2004-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar va qizlar oʻrtasida jahon chempionatini oʻtkazish boʻyicha farmoyishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
Yigʻilishni olib borgan, jismoniy tarbiya va sport vaziri, tashkiliy qoʻmita raisi Dilmurod Nabiyev milliy sport turimiz hisoblangan belbogʻli kurash boʻyicha bunday yirik musobaqa birinchi marta oʻtkazilayotganligini taʼkidlar ekan, jahon birinchiligini yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishi lozimligini aytib oʻtdi.
Shundan soʻng tashkiliy qoʻmita aʼzolari Toshkent viloyati hokimligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, mamlakat belbogʻli kurash federatsiyasi, Tashqi ishlar, Sogʻliqni saqlash, Ichki ishlar, Madaniyat, Transport vazirliklari va boshqa masʼul tashkilotlar mutasaddilari musobaqaga tayyorlarlik boʻyicha oʻz yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berishdi.
Xususan, xorijlik mehmonlarni kutib olish, xavfsizlik, musobaqani ochilish va yopilishi marosimidagi badiiy qismlar, transport taʼminoti, moliyalashtirish, tibbiy xizmat, OAV orqali yoritish kabi masalalar batafsil muhokama qilindi.
Yakunda barcha mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari bilan jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha rejali ishlarni hamkorlikda davom ettirishga kelishib olindi.
Eslatib oʻtamiz, Olmaliq shahrida joylashgan “Olmaliq KMK” AJ sport majmuasi mezbonlik qiladigan chempionatga Germaniya, Isroil,Hindiston, Eron, Xitoy kabi dunyoning 40 ga yaqin mamlakatidan 200 nafarga yaqin sportchilar tashrif buyurishi kutilmoqda.