O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Qozog‘iston veterinarlari “oqsil” kasalligiga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlik qiladi
2019-08-02 | Jamiyat
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov Qozog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Gulmira Isayeva boshchiligidagi qozoq chorvadorlari va soha mutaxassislaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.
Unda ikki tomonlama hamkorlik munosabatlari va chorva mahsulotlarining erkin bozorini ochish xususida fikr almashildi. Buning uchun veterinariya sohasi va chorvachilik istiqbollariga e’tibor qaratilishi, O‘rta Osiyoda chorva kasalliklarining oldini olish, bu borada birgalikda harakat qilish, shuningdek oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi zarurligi ta’kidlandi. Chegaradosh hududlarda chorva mollarini emlash tizimini joriy etish, vaksinalarning yagona bazasini yaratish hamda xorijiy ekspertlar ishtirokida o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etish masalasi ko‘rildi.
Muzokaralar chog‘ida chorva mollarida ko‘p uchraydigan, ta’bir joiz bo‘lsa jiddiy talofat yetkazadigan “oqsil” kasalligiga qarshi birgalikda kurashishga kelishildi. Avgust oyida Qozog‘istonda “oqsil”ga qarshi kurashishning samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar tashkil etilishi, unga frantsiyalik mutaxassislar taklif etilishi hamda mamlakatimiz olimlari tajriba almashib qaytishi belgilandi.
Biz o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan muloqot chog‘ida ko‘p tomonlama hamkorlikni muhokama qildik, - deydi G.Isayeva. - Xususan, veterinarlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish hamda “Ardus” va “Merkuriy” tizimlari orqali axborot almashish har ikki tomon uchun foydalidir.
Ta’kidlash kerak, muzokaralarning ikkinchi bosqichi shu yilning 19-21 avgust kunlari Nur Sultonda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston - Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi sohasidagi Ishchi guruhning birinchi yig‘ilishida muhokama qilinadi.