O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Deputatlar Davlat dasturi bajarilishi yuzasidan Hukumat hisobotini eshitdi
2019-08-02 | Siyosat
Bugun davlat ahamiyatiga molik masalalar bevosita xalqimiz bilan muhokama qilinib, har bir masalada yurtdoshlarimizning fikrini o‘rganish kundalik hayotimiz, faoliyatimiz mezoniga aylanib ulgurdi. Davlat siyosati darajasiga aylanayotgan ushbu jarayonning muhim ahamiyati shundaki, xalqimiz o‘z vakillari, ya’ni deputatlar orqali mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini bevosita kuzatib, nazorat qilib bormoqda. Mamlakat hayotidagi har qanday masalaga daxldorlik hissi bilan yashamoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qaror topgan yangi mexanizm — parlamentning muhim qarorlar qabul qilish va qonunlar ijrosini nazorat etish faoliyatini kuchaytirish barobarida Bosh vazir va Hukumat a’zolarining Davlat dasturining bajarilishi yuzasidan Oliy Majlis palatalari oldida har chorakda hisobot berib borishi amaliyoti tobora takomillashib bormoqda. Jamiyatimiz hayotiga oid yangiliklardan xalqni xabardor qilish, pirovardida Hukumat faoliyatiga xalqning o‘zi saylab qo‘ygan deputatlari vositasida baho berish amaliyoti ijtimoiy-siyosiy hayotimizda real voqelikka aylanmoqda.
2019-yil 1-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida shunday muhim tadbirlardan biri bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlar Mahkamasining 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2019-yil birinchi yarmida bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisoboti parlamentda eshitildi.
Hisobotni Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov taqdim etdi.
Deputatlar ta’kidlaganidek, hisobotda barcha muhim masalalar keng qamrovda aks ettirilgan. Jumladan, Vazirlar Mahkamasiga hamda uning tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarga yuborilgan parlament hamda deputatlik so‘rovlariga berilgan javoblar ham chuqur tahlil qilingan. Galdagi hisobotning avvalgilaridan ajralib turgan yana bir jihati shundaki, bajarilgan ishlar barobarida Hukumat kelgusi yarim yillikda ado etilishi belgilangan rejalarini aniq ob'yektlar, raqamlar orqali ma’lum qilgan. Hisobotda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari, makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning izchil rivojlantirishni ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar batafsil bayon qilingan. Ayniqsa, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, jozibador investitsion muhitni yaratish, respublika hududlarining ijtimoiy rivojlanish darajasini ko‘tarish borasidagi ishlar chuqur tahlil etilgan.
Unga ko‘ra, 2019-yilning I yarim yilligida yalpi ichki mahsulot (YaIM) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga o‘sgan. Xususan, sanoat tarmoqlari 6,9 foiz, jami xizmatlar - 12,7 foiz, chakana savdo aylanmasi - 6,4 foiz hamda qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi 2,1 foizga ortishi iqtisodiy o‘sishning asosiy omili sifatida xizmat qildi. Mamlakatda yaratilgan qulay investitsiya muhiti natijasida asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 1,6 baravarga, qurilish ishlari hajmi esa 20,0 foizga o‘sdi.
Davlat byudjetining 2019-yil yanvar-iyun oylarida daromadlari 50,7 trln. so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 marta ko‘p), xarajatlari esa, 55,3 trln. so‘mni tashkil etdi. Davlat byudjeti xarajatlari tarkibida eng yuqori ulush (54,4 foiz) ijtimoiy xarajatlarga to‘g‘ri keldi. Mahalliy hokimiyat organlarining mahalliy byudjet daromadlarini shakllantirishdagi erkinligi sezilarli darajada oshirildi.
Deputatlar bugungi iqtisodiy taraqqiyotning muhim bo‘g‘inlaridan hisoblangan turizm sohasini rivojlantirish yo‘nalishidagi ishlarga e’tibor qaratar ekan, o‘tgan davrda 47 ta mamlakat fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy qilinib, vizasiz rejim tatbiq etiladigan mamlakatlar soni 65 taga yetgani, yana 77 ta davlat fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniga ega bo‘lganiga yuqori baho berdilar. Hisobot davrida 247 ta yangi turoperator tashkil etilib, 1,7 ming xona sig‘imiga ega 107 ta mehmonxona ishga tushirilgani, sayyohlar oqimi 31 foizga oshib, 3 mln. kishini tashkil etgani e’tirof qilindi.
“Obod qishloq” dastur doirasida jami 1 166 mlrd. so‘mlik ish hajmlari bajarildi. Mazkur mablag‘lar hisobidan,47,6 ming ta yakka tartibdagi uy-joy, 232 ta ko‘p xonadonli uy-joy ta’mirlanib, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 637 km ichimlik suv tarmoqlari yaxshilandi. 2 128 km elektr, 215 km gaz tarmoqlari yangidan qurildi, rekonstruktsiya qilinib, kapital ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, 53 ta ijtimoiy soha, 78 ta bozor infratuzilma ob'yektlari foydalanishga topshirildi.
Tadbirkorlikka oid ijtimoiy dasturlar doirasida 5,1 trln. so‘m, imtiyozli kreditlar ajratildi. Ushbu imtiyozli kreditlarning 4,5 trln. so‘mi “Har bir oila - tadbirkor” dasturi doirasida 249 mingdan ortiq oilalarga ajratilgani, mazkur mablag‘lar minglab oilalarning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi, yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Hisobot davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining aholi va yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni tapg‘ib kilish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, kompyuter texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini singdirish, xotin-qizlarning mehnat bilan bandligini ta’minlashga qaratilgan 5 ta tashabbusi ijrosini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Umumta’lim maktablarida tashkil etiladigan sport to‘garaklari soni 38 554 taga yetkazildi. Yoshlarning zamonaviy axborot texnologiyalari sohasida bilim va ko‘nikmasini oshirish maqsadida respublikaning 9 ta viloyati va Toshkent shahrida jami 12 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etildi. Maktablarning kutubxona fondi 16,3 mln. tadan 18,6 mln. ta kitobga boyitildi. 2019-yil oxiriga qadar respublika bo‘yicha 75 ta tikuv-trikotaj korxonasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 22,5 ming nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Umuman, Hukumatning taqdim etilgan hisoboti, unda keltirilgan har bir raqam va dalil deputatlar tomonidan chuqur tahlil qilindi. Davlat dasturida belgilangan muhim ijtimoiy-iqtisodiy, sotsial vazifalar, chora-tadbirlarning ijrosi holati qizg‘in muhokamalar markazida bo‘ldi. Parlament vakillari joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan, bevosita Davlat dasturiga daxldor bir qator masalalarga Hukumat a’zolarining e’tiborini qaratdi.
Hukumat hisoboti yuzasidan har bir siyosiy partiya fraktsiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari o‘z nuqtai nazarini bayon qildi. Jumladan, xalq vakillari Davlat dasturidagi jami 139 ta banddan 23 tasi (16,5 foizi)ning ijrosi to‘liq ta’minlanmaganini asosli tanqid qildilar. Xususan, qonun hujjatlarini tayyorlash va qabul qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, iqtisodiy faoliyatdagi davlat ishtirokining aniq chegaralarini belgilash, 2030-yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish kontseptsiyasini ishlab chiqishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar bugungi kunga qadar qabul qilinmagan. Davlat dasturida nazarda tutilgan qator qonun loyihalari ustida olib borilayotgan ishlarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, ularni o‘z vaqtida va puxta ishlab chiqish, manfaador vazirlik va idoralar bilan kelishish, parlament quyi palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritish borasidagi ishlar yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Natijada «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi, «Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi, «Diplomatik xizmat to‘g‘risida»gi, Soliq kodeksining yangi tahririni tasdiqlash kabi qonun loyihalarini belgilangan muddatlarda tayyorlashda qator muammolar yuzaga kelmoqda.
Dasturning 155-bandida belgilangan davlat tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, xususan, 16 ta tumandagi tibbiyot muassasalarini «har bir davolangan holat» uchun klinik-xarajat guruhlari bo‘yicha va kishi boshiga moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rilmayapti. Aholiga ko‘rsatilayotgan onkologik tibbiy xizmat sifatini oshirish va profilaktik tadbirlar qamrovini kengaytirishga yo‘naltirilgan Davlat dasturi doirasidagi amaliy chora-tadbirlar ham hanuzgacha yakuniga yetkazilmagan.
Ichki avtomobil yo‘llarining hozirgi holati, ularni ta’mirlash hamda saqlash ishlarining talab darajasida emasligi tanqid ostiga olindi. Davlat dasturining 178-bandiga muvofiq shahar ko‘chalari hamda boshqa aholi punktlarining ichki yo‘llarini kapital va joriy ta’mirlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Bugungi kunda Davlat dasturining 256-bandida nazarda tutilgan tashqi transport, logistika tizimini rivojlantirish, logistika markazlarini takomillashtirish, yuk oqimini boshqarishga zamonaviy usullarni va texnik vositalarni joriy etishga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti. Shuningdek, ayrim vazirliklar tomonidan paxta, g‘alla, meva-sabzavot va boshqa yo‘nalishlardagi klasterlar faoliyatini har tomonlama rivojlantirish, 2019-2024-yillarda mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash milliy dasturini ishlab chiqish, hududlarda «investitsiya xab»larini tashkil etish borasidagi ishlar yakuniga yetkazilmagan.
Deputatlar har bir band, belgilangan vazifaning tag-zamirida xalqimizning turmush sharoitini yaxshilash, odamlarning davlatdan rozi bo‘lib yashashiga erishishdek muhim maqsadlar turgani, shu bois, ularning ijrosini kechiktirmasdan, o‘z vaqtida ado etish hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini qayd etdilar. Shu ma’noda, taqdim etilgan hisobot materiallarida Davlat dasturida ijro muddati «yil davomida» deb belgilangan «Moddiy madaniy meros ob'yektlarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlash» (188-band) «Tarixiy shaxslar va milliy obrazlar aks etgan animatsion filmlar yaratish» (192-band) va boshqa bir qator bandlar ijrosi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ushbu masalalarga ham jiddiy e’tibor qaratish lozimligini qayd etdilar.
O‘z navbatida, Hukumat vakili bugungi kunda jamiyatimizda dolzarb bo‘lib turgan, ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchiligimiz tomonidan qizg‘in muhokama qilinayotgan bir qator muhim masalalar, xususan, transport vositalarining orqa va yon oynalari tusini o‘zgartirish, kunduz kuni avtomobillarning chirog‘ini yoqib yurishga doir muammolarni hal etish masalasi bir necha oy avval deputatlar tomonidan ko‘tarilganini mamnuniyat bilan ta’kidlab, ko‘chmas mulk va turar-joylarni buzish bilan bog‘liq muammolar xususida ham to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa, ko‘chmas mulklarni buzish borasida Prezidentning tegishli Farmoni, Vazirlar Mahkamasining qarori talablari joylarda mahalliy hokimliklar tomonidan yetarlicha bajarilmayotganini ta’kidlagan Hukumat vakili ushbu masalalar Vazirlar Mahkamasida atroflicha o‘rganilib, ijobiy hal etilgani, ayrim masalalar, jumladan, “tonirovka” masalasi bugun-erta to‘liq hal etilishi yuzasidan amaliy choralar ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov bu kabi dolzarb masalalarni hal qilishda Parlament a’zolarini yaqin hamkorlikda faoliyat ko‘rsatishga chaqirdi.
Tadbirda deputatlar tomonidan joriy yilning III choragida Davlat dasturining ijrosi ustidan tizimli ravishda monitoring o‘rnatish, parlament nazoratining barcha shakllaridan unumli foydalanish lozimligi qayd etildi. Mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi va alohida tarkibiy indikatorlardagi o‘rnini yaxshilash hamda milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, qulay investitsiya muhitini yaratish, hududlarimizni ijtimoiy rivojlantirish natijasida aholi farovonligini yanada yaxshilash borasidagi tadbirlarning samarali amalga oshirilishi zarurligiga, bu borada parlament vakillari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi. Ayni masalalar yuzasidan deputatlarning Hukumatga taklif va tavsiyalari bildirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, qizg‘in va amaliy, o‘zaro tanqid ruhda kechgan savol-javoblardan so‘ng deputatlar Hukumat hisobotini ma’qulladilar.
Tadbir yakunida parlament quyi palatasining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hisobotini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturini bajarish bo‘yicha hukumat faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni o‘z ichiga olgan qarori qabul qilindi.