O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi Belarusning yirik korxonalar kasaba uyushmalari va yetakchi turoperatorlar rahbarlari bilan uchrashdi
2019-07-31 | Turizm
Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Minskda Belarusning yirik korxonalar kasaba uyushmalari va yetakchi turoperatorlar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Belarus Fanlar akademiyasi binosida o’tgan O'zbekiston- Belarus forumi doirasida O'zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov hamda Belarusning yirik korxonalar kasaba uyushmalari rahbarlari va yetakchi turoperatorlari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda ishtirokchilar uchun O'zbekistonning sayyohlik salohiyati, mahalliy turoperatorlarning turistik paketlari va smart-turizm sohasidagi yangiliklar taqdimoti bo'lib o'tdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi v.b. Abdulaziz Aqqulov oʻz nutqida ikki mamlakat oʻrtasidagi mavjud foydalanilmagan salohiyat va turizm sohasidagi imkoniyatlar haqida soʻz yuritib, ishtirokchilarni ushbu sohada faol hamkorlik qilishga chaqirdi. Milliy turistik tashkilot rahbari A.Molchan, oʻz nutqida Belarus va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdagi ulkan istiqbollar haqida gapirib, bunday tadbirlarning ahamiyatli ekanini qayd etdi.
Shuningdek, u tadbir ishtirokchilariga 2018-yilda Oʻzbekiston turistik sanoatida kasaba uyushmalari tashkilotlari tizimi boʻyicha xizmatlar savdosi 40 foizga oʻsganini maʼlum qildi. Bundan tashqari, Molchan Belarus tajribasi bazasida sanoat turizmi yoʻnalishini yaratishni taklif qildi hamda bu sayyohlar sonining oshishi va ishlab chiqarilayotgan tovarni qoʻshimcha reklama qilish imkonini berishini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunlariga koʻra, “Belarus turist” bosh direktori bilan shu yilning oktyabrida Oʻzbekistonda dam olish uchun 25 kishidan iborat guruh shakllantirilishiga doir kelishuvga erishildi.
Tadbir yakunida uchrashuv ishtirokchilari oʻrtasida Oʻzbekistonga sayohat uchun yoʻllanma oʻynaldi. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan oʻzbekona dasturxon yozilib, mehmonlar milliy taomlarimizning mazasini yuqori baholashdi.