O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vazirligi Belarus Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan qoʻshma ilmiy laboratoriyalar tashkil etadi
2019-07-31 | Fan
Joriy yilning 29-iyul kuni Innovatsion rivojlanish vazirligining masʼul xodimlari va hozirgi kunda Belarus Respublikasida ilmiy stajirovkada boʻlib turgan 130 ga yaqin yosh olimlar Belarus Fanlar akademiyasi Prezidiumiga tashrif buyurdilar.
Tashrif doirasida Belarus Fanlar akademiyasi Prezidiumi raisi Vladimir Grigoryevich Gusakov bilan Innovatsion rivojlanish vazirligining masʼul xodimlari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda ikki tomonlama ilmiy-texnik hamkorlikning amaldagi holati va istiqbollari muhokama etildi. Xususan, V.G.Gusakov Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy stajirovkaga yuborilgan yosh olimlar uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida Belarus Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot muassasalarida qoʻshma ilmiy laboratoriyalar tashkil etishga kelishib olindi. Qoʻshma laboratoriyalarning tashkil etilishi mavjud ilmiy va innovatsion salohiyatdan toʻliq foydalangan holda hamkorlikda raqobatbardosh ilmiy ishlanmalarni yaratish imkonini beradi.
Avval xabar berilganidek, Innovatsion rivojlanish vazirligining tashabbusi bilan mamlakatimizning 100 nafarga yaqin yosh olimlari va 30 nafarga yaqin oliy taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha proyektorlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarlari Belarus Respublikasida qisqa muddatli ilmiy stajirovkani oʻtamoqdalar.
Ilmiy stajirovka Belarus Fanlar akademiyasining ilmiy muassasalarida hamda ushbu mamlakatning 16 dan ortiq nufuzli oliy taʼlim muassasalarida amalga oshirilmoqda.