Bolalar huquqlarini buzgan 7 mingdan ortiq mansabdor shaxs javobgarlikka tortildi
Prokuratura organlari 2019-yil dastlabki olti oyida voyaga yetmaganlar haqidagi qonunlar ijrosini taʼminlash borasida 1 ming 522 tekshirish oʻtkazgan.
Aniqlangan qonunga zid holatlar boʻyicha 7 ming 459 prokuror nazorati hujjatlari qoʻllanilgan.
Natijada 7 mingdan ziyod mansabdor shaxs intizomiy, maʼmuriy va moddiy javobgarlikka tortilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi qonuni ijrosi doirasida 3 ming 16 nafar yetim va ota-ona qarovisiz qolgan bola aniqlangan.
Bu borada 701 prokuror nazorati hujjatlari qoʻllanilgan. Qonunbuzilishiga yoʻl qoʻygan 265 nafar shaxs intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka tortilgan boʻlsa, 2 masʼul shaxsga jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Bu maʼlumotlar Bosh prokuraturada boʻlib oʻtgan brifingda jurnalistlarga maʼlum qilindi.
Bundan tashqari, Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasi tomonidan “Voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha 2019-yilda amalga oshiriladigan kompleks chora-tadbirlar Dasturi” tasdiqlanib, ijroga qaratildi.
Prokurorlar tashabbusi bilan oʻtkazilgan “davomat” tadbirlari davomida 4 ming 518 nafar maktab va kollej oʻquvchisi, shuningdek 1 ming 650 nafar chet davlatlarga ketgan oʻquvchining taʼlimga qaytarilishi taʼminlandi.
Voyaga yetmaganlar oʻrtasida suitsid holatlarining oldini olish yuzasidan taʼlim muassasalarining pedagog va psixologlari uchun metodik qoʻllanma tayyorlandi. Farzand tarbiyasi bilan bogʻliq masalalar qamrab olingan “ota-onalar uchun eslatma”, erta turmushning salbiy jihatlarini keng aholiga tushuntirish maqsadida “Maxsus reportaj” nomli tarbiyaviy xarakterdagi videofilm ishlab chiqildi.
N.ABDURAIMOVA, OʻzA