O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘rta Chirchiq tumanida tomchilatib sug‘orishda Ispaniya texnologiyasi qo‘llanilmoqda
2019-07-29 | Texnologiyalar
Toshkent viloyati paxtakorlari bahorda 75 ming 190 gektar maydonga chigit qadagan edi. Qilingan samarali mehnat evaziga har gektar yerdan to‘liq ko‘chat undirib olindi. Ayni kunlarda g‘o‘za parvarishi avjida. Viloyatda suvdan samarali foydalanish, uni tejash maqsadida zamonaviy, yangi texnologiyalar tatbiq etilmoqda.
Jumladan, O‘rta Chirchiq tumanidagi “Natsional agro produkt” fermer xo‘jaligi 48 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘ygan.
- Tomchilatib sug‘orish bo‘yicha o‘rnatilgan texnologiyalarni o‘rganib chiqdik, - deydi fermer Hamid G‘oipov. - Jumladan, Samarqand viloyati Ishtixon tumaniga borib, shu texnologiya o‘rnatilgan maydonlarda sug‘orish qanday olib borilayotgani bilan tanishdik. Mazkur texnologiyalarning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar mutaxassislari bilan muloqot qildik.
Tahlillar natijasida Ispaniyada ishlab chiqarilgan texnologiyani keltirib o‘rnatdik. Uning afzalligi suv tortadigan nasoslari elektr energiyasini tejaydi, ya’ni boshqa nasoslarga qaraganda kam sarf qiladi.
Yer osti suv sathi yaqin, zax, tuproq unumdorligi past hisoblangan hududda tomchilatib sug‘orish texnologiya joriy etilgani bejiz emas. O‘tgan yillar davomida mazkur ekin maydonini zararli hasharotlar, begona o‘t bosgan. G‘o‘za turli kasalliklarga chalingan.
Sug‘orishning yangicha usulida agrotexnik tadbirlarning muddatida olib borilishi natijasida bu yilgi hosilning cho‘g‘i chakki emas.
Fermer kelgusi yildan tomchilatib sug‘orish usuli qo‘llaniladigan ekin maydonlarini kengaytirishni mo‘ljallamoqda.