O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri Qoraqalpogʻistonda safarda boʻldi
2019-07-29 | Innovatsiya
27-28-iyul kunlari Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat safarida boʻldi va qator uchrashuvlar oʻtkazdi, vazirlik tomonidan Qoraqalpogʻistonda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Vazir Nukus shahrida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalqaro Orolboʻyi innovatsiya markaziga borib, markaz binosining qurilish ishlari bilan tanishdi. Markaz xodimlari bilan uchrashuv davomida markaz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Uchrashuvda, shuningdek, markazda faoliyat yuritayotgan Yaponiyaning OYO korporatsiyasi vakillari Kazuxiro Azami va Sunao Oboyashi ham ishtirok etdilar.
Xalqaro Orolboʻyi innovatsiya markazi qoshidagi “Moʻynoq” ilmiy-ishlab chiqarish uchastkasining faoliyati bilan tanishish chogʻida yaponiyalik mutaxassislar yopiq ildizli tizimda qurgʻoqchilikka va shoʻrlangan tuproqda oʻsimliklarni yetishtirish texnologiyasi boʻyicha blok-inkubatorlarga ekilgan saksovul urugʻlarini namoyish etdilar. Markazning “Samanbay” ilmiy-ishlab chiqarish uchastkasidagi yomgʻir chuvalchangi koʻpaytirilishi va mahalliy sharoitga moslashtirilishi uchun ajratilgan tajriba maydoni ham koʻzdan kechirildi. Ikkala uchastkalarda ham innovatsion texnologiyalarni yanada kengroq joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
I. Abdurahmonov Qoraqalpoq davlat universitetida olimlar va doktorantlar bilan uchrashuv oʻtkazib, ularning ilm-fan sohasidagi takliflarini tinglab, oʻz fikrlarini bildirdi. Vazir, shuningdek, qoraqalpogʻistonlik olimlar va tadqiqotchilarga vazirlik tomonidan joriy etilgan yangilangan grant tizimi haqida maʼlumotlar berdi, tizim boʻyicha olimlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berdi. Yosh tadqiqotchilar va ularning ustozlariga doktoranturaga qabul kvotalarini shakllantirish mexanizmi tushuntirib berildi.
Vazir Qoraqalpogʻistonning Beruniy tumanida ishga tushirilishi rejalashtirilgan distansion innovatsion klinika binosining qurilish jarayoni bilan tanishib, qurilish ishlarini tezlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Bundan tashqari, Moʻynoqda qad rostlayotgan telemeditsinaga asoslangan innovatsion klinika binosi qurilishi jarayoni bilan tanishdi. Telemeditsina sogʻliqni saqlash sohasida bugungi kunda eng tez suratlar bilan oʻsib borayotgan segment boʻlib, kompyuter va telekommunikatsion texnologiyalardan foydalangan holda tibbiy maʼlumotlar almashinuvi imkoniyatini yaratadi.
Innovatsion rivojlanish vazirining Qoraqalpogʻistonga safari natijasida vazirlikning hududdagi faoliyatiga doir qator masalalar ijobiy hal qilindi, muammolar bartaraf etilishi uchun chora-tadbirlar belgilandi.