Oʻzbekiston – Qozogʻiston oʻrtasida Sirdaryo davlatlararo tutashuv punkti ochildi
Ikki davlat oʻrtasida oʻzaro savdo sotiq, tovar ayirboshlash, transport aloqalari, ayniqsa, temir yoʻl transportidan keng foydalanish, yuk va yoʻlovchi tashishda mijozlarga qulayliklar yaratish borasidagi oʻzaro hamkorlik kun sayin rivojlanmoqda.
Oʻzbekiston bugungi kunda qoʻshni davlatlar, jumladan, Afgʻoniston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston bilan jami 20 koridor orqali temir yoʻl transportidan foydalanib, hamkorlik aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Birgina Qozogʻiston Respublikasini oladigan boʻlsak, ayni kungacha Keles hamda Qoraqalpogʻiston davlatlararo tutashuv punktlari orqali yuklar rasmiylashtirilib, poyezdlar qatnovi amalga oshirib kelinayotgan edi.
Endilikda Sirdaryo va respublikamizning boshqa viloyatlaridan Qozogʻiston Respublikasining janubiy hududlariga joʻnatiladigan yuklar yangi ishga tushirilgan Sirdaryo davlatlararo tutashuv punkti orqali yuboriladi. Qozogʻiston Respublikasi tomonidan tashishga qabul qilingan yuklarning Oʻzbekiston temir yoʻllari orqali MDH mamlakatlariga tranzit oʻtkazilishi taʼminlanadi.
– Bu davlatlararo tutashuv punktining ochilishi tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini qoʻshni davlatning janubiy hududlariga eksport qilishida qulaylik tugʻdiradi. Yaʼni mahsulotlarning manziliga yetib borishiga kam vaqt sarflanadi, ish faoliyatini yanada rivojlantirishga imkon berdi, – dedi “Toshkent mintaqaviy temir yoʻl uzeli“ unitar korxonasi boʻlim boshligʻi Elbek Shamsiyev. – Bundan tashqari, ushbu ochilayotgan yangi davlatlararo tutashuv punkti Qozogʻiston Respublikasining janubiy hududlari bilan koʻproq tovar ayirboshlashga xizmat qiladi. Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, hozirgi kunda Keles davlatlararo tutashuv punktidan bir sutkada oʻrtacha 20, 22 yuk poyezdi mamlakatimizdan Qozogʻiston Respublikasiga va ushbu davlat orqali MDH mamlakatlariga joʻnatilayotgan boʻlsa, sutka davomida yana shuncha yuk poyezdi yurtimizga qabul qilib olinadi.
Taʼkidlanishicha, endilikda Sirdaryo davlatlararo tutashuv punkti ishga tushirilishi bilan, sutkasiga qoʻshimcha 3 juft yuk poyezdi aylanmasiga zamin yaratadi. Bu nafaqat Oʻzbekiston uchun, balki, qoʻshni Qozogʻiston Respublikasi uchun ham juda katta iqtisodiy samara berishi shubhasiz.
Xurshid QODIROV, OʻzA