O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aksiz soligʻiga tortiladigan ayrim mahsulot turlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilishni tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2019-07-25 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjet moʻljallari toʻgʻrisida”gi PQ–4086-son qaroriga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining:
2019-yil 15-avgustdan siqilgan gazni yakuniy isteʼmolchiga realizatsiya qilishda aksiz soligʻi stavkasini 20 foizga;
2019-yil 1-oktyabrdan alkogolli mahsulotning aksiz soligʻi stavkasini oʻrta hisobda 10 foizga, tamaki mahsulotining aksiz soligʻi stavkasini 20 foizga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Etil spirti, alkogolli va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash komissiyasi tomonidan ilgari berilgan, spirt va alkogolli mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga oid litsenziyalarning amal qilish muddati 2020-yilning 1-yanvariga qadar uzaytirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi hukumat qarorini qabul qilsin:
spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga nisbatan yangi litsenziya talablarini, jumladan, ishlab chiqarish uskunalarini majburiy roʻyxatdan oʻtkazish, uning mulkdorlarini roʻyxatdan oʻtkazish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish tartibini tasdiqlash;
texnik spirt ishlab chiqaruvchilar faoliyatini litsenziyalash tartibini joriy etish, pivo ishlab chiqaruvchilar uchun esa 2021-yil 1-yanvardan boshlab shunday tartibni joriy qilish;
litsenziya oluvchilar tomonidan har yili litsenziya toʻlovlarini toʻlash boʻyicha talablarni joriy etish, pivo ishlab chiqaruvchilar uchun esa 2022-yil 1-yanvardan boshlab shunday talabni joriy qilish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2019-yil 15-avgustdan boshlab ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
5. Vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV