O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
241,5 mlrd.so‘m miqdoridagi mablag‘ tadbirkorlik sub’ektlari ixtiyorida qoldirildi
2019-07-14 | Iqtisodiyot
Namangan tuman hokimligida Davlat soliq qo‘mitasining targ‘ibot guruhi ishtirokida Prezidentimizning 2019 yil 27 iyundagi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Tadbirda tadbirkorlik sub’ektlari, fermer xo‘jaliklari, import faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar rahbarlari, hisobchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘quv-seminarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassislari hamda soha vakillari mazkur farmonda belgilangan tartib-tamoyillarni joriy etish, soliqlar va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish amaliyotini tartibga solish bo‘yicha ishtirokchilarga batafsil tushuntirdilar.
Qayd etilganidek, farmonga muvofiq, 2019 yil 1 avgustdan boshlab yagona er solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlarini ishlab chiqaruvchilar ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishlari mumkin.
- Farmon bilan 2019 yil 1 avgustdan boshlab realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq to‘lovini to‘lashi belgilanganidir. Bu albatta men kabi ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullаnuvchilar orasida turli xil savollarni keltirib chiqarayotgan edi, - deydi tadbirkor Ibrohim Mutalov. - Soha vakillarining yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan 150 mln.so‘m miqdorida uyali aloqa telefonlari uchun pul mablag‘lari olib, shundan 3,7 mln.so‘m yoki 2,5 foizli ustama haqi olgan holatda 4 foiz miqdorida 6,0 mln.so‘m (150x4/100) yagona soliq to‘lovi to‘lab kelinayotgani, endilikda esa ko‘rsatilgan xizmat uchun olingan haq summasi 3,7 mln.so‘mdan 25 foiz miqdorida, ya’ni 937,5 ming so‘m yagona soliq to‘lovi hisoblanib 2,8 mln.so‘m mablag‘ yakka tartibdagi tadbirkor ixtiyorida qoldirilishini misollar orqali tushuntirilishi barchaga birdek manzur bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, hufiyona biznesning ochiqlanishi natijasida joriy yilning birinchi yarim yilligida viloyat byudjet tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 127,9 foizga, QQS to‘lovchilari 299 tadan 2053 mingtaga etib, qariyb 7 baravarga o‘sgan. Shu bilan birga 30,0 mingta ish o‘rinlari ro‘yxatga olingan. Soliq stavkalarining pasaytirilishi oqibatida esa 241,5 mlrd.so‘m miqdoridagi mablag‘ tadbirkorlik sub’ektlari ihtiyorida qoldirildi.
Seminar yakunida ishtirokchilardan tushgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi.