O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiya kompaniyasi Zomin tumanida yangi turistik loyihani yoʻlga qoʻyishni taklif qildi
2019-07-14 | Turizm
Jizzax viloyat hokimligida Turkiya Respublikasining “Idealist” kompaniyasi vakillari hamda viloyat hokimi Ergash Soliyev va uning oʻrinbosari Botir Toʻxtamishev ishtirokidagi uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Turkiya Respublikasining “Idealist” kompaniyasi vakillari tomonidan Zomin tumani Suffa maskaniga moʻljallangan taklif loyihalarining taqdimoti oʻtkazildi.
Mazkur turistik loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi taklifiga koʻra tayyorlangan boʻlib, uni amalga oshirish muddati 20 yilga moʻljallangan.
Loyihaga koʻra, bu yerda sayyohlar shaharchasi, golf maydonchasi, changʻi kompleksi, sport maydonchalari, dor yoʻllari, mehmonxonalar, mehmon uylari, yirik savdo majmualari va boshqa bir qancha turistik obyektlar barpo etilishi koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, Turkiya kompaniyasi bilan Urganch shahridagi Shovot kanali atrofiga obyektlarni joylashtirish, Namangan viloyatining Nanay qishlogʻi va Surxondaryo viloyatining Zovboshi qishlogʻi loyihalari ham amalga oshiriladi.
Maʼlumot uchun: “Idealist” kompaniyasi Turkiyada 3 ta changʻi markazini, Kayseri togʻ kurortini, shuningdek Kipr va Moldovada boshqa turizm loyihalarini amalga oshirgan.