O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim sohasida boshqaruvni isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2019-07-11 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Soʻnggi yillarda oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, ilm-fanni rivojlantirish, oʻqitishning zamonaviy shakl va texnologiyalarini joriy etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Oʻtgan davr mobaynida iqtisodiyotning real sektori va ijtimoiy soha ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda hududlarda yangi, shu jumladan, yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari tashkil etildi, zamonaviy oʻquv bosqichlari joriy etilib, talab yuqori boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda jadal surʼatlar bilan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalardagi islohotlar Vatanimiz istiqboli uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir boʻlgan, yurt ravnaqi yoʻlida munosib hissa qoʻshuvchi malakali kadrlar tayyorlashni ustuvor vazifalardan biri etib belgilamoqda.

Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimini tubdan takomillashtirish, sohada davlat boshqaruvi samaradorligini yanada oshirish, tizimdagi muassasalarning sifatli faoliyat yuritishini taʼminlash orqali yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish maqsadida, shuningdek, 2017-2021yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq:

1. Quyidagilar oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimini tubdan takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasida zamonaviy va mustaqil fikrlaydigan, yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, bilimli hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash;

oliy taʼlim muassasalarida kasbiy faoliyat yoʻnalishida zamonaviy bilim va malakaga ega, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda chet tillarini oʻzlashtirgan kadrlar tayyorlash sifatini taʼminlash;

barcha oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini oʻquv-pedagogik va ilmiy-uslubiy, shuningdek, ularda mutaxassislar tayyorlash sifati, taʼlim mazmuni va darajasining davlat taʼlim standartlari hamda malaka talablariga muvofiqligini taʼminlash;

zamonaviy pedagogik texnologiyalar va oʻqitish uslublaridan keng foydalanish asosida oʻquv rejalari va fan dasturlarini takomillashtirish, taʼlim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish hamda oʻqitishning ilgʻor shakllari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

taʼlimda maʼnaviy-axloqiy mazmunni kuchaytirish, yoshlarni, mustaqillik gʻoyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, insonparvarlik va yuksak maʼnaviy gʻoyalar asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini tashkil etish;

oliy taʼlim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, ularning samaradorligini oshirish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, oliy taʼlim, fan va ishlab chiqarishning oʻzaro mustahkam integratsiyasini taʼminlash, ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli yoshlarni jalb qilish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;

zimmasiga yuklangan vazifalarni samarali va yuqori professional darajada bajarishga qodir rahbar va pedagog kadrlarni tanlash hamda oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini bunday mutaxassislar bilan taʼminlash, tizimli ragʻbatlantirish ishlarini olib borish;

rahbar va pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uzluksiz tizimini tashkil etish, takomillashtirib borish, ularning kasbiy mahorati sifati va darajasini oshirish uchun sharoitlar yaratish, jumladan, xorijiy davlatlarda malaka oshirish va stajirovka oʻtashni tashkil etish, oʻquv jarayonlariga xorijlik olimlar, oʻqituvchilar va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish;

talabalar, oʻqituvchilar va yosh tadqiqotchilarning jahon taʼlim resurslari, ilmiy adabiyotlar elektron katalogi va maʼlumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;

ilgʻor xalqaro tajribalar asosida taʼlim tizimini takomillashtirish, xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, hamkorlikdagi qoʻshma oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi dasturlarini amalga oshirish, taʼlim sohasida erishilgan yutuqlarni xalqaro miqyosda keng yoritish;

ish beruvchilarning ehtiyojlari va takliflaridan hamda xorijiy tajribadan kelib chiqib, shuningdek, iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy oʻzgarishlarni hisobga olgan holda kasb-hunar kollejlarida mehnat bozorida talab etiladigan mutaxassislarni tayyorlash uchun oʻquv rejalari va dasturlar ishlab chiqilishini tashkil etish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tugatilsin hamda Markazning boʻshayotgan shtat birliklari ushbu vazirlikka oʻtkazilsin.

Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Markazning barcha huquq va majburiyatlari hamda shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

3. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining idoraviy boʻysunuviga oʻtkazilsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markazi huzuridagi Kasb-hunar taʼlimi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markazi huzuridagi Metrologik nazorat xizmati;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalari va ular tizimidagi kasb-hunar taʼlim muassasalari.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) oliy, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi boʻyicha yagona davlat siyosatini, shuningdek, oliy, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi muassasalarida boʻysunuviga koʻra vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻquv-tarbiya jarayoniga tashkiliy va metodik rahbarlikni amalga oshirish yuzasidan vakolatli davlat organi etib belgilansin.

5. Vazirlik hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019-yil 1-avgustdan boshlab quyidagilarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga koʻra vazirlik boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlarini bir yarim baravar miqdorida qoʻllash hamda bu bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan Vazirlik markaziy apparatining:

fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik ish haqiga – 30 foiz;

fan doktori yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik ish haqiga – 35 foizustamalar belgilash;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Vazirlikning markaziy apparati xodimlari oylik lavozim maoshiga oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimida xizmat qilgan umumiy ish staji uchun 3 yildan 5 yilgacha – 10 foiz, 5 yildan 10 yilgacha –20 foiz, 10 yildan 20yilgacha – 30 foiz, 20 yildan ortiq – 40 foiz oylik ustamalar toʻlash;

6. Respublika oliy va kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻqish uchun xorijiy fuqarolarni keng jalb qilish maqsadidashunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalari rektorlari (filiallar direktorlari), kasb-hunar taʼlimi muassasalari direktorlariga boʻysunuvi boʻyicha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda:

xorijiy fuqarolarni oʻqitish uchun oliy va kasb-hunar taʼlimi muassasalarida alohida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari, magistratura mutaxassisliklari, kasblar va mutaxassisliklar ochish, ularni oʻqitish tili hamda akademik guruh shakllantirish uchun zarur talabalar (oʻquvchilar) sonini belgilash;

kasb-hunar taʼlimi muassasalarida kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha taʼlim olish istagida boʻlganxorijiy fuqarolarni oʻqitish muddati, davomiyligi va ularni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini belgilash huquqi beriladi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Vazirlik bilan birgalikda ikki oy muddatda tugatilayotgan Markaz xodimlarini ish bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini belgilangan tartibda kiritsin.

9. Vazirlik ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                                  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 11-iyul

Поделиться