O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ko‘hna va navqiron Marg‘ilonda katta san’at bayrami

2019-07-11 | Madaniyat

Marg‘ilon shahrida qaynoq mehrga yo‘g‘rilgan, dilbar navolar, mumtoz qo‘shiqlar, jozibador raqslar anjumani –“Buyuk ipak yo‘li” xalqaro folklor musiqa festivali boshlandi.

Mamlakatimizda nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash, xususan, folklor san’atini rivojlantirish va keng targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, insoniyat yaratgan bebaho madaniyat durdonalari eng avvalo har qaysi millatning folklor san’atida mujassam topgani hammamizga yaxshi ma’lum. Turli xalqlarning milliy o‘zligini, ularning tili va hayot tarzini, an’ana va urf-odatlarini ifoda etadigan baxshichilik san’ati umumbashariy madaniyatning uzviy qismi sifatida barchamiz uchun qadrlidir.
 
Mazkur festivaldan ko‘zlangan maqsad ham – madaniyat va san’atning noyob namunalarini keng targ‘ib qilish, uni asrab-avaylash va rivojlantirish, yosh avlod qalbida san’atga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini kamol toptirish, davlatlararo, xalqlararo do‘stlik, birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma’naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirishdir.
 
Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 5 ta – Marg‘ilon shahrida “Chodir jamol”, Qo‘qon shahrida “Qo‘qon yor-yori”, Qo‘shtepa tumanida “Kabutar”, So‘x tumanida “So‘x chashmasi”, Furqat tumanida “Shodlik” va Quvasoy shahrida “Qo‘sh chinor” folklor-etnografik ansambllari, shuningdek, 41 ta havaskor folklor guruhlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Har bir guruhning bir-biriga o‘xshamagan, o‘ziga xos repertuari mavjud. Ularning musiqiy ijrochiligida yalla, lapar, aytishuv, o‘lan, yor-yor, allalar alohida o‘ringa ega.
 
Marg‘ilon qadim-qadimdan ulug‘ alloma va shoirlari, san’at va madaniyat ahli, qo‘li gul ustalari, mohir hunarmandlari bilan shuhrat qozonib keladi. Uning bag‘ridagi noyob me’moriy obidalar, nodir yodgorliklar bu haqiqatni yaqqol tasdiqlaydi Tamaraxonim, Mukarrama Turg‘unboeva, Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov, Yulduz Usmonova kabi san’atkorlarimizni xalqimiz sevib, ardoqlaydi. Bu san’atkorlarning muxlislari Yevropa va Osiyo qit’asida ham ko‘plab topiladi. “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro folklor musiqa festivalining Marg‘ilonda o‘tkazilishini usta san’atkorlar ijodiga ehtirom namunasi, deyish mumkin. 
 
Shaharda san’at bayramiga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Festivalga tayyorgarlik doirasida katta hajmdagi qurilish, bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bajarildi. Ko‘cha va xiyobonlar, ko‘p qavatli ko‘plab turar joy binolari joriy ta’mirlandi. Festivalga oid panno va reklamalar, suratlar, elektr nuri bilan uzatiladigan yozuvlar o‘rnatildi. Folklor san’atiga oid turli ko‘rgazmalar tayyorlandi, milliy sozlar, liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalari festivalga taxt holga keltirildi. Pursiddiq majmuasi, Milliy hunarmandchilik markazi, “Yodgorlik” korxonasi kabi tarixiy joylar ta’mirlandi.
 
Festivalda Italiya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Janubiy Koreya, Malayziya, Rossiya, Hindiston, Turkiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Yaponiya, Eron, Polsha, Mongoliya, Daniya kabi yigirmaga yaqin davlatdan mehmonlar ishtirok etadi. 
 
Festival g‘oliblariga har bir nominatsiya bo‘yicha 1 o‘rin – 3 500, 2 o‘rin – 2 500, 3 o‘rin – 1 500 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofotlari, tashkiliy qo‘mita tomonidan diplomlar, sovrinlar va festival ramzlari tushirilgan esdalik sovg‘alari topshiriladi.
 

 

M. SULAYMONOV​

Поделиться