O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, neft-gaz tarmogʻini moliyaviy sogʻlomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2019-07-10 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Soʻnggi yillarda yoqilgʻi-energetika tarmogʻini kompleks rivojlantirish hamda energiya resurslariga tobora oshib borayotgan ehtiyojni taʼminlashning muhim omili boʻlgan energiya manbalarini diversifikatsiya qilish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, geologiya qidiruv ishlari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va narxlarni shakllantirish ishlarining samarasizligi respublika iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslari bilan toʻliq taʼminlanmasligiga, neft-gaz tarmogʻi korxonalari moliyaviy holatining yomonlashuviga olib keldi.

Jumladan, soʻnggi 20 yilda tabiiy gaz qazib olish hajmi 8 foizga oshgani holda mamlakat korxonalari tomonidan uni qazib olish hajmi 29 foizga pasaydi, 2008-2018yilda tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 4 foizga qisqardi, oʻtgan 5 yil davomida tabiiy gazning tabiiy zaxiralari oʻrnini toʻldirish boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich 70 foizga yaqin hajmni tashkil etdi.

2017-2018 yillarda moliyaviy mablagʻlarning yetishmasligi va moddiy-texnik resurslarning taqchilligi natijasida tabiiy gaz qazib olishning oʻsishi prognoz koʻrsatkichlariga nisbatan 42 foizni tashkil etgan xolos.

Tartibga solish funksiyalari va tijorat faoliyatini oʻzida birlashtirgan boshqaruvning eskirgan va shaffof boʻlmagan tizimi neft-gaz tarmogʻi korxonalarida zamonaviy menejmentni joriy etishga, ularning moliyaviy barqarorligi va rentabelligini oshirishga toʻsqinlik qilmoqda.

Respublika iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslariga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirish, neft-gaz tarmogʻi korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirishni taʼminlash, qabul qilingan xalqaro amaliyot asosida sogʻlom raqobatni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni va ilgʻor boshqaruv usullarini joriy etish maqsadida:

1. Xalqaro konsalting kompaniyalari va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasining neft-gaz tarmogʻini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasining neft-gaz tarmogʻini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha respublika ishchi komissiyasi(keyingi oʻrinlarda – Respublika ishchi komissiyasi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

Respublika ishchi komissiyasi (A.N.Aripov) bir oy muddatda:

a) amalga oshirilayotgan islohotlarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasining neft-gaz tarmogʻini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlasin va bunda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratsin:

uglevodorod xomashyosini qazib olish hajmlarini koʻpaytirish;

gaz-transport tizimini modernizatsiya qilish;

tabiiy gazni qazib olish, qayta ishlash, yetkazib berish va sotishni hisob-kitob va nazorat qilish ishlarini takomillashtirish;

investitsiyaviy loyihalarni tanqidiy oʻrganish va maqbullashtirish, shuningdek, ularni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish;

neft-gaz tarmogʻi korxonalarida moliyaviy intizomni mustahkamlash va narx shakllanishini takomillashtirish;

b) Oʻzbekiston Respublikasining neft-gaz tarmogʻini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining har bir yoʻnalishi boʻyicha ishchi komissiyalar tarkibini tasdiqlasin;

v) tashkil qilinayotgan ishchi komissiyalari bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasining neft-gaz tarmogʻini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlar moliya tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda – XMI/XHMT) va konsalting kompaniyalarini jalb qilish choralarini koʻrsin;

g) Energetika vazirligida boshqaruv xodimlari soni 20 shtat birlikdan oshmagan, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, XMI/XHMT texnik koʻmaklashish mablagʻlari (grantlari) hisobidan moliyalashtiriladigan neft-gaz tarmogʻini isloh qilishni muvofiqlashtirish boʻyicha loyiha ofisi tashkil qilinishini taʼminlasin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligining Osiyo taraqqiyot bankining texnik koʻmagida tayyorlangan va quyidagilarni nazarda tutuvchi “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi tizimini takomillashtirish va samarali tashkiliy tuzilmasini shakllantirish boʻyicha takliflariga rozilik berilsin:

“Oʻzbekneftgaz” AJga “Oʻzburgʻuneftgaz” AJ, “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ, “Oʻzneftmahsulot” AJ, “Oʻzneftgazmash” AJlarni qoʻshish, “Oʻzbekneftgaz” AJ ijro etuvchi apparati tarkibida tugatilayotgan boʻgʻinlarning vazifalari va funksiyalarini bajaruvchi tegishli boʻlinmalarni tashkil etish orqali tizim boshqaruvida ortiqcha boʻgʻinlarni qisqartirish;

 

“Oʻztransgaz” AJni “Oʻzbekneftgaz” AJ tarkibidan chiqarish
va “Oʻzbekneftgaz” AJning “Oʻztransgaz” AJ ustav kapitalidagi ulushini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) berish;

 

“Oʻztransgaz” AJning gaz taʼminoti boʻyicha hududiy filiallari negizida “Hududgaztaʼminot” AJni tashkil qilish va Agentlikni uning aksiyadori etib belgilash.

4. Quyidagilarga:

a) “Oʻztransgaz” AJga:

tabiiy gazni keyinchalik yagona operator sifatida yetkazib berish, jumladan, eksport va import qilish uchun gaz qazib oluvchi va qayta ishlovchi tashkilotlar, shu jumladan, mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitimlar asosida faoliyat yurituvchi qoʻshma korxonalar va xorijiy kompaniyalardan xarid qilish;

toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida magistral gaz quvuriga ulangan isteʼmolchilarga, shuningdek, “Hududgaztaʼminot” AJ bilan komissiya shartnomalari asosida gaz taqsimlash tarmoqlariga ulangan isteʼmolchilarga tabiiy gazni sotish;

b) “Hududgaztaʼminot” AJga:

gaz taqsimlash tarmoqlarini va tegishli uskunalarni xavfsiz ekspluatatsiya qoidalarining normativ talablariga rioya qilgan holda ekspluatatsiya qilish;

suyultirilgan gazni xarid qilish, yetkazib berish, saqlash hamda aholi va ijtimoiy soha obyektlariga sotish funksiyalari yuklansin.

5. Ishlab chiqarish boʻlinmalari ustidan toʻgʻridan-toʻgʻri boshqaruv oʻrnatish maqsadida neft-gaz qazib chiqarish va gazni qayta ishlash tashkilotlari yuridik shaxs tashkil etmasdan, 2-ilovaga muvofiq “Oʻzbekneftgaz” AJning tarkibiy boʻlinma (boshqarma, zavod)lari etib qayta tashkil qilinsin.

6. Ayrim tashkilotlar “Oʻzbekneftgaz” AJga va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga qoʻshish yoʻli bilan 3-ilovaga muvofiq qayta tashkil etilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Agentlik, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining quyidagi takliflari maʼqullansin:

“Oʻzneftmahsulot” AJ tasarrufidagi fermer xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatuvchi 1 381 ta avtomobilga yoqilgʻi quyish shoxobchalarini tadbirkorlik subyektlariga auksion savdolari orqali sotish hamda olis, yetib borish qiyin boʻlgan aholi punktlarida yoqilgʻi mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlashning muqobil tizimini joriy qilish;

gaz taʼminoti boʻyicha viloyat, tumanlararo (shahar) filiallariga yoki ularning uchastkalariga biriktirilgan gaz taʼminoti obyektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida gaz taqsimlash tarmoqlari va tegishli uskunalarni ekspluatatsiya qilish va isteʼmolchilarga tabiiy gazni sotish funksiyalarini bajarish uchun xususiy operatorlar boshqaruviga bosqichma-bosqich berish;

“Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarning asosiy faoliyat turi bilan bogʻliq boʻlmagan, shu jumladan, avval qabul qilingan hukumat qarorlariga muvofiq sotish koʻzda tutilgan aktivlarini, sotuvga qoʻyilgan paytdan boshlab bir oy davomida talabgorlar boʻlmagan taqdirda boshlangʻich narxni qadam-baqadam pasaytirish yoʻli bilan sotish;

“Oʻzbekneftgaz” AJ tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning bozorlar, savdo va chorvachilik komplekslari ustav kapitalidagi ulushlarini 4-ilovaga muvofiq mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga berish;

“Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarning servis tashkilotlari va boshqa tashkilotlar ustav kapitalidagi ulushlarini 5-ilovaga muvofiq Agentlikka berish;

tabiiy gazni va suyuq uglevodorodlarni qazish, qayta ishlash, tashish, uzatish va sotishning barcha bosqichlarida resurslar hisobini yuritish boʻyicha elektron uskunalarni qoʻllash orqali ularning alohida hisobi yuritilishini joriy etish;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga uglevodorod xomashyosi yangi konlarini aniqlash, zaxiralarni koʻpaytirishni taʼminlash maqsadida respublika uglevodorod xomashyosi zaxiralarini jadal rivojlantirish va qayta tiklash, geologiya qidiruv ishlarining samaradorligi va natijadorligini oshirish boʻyicha funksiyalarni berish.

8. Hozirgi bosqichdagi eng muhim vazifa sifatida quyidagilar belgilansin:

a) “Oʻzbekneftgaz” AJ uchun – 2024-yilga kelib uglevodorod xomashyosi, shu jumladan, tabiiy gaz qazib olish hajmini 42,3 milliard metr kubga va suyultirilgan gazni 1,5 million tonnaga yetkazish, shu bilan iqtisodiyot tarmoqlari va aholining ehtiyojlarini toʻliq qondirishni, shuningdek, kompaniyaning daromadi ortishini, shu jumladan, quyidagilar hisobidan taʼminlash:

investitsiya kiritishning xorijiy amaliyotda keng tarqalgan shartlari va mexanizmlari asosida qazib olinishi qiyin boʻlgan konlarda uglevodorod xomashyosini qazib olishga dunyoning yirik neft-gaz kompaniyalarini jalb qilish;

mustaqil xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda neft-gaz tarmogʻi korxonalarining operatsion samaradorligini oshirish va xarajatlarini maqbullashtirish, shuningdek, ularning qarz yuklamasini kamaytirish;

ishlab chiqilgan konlarda zamonaviy texnologiyalar asosida uglevodorod xomashyosi qazib olishning unumdorligini oshirish;

2020-2022 yillarda milliy neft-gaz tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari boʻyicha xalqaro tender savdolarida ishtirok etish uchun kamida 6 ta xorijiyneftservis tashkilotlarini jalb qilish;

xorijiy tajribani hisobga olgan holda, shu jumladan, “Raqamli kon” konsepsiyasini amalga oshirish asosida ish faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish;

xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda neft-gaz tarmogʻidagi investitsiya loyihalarini tanqidiy oʻrganish va mahalliy neft-gaz qazib oluvchi korxonalarning real moliyaviy imkoniyatlariga qarab maqbullashtirish;

b) “Oʻztransgaz” AJ uchun – shu jumladan, quyidagilar hisobiga gaz transport tizimining “zaif” jihatlarini bartaraf etish va uning tranzit salohiyatini rivojlantirish:

gaz quvurlari va kompressor stansiyalarini, shu jumladan, XMI/XHMT mablagʻlarini jalb etish orqali qurish, rekonstruksiya qilish;

yer osti gazni saqlash stansiyalarida tabiiy gazni saqlash hajmlarini oshirish;

yuqori bosimli gaz taqsimlash punktlarida tabiiy gaz oqimlarining monitoringi va boshqaruvi tizimini (SCADA) hamda avtomatlashtirilgan nazorat tizimlarini joriy etish;

v) “Hududgaztaʼminot” AJ uchun – tabiiy gazni isteʼmolchilarga yetkazishda yoʻqotishlarni, shu jumladan, quyidagilar hisobiga kamaytirish:

faoliyat koʻrsatayotgan gaz taqsimlash punktlari hamda tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish;

2022-yilga qadar Tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini barcha turdagi isteʼmolchilar uchun toʻliq joriy etish;

davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida gaz taqsimlash tarmoqlari va tegishli uskunalarni ekspluatatsiya qilish, shuningdek, isteʼmolchilarga tabiiy gazni sotish funksiyalarini bajarish uchun gaz taʼminoti obyektlarini xususiy operatorlar boshqaruviga bosqichma-bosqich berish.

9. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda:

aksiyadorlik jamiyatlarining vazifalari va funksiyalarini batafsil bayon qilgan holda “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ ustav kapitallari shakllantirilishi va taʼsis hujjatlari tasdiqlanishini;

“Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ tashkiliy tuzilmalari va ijro etuvchi apparati tuzilmalari tasdiqlanishini, ularning boshqaruv organi shakllantirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi:

a) Agentlik bilan birgalikda ikki oy muddatda “Oʻztransgaz” AJ, “Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarni qayta tashkil qilish boʻyicha har bir tadbirning aniq amalga oshirish muddati va masʼul shaxslar koʻrsatilgan chora-tadbirlar rejalarini tasdiqlasin, bunda qayta tashkil qilinayotgan “Oʻztransgaz” AJ, “Oʻzbekneftgaz” AJ tashkilotlarining aktivlari va majburiyatlarini xatlovdan oʻtkazish, korporativ boshqaruvning zamonaviy shakllarini joriy qilish, ushbu aksiyadorlik jamiyatlari kuzatuv kengashi tarkibiga mustaqil aʼzolarni jalb qilish nazarda tutilsin;

b) Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-oktyabrga qadar XMI/XHMT va xalqaro konsalting kompaniyalarining texnik koʻmagida “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻztransgaz” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJdagi rahbarlik lavozimlariga neft-gaz tarmogʻidagi yirik xorijiy kompaniyalarda yoki xalqaro boshqaruv kompaniyalarida ishlash tajribasiga ega boʻlgan menejerlarni jalb qilish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

v) 2019-yil 1-sentyabrga qadar Gaz taqsimlash tarmoqlari va tegishli uskunalarni ekspluatatsiya qilish, shuningdek, isteʼmolchilarga tabiiy gazni sotish funksiyalarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bajarish uchun gaz taʼminoti obyektlarini xususiy operatorlarga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini ishlab chiqsin, bunda, shu jumladan, investorlarni tanlash, shartnomani tuzish va bekor qilish, shuningdek, vositachilik toʻlovlari miqdorini belgilash va toʻlash, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining boshqaruvga beriladigan hududda tabiiy gaz uchun toʻlovlarni yigʻish boʻyicha vazifalarini ularga berish tartibi va investorlarga qoʻyiladigan boshqa talablar koʻzda tutilsin;

g) 2019-yil 1-sentyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan va ishlab chiqilayotgan investitsiya loyihalarining doimiy monitoringi, foydalanilayotgan konlar va quduqlar supervayzingini amalga oshirish uchun xalqaro muhandislik-maslahat kompaniyalarini jalb qilishni koʻzda tutuvchi tartibni ishlab chiqsin;

d) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, “Oʻzbekneftgaz” AJ bilan birgalikda 2019-yil 1-oktyabrga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga uglevodorod xomashyosining yangi konlarini aniqlash, zaxiralarni koʻpaytirish maqsadida respublika uglevodorod xomashyosi zaxiralarini jadal rivojlantirish va qayta tiklash, geologiya qidiruv ishlarining samaradorligi va unumdorligini oshirish boʻyicha funksiyalarni berish;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga geologiya-qidiruv ishlarini olib borish boʻyicha amaldagi loyihalarni, xatlovdan oʻtkazish natijalari boʻyicha istiqbolli uchastkalar, investitsion bloklar va uglevodorod xomashyosi konlariga doir mavjud fond va boshqa materiallarni berish;

mavjud geofizik va burgʻulash uskunalari, chuqur ilmtalab qiladigan texnologiyalar, dasturiy mahsulotlar hamda zarur maxsus va avtotransport texnikasini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilishni hisobga olib, 2020-yildan boshlab uglevodorod xomashyosi boʻyicha olib boriladigan geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish manbalari etib Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlarini belgilash.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Energetika vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda hamda XMI/XHMT va xalqaro konsalting kompaniyalarining texnik koʻmagida 2019-yil 1-noyabrga qadar qazib olish, qayta ishlash, tashish va sotish boʻyicha asoslantirilgan ekspluatatsion, operatsion va investitsiyaviy xarajatlar toʻliq qoplanishini nazarda tutgan holda, neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gaz tariflarini belgilash uslubini takomillashtirish boʻyicha hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Oʻztransgaz”AJ:

a) 2019-yil yakunidan boshlab moliyaviy hisobotlar majburiy tartibda moliyaviy hisobot yuritishning xalqaro standartlariga muvofiq tuzilishini va xalqaro auditorlik kompaniyalarini jalb qilgan holda mustaqil tashqi audit oʻtkazilishini taʼminlasin;

b) 2020-yil yakunidan boshlab quyidagilarni:

Hisob va hisobot boʻyicha xalqaro standartlar(ISAR)ning tamoyillari va talablariga muvofiq hisobot eʼlon qilishning korporativ standartlarini joriy etish;

Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (IFRS)ni qoʻllash hamda har chorakda faoliyatning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha moliyaviy hisobot tuzish va eʼlon qilish;

Global hisobot tashabbusi (GRI)ga muvofiq, shu jumladan, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik masalalar boʻyicha hisobot chop etish;

xalqaro reyting agentliklari, moliyaviy va yuridik konsultantlar bilan hamkorlikda korporativ kredit reytingini olish;

savdolar, aktivlar rentabelligi, aktivlar va majburiyatlarning aylanishi darajasi hamda boshqa koʻrsatkichlar boʻyicha xalqaro amaliyot asosida belgilanadigan minimal talablarni amaliyotga joriy etish;

Uglevodorod resurslarini boshqarish tizimi (PRMS) talablariga muvofiq uglevodorod va uning zaxiralarining hisobini olib borish, tasniflash va boshqarish xalqaro tizimini joriy etish;

xalqaro standartlarga muvofiq uglevodorod xomashyosi zaxiralarining auditini oʻtkazishni taʼminlasin;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Agentlik bilan birgalikda XMI/XHMT va xalqaro konsalting kompaniyalari koʻmagida 2024-yildan kechiktirmasdan ustav kapitallarida davlat ulushini 51 foizdan kam boʻlmagan miqdorda saqlab qolgan holda, mahalliy va xalqaro fond bozorlarida aksiyalarni birlamchi va ikkilamchi ommaviy joylashtirish orqali “Oʻzbekneftgaz”AJ va “Oʻztransgaz”AJga investorlar jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrsin.

13. Belgilab qoʻyilsinki:

“Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarning mazkur qarorning 4 va 5-ilovalarida koʻrsatilgan ulushini mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va Agentlikka berish hamda “Oʻzbekneftgaz” AJning “Oʻztransgaz” AJ ustav kapitalidagi ulushini Agentlikka berish davlatning “Oʻzbekneftgaz” AJ ustav kapitallaridagi ulushini va “Oʻzbekneftgaz” AJning oʻz tarkibiga kiruvchi tashkilotlardagi ulushini kamaytirish hisobiga balans qiymatida amalga oshiriladi;

Agentlik huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi ixtiyorida qoladigan mablagʻlardan tashqari, mazkur qarorning 5-ilovasida koʻrsatilgan aktivlarni sotishdan tushadigan mablagʻlar “Oʻzbekneftgaz” AJning kredit va majburiyatlarini qoplash uchun maqsadli sarflangan holda, “Oʻzbekneftgaz” AJ ustav kapitaliga davlat ulushi sifatida yoʻnaltiriladi;

mazkur qarorga muvofiq bir tashkilotdan boshqa tashkilotga, shu jumladan, ularning qayta tashkil etilishi va yopilishi paytida topshirilayotgan va olinayotgan mulklar, mulkiy huquqlar, xususan, aksiyalar va ustav kapitallaridagi ulushlar qiymati barcha turdagi soliqlar boʻyicha soliqqa tortish obyekti hisoblanmaydi;

“Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ va ularning tashkilotlari qimmatli qogʻozlar emissiyasi chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish yigʻimlarini va topshirilayotgan avtotransport vositalarini qayta roʻyxatdan oʻtkazishda avtotransport yigʻimlarini toʻlashdan ozod etiladi;

“Oʻzbekneftgaz” AJ tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlarning qayta tashkil qilinishi natijasida ularga qarashli yuridik shaxslarning 50 foiz va undan ortiq aksiyalariga Agentlik va “Oʻzbekneftgaz” AJning ega boʻlishi yangidan sotib olingan aksiyalar paketi hisoblanmaydi;

“Oʻzbekneftgaz” AJ “Oʻzburgʻuneftgaz”, “Oʻzneftgazqazibchiqarish”, “Oʻzneftmahsulot” va “Oʻzneftgazmash” aksiyadorlik jamiyatlarining shartnomalari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi;

“Oʻztransgaz” AJning amaldagi shartnomalari boʻyicha huquq va majburiyatlar oʻzida saqlanib qoladi;

“Oʻztransgaz” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJ oʻrtasidagi taqsimlash chegaralarida gaz hisoblash asboblarining koʻrsatkichlari va texnik holatini nazorat qilish vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi va “Oʻzstandart” agentligi zimmasiga yuklatiladi.

14. Agentlik 2020-yil 1-aprelga qadar mazkur qarorning 5-ilovasida koʻrsatilgan tashkilotlarning ustav kapitalidagi ulushlarining sotuvga chiqarilishini taʼminlasin, bunda ular ommaviy sotuvga chiqarilgan kundan boshlab uch oy ichida sotilmagan taqdirda, ayrim hollarda kuzatuv kengashining qaroriga koʻra toʻlovlarni uch yildan besh yilgacha muddatda boʻlib toʻlash imkoniyati nazarda tutilsin.

15. 2020-yil 1-iyulga qadar quyidagilar:

respublika tashqarisiga “bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash” bojxona rejimi boʻyicha olib chiqib ketilgan uskunalar (gaz generatorlari, dvigatellar, kuch turbinalari va boshqalar) ularni qayta olib kirishda bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlari bundan mustasno);

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi “2017-2021 yillarda “Oʻzbekneftgaz” AJ mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash boʻyicha davlat dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 3372-son qaroriga muvofiq “Oʻzbekneftgaz ”AJ va uning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi korxonalar tomonidan amalga oshiriladigan geologik qidiruv ishlari qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinsin.

16. Quyidagilarga:

gaz taʼminoti tashkilotlarining mulkiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 269-moddasi 1-bandida koʻzda tutilgan yuridik shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq boʻyicha soliq imtiyozlari;

2021-yilning 1-yanvariga qadar muddatga “Oʻzbekneftgaz” AJ tarkibidan chiqariladigan tashkilotlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3953-son qaroriga ilovaning 9-bandi tatbiq etilsin.

17. Qazib olinishi qiyin zaxiralarga ega ishlanayotgan konlarni tanlovlar oʻtkazish orqali, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni uglevodorod xomashyosini qazib olish hajmlaridan qaytarish sharti bilan, taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklarga ega shartnomalar asosida uglevodorod xomashyosi qazib olish boʻyicha yuqori texnologiyali xizmatlar koʻrsatish sohasida tajribaga ega boʻlgan kompaniyalar boshqaruviga topshirish amaliyotga joriy etilsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

a) bir hafta muddatda taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklarga ega shartnomalar tuzish asosida uglevodorod xomashyosini qazib olish uchun xususiy investorlar jalb etiladigan Neft va gaz konlari roʻyxatini tasdiqlasin;

b) uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020-2022 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida energiya samaradorligini oshirish dasturini qabul qilsin:

quyosh panellari va suv isitkichlar, shuningdek, isteʼmolchilar uchun energiya samarador qozonlar oʻrnatishni, shu jumladan, ularni xarid qilish xarajatlarini qisman subsidiyalash yoʻli bilan ragʻbatlantirish;

byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamgʻarmasini shakllantirish manbalarini kengaytirish;

nostandart gaz gorelka jihozlarini zamonaviy va energiya samarador gaz gorelka jihozlari bilan almashtirish;

iqtisodiyotning eng koʻp energiya sarflovchi sohalarida energiya resurslaridan oqilona foydalanish va energiya samaradorligi dasturlarini ishlab chiqish maqsadida majburiy ravishda energoaudit oʻtkazish.

19. Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, yoqilgʻi-energetika korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan 2019-2021 yillarda yoqilgʻi-energetika tarmogʻi ehtiyojlari uchun oʻzlashtirishga tavsiya etiladigan tayyor mahsulotlar, uskunalar, butlovchi mahsulotlar, ehtiyot qism va materiallar turlari, shuningdek, ularni taʼmirlash va modernizatsiyalash boʻyicha ishlar va xizmatlarning roʻyxati 6-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.

Belgilansinki, ushbu roʻyxatga kiritilgan loyihalarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4302-son qarorida koʻzda tutilgan amalga oshirish mexanizmlari va qoʻllab-quvvatlash choralari tatbiq etiladi.

20. Belgilansinki, 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab:

Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunidagi monitoring, nazorat, shaffoflik, samaradorlik va natijadorlik tahlilini taʼminlash borasidagi talablar strategik ahamiyatga ega boʻlgan, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qilishning alohida tartibi belgilangan xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar tomonidan amalga oshiriladigan davlat xaridlarining barcha turlariga nisbatan tatbiq etiladi;

davlat buyurtmachilari tomonidan tuzilgan shartnomalar reyestriga qoʻyilgan talablarga muvofiq, davlat buyurtmachisiga oʻzining yoki yuqori turuvchi organning rasmiy veb-saytida davlat xaridlarining toʻliq tavsifini keltirgan holda, ularning natijalarini eʼlon qilish majburiyati ham yuklanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi doimiy ravishda davlat xaridlari samaradorligi va natijadorligining masofaviy tahlilini, zarur hollarda joylarga chiqib olib boradi hamda maxsus davlat xaridlari axborot portali va oʻz rasmiy veb-saytlarida tahlil xulosalarini joylashtiradi;

 

yetkazib beruvchilarning ishtirok etishiga imkon berish maqsadida,
shu jumladan, import tovarlar, ishlar va xizmatlarni eng yaxshi takliflarni tanlab olish va toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar bilan xarid qilish uchun kontraktlar tuzish avvaldan davlat xaridlari maxsus axborot portalida tegishli maʼlumotlar joylashtirilgan va keyin saralash natijalari aks ettirilgan holda amalga oshiriladi.

 

21. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda barcha davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilayotgan davlat xaridlarining shaffofligini taʼminlash boʻyicha talablarni kuchaytirishni, nazorat qilishning aniq mexanizmlarini va unda jamoatchilikning faol ishtirokini ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning, shu jumladan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti hamda Jahon bankining korrupsiyaga qarshi kurashish va har yilgi “Biznes yuritish” hisoboti borasidagi tavsiyalarini joriy etishni nazarda tutgan holda, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

22. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda quyidagilarni:

2019-yil 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasining “Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisida”gi va “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi qonunlarining, shu jumladan, xorijiy investorlarga yer osti boyliklari maydonlarini taqdim etish boʻyicha tanlov (auksion) savdolarini oʻtkazishning shaffof mexanizmlarini, mahsulot taqsimotiga oid bitimlar tuzishning shartlarini, xususan, qazib olingan uglevodorod xomashyosining Oʻzbekiston Respublikasiga tegishli boʻlgan qismini ichki bozorga yetkazib berish boʻyicha talabni koʻzda tutuvchi yangi tahrirdagi loyihalarini;

ikki oy muddatda xalqaro mutaxassis va ekspertlarni jalb etgan holda, taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklarga ega shartnomalar asosida uglevodorod xomashyosini qazib olishning huquqiy asoslarini belgilab beruvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

23. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi “Neft-gaz tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–3107-son qarorining 1–4, 7 va 8-bandlari hamda 1–16 ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

25. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflarni kiritsin.

26. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 9-iyul

 
 

Поделиться