O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kosonsoy tumani xalq ta’limi bo‘limiga yangi mudir tayinlandi
2019-07-08 | Ta’lim
Namangan viloyati, Kosonsoy tuman markazida tashkil etilayotgan “Yashil xiyobon” hududida xalq ta’limi tizimida faoliyat yurituvchi texnik xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish holati o‘rganib chiqildi.
Xalq ta’limi vazirining Huquqiy-nazorat xizmatining o‘rganishi natijasiga ko‘ra, 2019 yil 28 iyun kuni “Obod markaz” Davlat dasturi asosida har bir ta’lim muassasasiga 10 metrdan joy ajratilib, direktorlarga beton quyish hamda obodonlashtirish ishlarini bajarish yuzasidan topshiriq berilgan.
Topshiriqqa asosan, 29 iyun kuni tuman xalq ta’limi tizimining 80 nafar texnik ishchi xodimlari yangi barpo etilayotgan “Yashil xiyobon” hududida “shanbalik” niqobi ostida eni 1,5-2 metr, uzunligi 410 metr joyga beton quyish va obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb etilganligi ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risi”gi 2018 yil 14 avgustidagi PQ-3907-son qarori va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xalq ta’limi boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2018 yil 5 sentyabrdagi PF-5538-son farmoniga muvofiq Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tizimdagi ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va ishchi-xodimlarini faoliyatiga tegishli bo‘lmagan ishlarga, ya’ni obodonlashtirish, dala ishlari, paxta yig‘im-terimi, majlislarda qatnashish, obuna, uyma-uy yurish va boshqa tadbirlarga jalb etilmaslik vazifalari yuklatilgan.
Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasi bo‘yicha Kosonsoy tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi F.N. vazifasidan ozod etildi. M.Alloxonova Kosonsoy tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasiga tayinlandi.
Kosonsoy tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 80 nafar ishchi xodimlari majburiy mehnatga jalb etilganligi uchun mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori nomiga joriy yilning 4 iyul kuni xat yuborildi.
Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilarning shikoyatlarini qabul qiluvchi virtual inspektorni ishga tushirgan. O‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilganida, huquqlari buzilganda yoki turli to‘lovlarga majburlangan holatlarda ovoz.uzedu.uz sayti yoki +998 99 988 10 06 telefoni va telegram raqamiga murojaatlarini yuborishlari mumkin.