O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonni Yaponiyada targʻib qilayotgan vatandoshimiz munosib ragʻbatlantirildi
2019-07-08 | Turizm
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-oktyabrdagi “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3982-sonli hamda 2018-yil 6-fevraldagi “Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3509-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashabbusi bilan Yaponiyadagi oʻzbek diasporasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonning turizm salohiyati targʻib qilinmoqda.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashabbusi bilan Yaponiyadagi oʻzbek diasporasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonning turizm salohiyati targʻib qilinmoqda.
Taʼkidlash joizki, Yaponiyaning Nagoya shahrida doimiy istiqomat qilayotgan, Xorazm viloyatida tavallud topgan vatandoshimiz – “FANUZ” assotsiatsiyasi raisi Bunyodbek Ibragimov Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan yaqindan hamkorlik aloqasini oʻrnatib, Oʻzbekistonning turizm salohiyatini Yaponiya jamoatchiligi orasida faol targʻib qilmoqda.
Xususan, 2019-yilda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi koʻmagi ostida Bunyodbek Ibragimov “Mobac Show Exhibition” koʻrgazmasida va “Matsuri” festivalida faol ishtirok etib, Oʻzbekistonning turizm salohiyatini taqdimot qildi, shuningdek, mamlakatimiz turizm imkoniyatlarini aks ettiruvchi targʻibot materiallarini tarqatdi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston “Silk Road” savdo markazini ochishda, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi taqdim etayotgan targʻibot mahsulotlarini Nagoya shahrining metro vagonlari va bekatlarida joylashtirish boʻyicha shartnomalar imzolanishida va boshqa shu kabi tadbirlarni amalga oshirishda faol qatnashdi. Oʻzbekistonning turizm salohiyatini Yaponiyada targʻib qilayotgan vatandoshimizni munosib ragʻbatlantirish maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Bunyodbek Ibragimovning xonadoniga uning ota-onasiga minnatdorchilik bildirish uchun tashrif buyurildi.
Tashrif davomida Bunyodbek Ibragimovning ota-onasiga Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi tomonidan bildirilgan tashakkurnoma hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalar taqdim etildi. Shuningdek, uchrashuv davomida Bunyodbek Ibragimov bilan “Imo” ijtimoiy tarmogʻi orqali onlayn bogʻlanib, unga ayni paytda iqtisodiyotimiz, ayniqsa turizm sohasini rivojlantirish, Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatidagi oʻrnini oshirish hamda uning rivojlangan mamlakatlar bilan munosabatlarini mustahkamlashda munosib va sezilarli hissalarini qoʻshib kelayotganligi uchun chuqur minnatdorchilik bildirildi