O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston delegatsiyasi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” uchrashuvida ishtirok etdi
2019-07-08 | Siyosat
2019-yilning 7-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” shaklidagi 15-vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi.
Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat idoralari rahbari turli sohalardagi mintaqalararo aloqalarning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Yevroittifoqning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya Vitse-prezidenti Federika Mogerini o‘z nutqida 17-iyun kuni tasdiqlangan YIning Markaziy Osiyodagi yangi Strategiyasiga alohida urg‘u berdi.
Vazir Abdulaziz Kamilov yig‘ilishdagi nutqida YIning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi Strategiyasida ifodalangan maqsadlar va vazifalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga to‘liq mos kelishini qayd etdi. Vazir Yevroittifoqning mintaqamiz mamlakatlari iqtisodini diversifikatsiyalash va raqabatbardosh qilishni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligiga yuqori baho berdi.
“O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida YI bilan samarali va konstruktiv hamkorlik qilishga qat’iy sodiq”, - dedi Vazir.
O‘zbekistonning ustuvor sohalarda, jumladan Kengaytirilgan sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolash orqali Yevroittifoq bilan aloqalarni jadallashtirish tarafdori ekanligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, Yevropa biznesi hali foydalanilmagan ulkan salohiyatni ishlatishi va 100 milliondan ortiq aholiga ega Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bozoriga chiqishi mumkin.
Markaziy Osiyodagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning deyarli 60 foizi xom-ashyo sanoatiga yo‘naltirilganligini inobatga olib Vazir investitsion loyihalarni axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya, moliyaviy xizmatlar, mashinasozlik, kimyo sanoati va qayta tiklanadigan energiya manbaalari kabi sohalarga qayta yo‘naltirishni taklif qildi.
Abdulaziz Kamilov mintaqadagi aloqalar mavzusiga to‘xtalar ekan, davlatimiz rahbari olib borayotgan tashqi siyosatning asosiy g‘oyasi Markaziy Osiyoni umumiy barqarorlik, xavfsizlik va taraqqiyot hududiga aylantirish ekanligini ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan Markaziy Osiyodagi mamlakatlar rahbarlarining umumiy siyosiy irodalari tufayli o‘zaro ishonch muhiti mustahkamlanayotgani juda muhimdir. Bu ko‘plab jiddiy mintaqaviy muammolar, birinchi navbatda xavfsizlik, chegaralar delimitatsiyasi va demarkatsiyasi, ekologiya, transchegaraviy suv manbalaridan oqilona foydalanish bilan bog‘liq masalalarga salmoqli va uzoq muddatli yechimlar topishga imkon beradi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Yevropa Ittifoqi bilan Afg‘oniston bo‘yicha samarali hamkorlikni, xususan savdo, infratuzilma, transport va kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirishni alohida qayd etdi.
O‘z nutqida Vazir madaniy-gumanitar sohada ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirish istiqbollariga batafsil to‘xtaldi.
Vazirlar uchrashuvi yakunlariga ko‘ra Qo‘shma kommyunike qabul qilindi.