O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
MDH Turizm kengashi yigʻilishi va I turistik yarmarkasi oldidan Matbuot anjumani boʻlib oʻtdi
2019-07-05 | Turizm
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi joriy yilning 9-10-iyul kunlari Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) Turizm kengashining yigʻilishi oʻtkazilishi haqida xabar bergan edi.
5-iyul kuni Toshkentdagi “Poytaxt” xalqaro biznes markazida ushbu tadbir hamda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oʻtayotgan MDH mamlakatlari I turistik yarmarkasiga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov, Xalqaro aloqalar va protokol boshqarmasi boshligʻi Nadira Berdimuratova hamda uning oʻrinbosari Feruz Dodiyev, Ilmiy tadqiqotlar va taʼlim muassasalari bilan ishlash boshqarmasi boshligʻi Anvar Allabergenovlar ishtirok etishdi.
Tadbir doirasida soha vakillari Samarqandda oʻtadigan MDH Turizm kengashi yigʻilishi va Birinchi turistik yarmarkasiga doir maʼlumotlar bilan boʻlishishdi, shundan soʻng ommaviy axborot vositalari vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga berishdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulovning so’zlariga ko’ra ikki kunlik tadbir amaliy natijalarga boy boʻladi. Tadbir doirasida shuningdek “MDH davlatlarida turizm va mintaqaviy hamkorlik: yangi chaqiruvlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar ham o’tkazilib, unda ilmiy doira vakillari ishtirok etadi hamda turizmdagi mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilinadi va soha rivoji yo’lidagi muammolar oʻrganilib, ularga yechimlar izlanadi.
“Ushbu seminar doirasida, shuningdek, “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti bilan hamkor oliy taʼlim muassasalari tegishli taqdimotlari bilan qatnashishlari kutilmoqda”, - deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi v.v.b.Abdulaziz Aqqulov.
MDH mamlakatlari turistik jozibadorligini oshirish va soha vakillarining faol ishtirokini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan 2018-yilning 10-11-avgustida Dushanbe (Tojikiston) shahrida boʻlib oʻtgan MDH mamlakatlari Turizm kengashi yigʻilishi doirasida navbatdagi tadbirni Samarqand shahrida oʻtkazish taklif qilingan edi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi hamda Vazirlar Mahkamasining MDH mamlakatlari Turizm kengashi yigʻilishini Samarqandda oʻtkazishga doir topshirigʻiga muvofiq, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan MDH mamlakatlari Birinchi turizm yarmarkasini oʻtkazish boʻyicha loyiha ishlab chiqildi. Loyihaga koʻra, mazkur yarmarkaning MDH mamlakatlari Turizm kengashi tadbiri doirasida tashkil etilishiga kelishildi.
Mazkur format MDHga aʼzo mamlakatlarning turistik salohiyati bilan yaqindan tanishish, Hamdoʻstlikdagi turizm sektoring muhim trendlari va yangiliklarini almashish, turizm tashkilotlari va biznes vakillari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni kuchaytirish uchun qulay sharoit yaratadi.
Tadbirning asosiy maqsadi MDH mamlakatlari oʻrtasida qoʻshma turizm loyihalarni sonini orttirish, “hamkorlik va ahil qoʻshnichilik” ruhini qoʻllab-quvvatlashdan iborat. MDH Turizm kengashi yigʻilishi va I turistik yarmarkasi tashkilotchilari – Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, MDH Ijro qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi.