O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston “Hollivud”i qayerda quriladi?
2019-07-05 | Madaniyat
Onlayn nashrimizda davlat rahbarining oʻtgan yilgi tegishli qarori asosida yurtimizda “Uchta shahar” (“Xalq diplomatiyasi shahri”, “Etnoshahar”, “Kinoshahar” ) kompleksi paydo boʻlishi haqida xabar bergan edik.
Prezidentimizning kuni kecha eʼlon qilingan qarori loyihasida mazkur majmua uchun Toshkent viloyati Fayzobod mahallasidan 116,5 gektar maydon ajratilishi koʻrsatib oʻtildi.
Ushbu loyiha bilan maxsus tashkil etilgan Uzbekistan Film Holding MCHJ(muassislari “Oʻzbekkino” agentligi, Turizmni rivojlantirish boʻyicha davlat qoʻmitasi va Intellect Enterprise kompaniyasi) shugʻullanadi. Kompaniyaga yer uchastkasi 49 yil va ushbu muddatni uzaytirish imkoniyati bilan bepul beriladi.
Loyihada, shuningdek, kompaniyaga 2029-yil 31-dekabriga qadar soliq va bojxona imtiyozlari berilishi belgilangan.
Tegishli ravishda belgilangan uchastka hududidagi oilalar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni koʻchirish, turar joylar, noturar binolar va inshootlarni buzish, shuningdek, zararni qoplash boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilish Toshkent viloyati hokimligi zimmasiga yuklatiladi.
“Uchta shahar” nima degani?
Prezidentimizning 2018-yil 24-iyuldagi “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida mazkur loyiha Oʻzbekistonning boy madaniy-tarixiy qadriyatlarga ega dunyoviy davlat sifatidagi imidjini xalqaro arenada ilgari surishga aniq yoʻnaltirilgan milliy kinematografiyani rivojlantirish, shuningdek, turizmni ravnaq toptirish, investitsiyalarni jalb etishga qaratilgani belgilab berilgan.
Oʻshanda uni yaratish uch bosqichga boʻlingan edi.
Birinchi bosqich – 2019-yil 1-sentyabrigacha. 18 million dollar yoʻnaltiriladi.
“Xalq diplomatiyasi shahri”: oltita madaniyat markazi, Prezidentlar alleyasi, Buyuk Ipak yoʻli koʻchasi, sunʼiy togʻli va qator-qator sharsharali shoirlar bogʻi, ochiq osmon ostidagi muzey, “Sevishganlar bogʻi”, kafe va restoran.
“Etnoshahar”: Amir Temur saroyi xiyoboni, favvoralari va bogʻi bilan, oltita etnohovli, kafe va restoran, suvenir rastalari, eski koʻchalar, minora, shahar darvozasi majmuasi.
“Kinoshahar”: suratga olish uchun pavilyon, kinomahalla, biznes-markaz, xiyobon hududi va boshqalar.
Ikkinchi bosqich: 2020-yilning 1-sentyabrigacha. 82 million yoʻnaltiriladi.
“Xalq diplomatiyasi shahri”: toʻqqizta madaniyat markazi, ochiq konsert zali, koʻrgazma majmuasi, kafe va restoranlar, mehmonxona, toʻrtta muzeyli muzey maydoni, kinematografiya markazi.
“Etnoshahar”: 13 ta etnosaroy, ikkita mehmonxona, 10 ta kafe va restoran, 20 ta suvenirlar rastasi, “Labi Hovuz” eski koʻchalari majmuasi, ikkita etnomehmonxona, Ulugʻbek rasadxonasi, beshta oʻtov, ikkita minora, uchta shahar darvozasi va boshqalar.
“Kinoshahar”: mehmonxona, toʻrtta pavilyon, biznes markazning ikkita bloki, kinomahalla (20 ta villa, 200 ta taunxaus, 75 xonali koʻp kvartirali turarjoy), kinoakademiya, supermarket, xususiy maktab va bogʻcha, stadion, xiyobon va boshqalar.
Uchinchi bosqich: 2021-yil 1-sentyabrgacha. 42 million dollar yoʻnaltiriladi.
“Xalq diplomatiyasi shahri”: kafe va restoran, mehmonxona, sport obyektlari(futbol maydoni, kortlar va boshqalar).
“Etnoshahar”: ikkita mehmonxona, kafe va restoranlar, karvonsaroy.
“Kinoshahar”: kovorking markazi, kinomahalla(18 tataunxaus, 77 xonali turarjoy), miniippodrom, ishlab chiqarish sexi.
Mablagʻlar manbalari
Asosiy mablagʻ manbalari – davlat byudjeti, “Etnomir”(Rossiya), WHITECO Harvest Investion (Kipr), Royal Holding Orbit Group LLC (BAA) kabi kompaniyalardan xorij investitsiyalari va boshqalardir.