O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ilk bor Oʻzbekistonda xususiy sektor ilm-fanga oid grant loyihalarini moliyalashtirish uchun dastlabki investitsiya kiritdi
2019-07-03 | Fan
Joriy yilning 2-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Buyuk Britaniyaning PETROMARUZ kompaniyalar guruhi oʻrtasida neft-gaz sohasi, toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi hamda qurilish materiallari sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Respublikamizda ilmiy faoliyat asosan davlat byudjet mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi. Ilmiy tadqiqot ishlarining jadal suratlarda rivojlanishiga erishish, xususiy sektorning moliya va iqtisodiy imkoniyatlarini ilm-fan taraqqiyotiga jalb qilish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi PETROMARUZ kompaniyasi bilan neft-gaz, sement ishlab chiqarish, toʻqimachilik sanoati, inert qurilish materiallarini qazib olish, yoʻl qurilishi, qurilish konstruksiyalarini tayyorlash, qishloq xoʻjaligi sohalarini rivojlantirishda hamkorlik oʻrnatdi. Muzokaralar natijasida dastlabki hamkorlikdagi ilmiy-texnik loyihalar tanlovlari uchun PETROMARUZ kompaniyalar guruhi 3—4 mlrd .soʻm va yil oxirigacha 15 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻlar ajratishga, vazirlik ham oʻz navbatida xuddi shunday miqdordagi ulush kiritishiga kelishildi.
Bugungi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi PETROMARUZ bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlari yoʻnalishlarini aniqlab, oʻzaro moliyalashtirish uchun tematik ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar tanloviga loyihalar mavzulari shakllantirdi. Xususan, neft va yoqilgʻi sohasida 5 ta, paxtani qayta ishlash bilan bogʻliq 3 ta, arxitektura va qurilish sohasida 3 ta, jami 11 ta ilmiy-tadqiqot loyihalari mavzulari shakllantirildi. Bu vazirlik va kompaniya oʻrtasidagi hamkorlikning birinchi bosqichi boʻlib, keyinchalik turli sohalar boʻyicha yana loyihalar tanlovlari eʼlon qilib boriladi.
Memorandumga koʻra, ilmiy tadqiqotlarning xarajatlarining 50 foizi vazirlik tomonidan davlat byudjeti hisobidan toʻlansa, qolgan 50 foizi kompaniya hisobidan qoplanadi. Taʼkidlash joizki, rivojlangan mamlakatlarda ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirishning salmoqli qismi – taxminan 60 foizi sanoat kompaniyalar ulushiga toʻgʻri keladi. Oʻzbekistonda esa bu koʻrsatkich atigi 8 foizni tashkil etadi.
– Bu yurtimiz ilm-faniga xususiy sektor tomonidan bildirilgan katta ishonchdir, – dedi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – Xususiy biznesdan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun investitsiyalarning kiritilishi vazirligimiz oʻz oldiga qoʻygan vazifalardan biri, yaʼni ilm-fan, ishlab chiqarish va tadbirkorlik integratsiyasining yaqqol misolidir. Hozirda yurtimizda klasterlar tizimini rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilmoqda, mana shu klasterlarga aniq loyihalar ustida ishlayotgan olimlarning biriktirib qoʻyilishi klasterlarning rivojiga zamin yaratadi.
Sanoatning asosiy tarmoqlarida faoliyat yuritadigan oʻnlab korxonalarni oʻzida birlashtiruvchi PETROMARUZ kompaniyalar guruhining Direktorlar kengashi raisi Murtazo Raxmatov klasterlar tizimi ishlab chiqarishni yangi bosqichga koʻtarayotganini taʼkidladi. Xususan, Buxoroda tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasteri qisqa muddatlar davomida oʻz samaradorligini namoyish etdi.
– Klaster tuzilishidan avval 35 kishi faoliyat yuritayotgan korxonada bugunda minglab odamlar ish bilan band, – dedi Murtazo Raxmatov. – Amalga oshirayotgan ishlarimizni yanada samarali amalga oshirish uchun olimlarning yordami kerak. Negaki, bugungi texnologiyalar tez rivojlanib borayotgan davrimizda ilm-fan natijalarini qoʻllamay samaradorlikni oshirish, ishlab chiqarishdagi muammolarni bartaraf etish mumkin emas.
Yurtimiz iqtisodiyotiga har tomonlama hissa qoʻshib kelayotgan kompaniyalar guruhining tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlashi, ularning natijalarini ishlab chiqarishga joriy qilinishi iqtisodiyotning muayyan tarmoqlarini yangi bosqichga olib chiqadi, uning natijasida ishlab chiqarish samaradorligi oʻsadi, yangi ish oʻrinlari tashkil etilib, aholi yashash sifati oshadi.