Qadrli doʻstlar!
Avvalo siz, azizlarni kasb bayramingiz – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Sizlarga oʻzimning samimiy hurmatim, ezgu tilaklarimni bildirib, mashaqqatli va olijanob faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Barchamizga yaxshi ayonki, matbuot, ommaviy axborot vositalari ishi hamma zamonlarda ham ogʻir va masʼuliyatli boʻlgan. Mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, soʻz va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi davrda bu masʼuliyat yanada kuchaymoqda.
Bugungi kunda dunyo shiddat bilan oʻzgarmoqda. Barcha sohalar kabi axborot olish va uni yetkazish, taʼsirchan jamoatchilik fikrini shakllantirish borasida ham raqobat keskin tus olmoqda. Bunday murakkab sharoitda hayot yangi-yangi talab va vazifalarni oldimizga qoʻymoqda.
Shularning barchasini hisobga olib, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish, milliy media makonda turli mulk shakli hamda siyosiy-ijtimoiy yoʻnalishdagi ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat koʻrsatishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Global tarmoqda Uz domenli veb-saytlar, axborot portallari soni tobora koʻpayib, ular turli tillarda ish yuritmoqda.
Yangicha sharoitda axborot sohasidagi davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida sobiq Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etilganidan xabaringiz bor.
Ushbu agentlik tomonidan ommaviy axborot vositalari faoliyatini muvofiqlashtirish, jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, xorijiy media kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, chet el veb-resurslari va saytlaridan toʻliq foydalanish imkoniyatini yaratish, bir soʻz bilan aytganda, axborot maydonidagi fikrlar xilma-xilligini taʼminlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Maʼlumki, hozirgi kunda tobora tezkor va koʻptarmoqli sohaga aylanib borayotgan ommaviy axborot vositalari uchun global media makonda keskin raqobatga dosh bera oladigan, faol grajdanlik pozitsiyasiga ega zamonaviy kadrlar tayyorlash oldimizda turgan eng muhim vazifadir. Ana shu zaruratni hisobga olgan holda tashkil etilgan Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti anʼanaviy bilim va koʻnikmalar bilan birga, innovatsion tafakkur, sohaga oid texnologiyalarni, xorijiy tillarni puxta egallagan kadrlar tayyorlash boʻyicha respublikamizdagi yetakchi oliy taʼlim muassasasiga aylanadi, deb ishonamiz.
Keyingi paytda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida hayotimizdagi ijobiy oʻzgarishlar tahlili, sogʻlom tanqidiy ruh kuchayib borayotgani alohida eʼtiborga loyiq.
Chunki bunday tendensiya islohotlarimiz samarasini oshirishga, jamoatchilik nazoratini, fuqarolarimizning ijtimoiy faolligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, barcha darajadagi rahbar va mutasaddilarni el-yurt fikri bilan, zamon talablari bilan hisoblashgan holda ishlashga oʻrgatadi.
Albatta, oʻzining bilim va salohiyatiga, ishchanlik fazilatlariga ishongan rahbar tanqiddan qoʻrqmaydi, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni xalq bilan muloqotning samarali vositasi, deb biladi. Aslida ham bunday muloqot taraqqiyotimizni taʼminlaydigan eng asosiy omillardan biridir.
Ayni vaqtda barchamiz bir haqiqatni unutmasligimiz zarur: axborot maydonidagi turli bahs va tortishuvlar, avvalo, haqqoniylik va xolislik tamoyillariga asoslanishi, qonun va odob qoidalari doirasida boʻlishi, shaxsiy gʻaraz va xusumatga, soxta obroʻ orttirish usuliga aylanib ketmasligi, inson shaxsi va shaʼnini tahqirlashdan yiroq boʻlishi, bunday salbiy holatlarga bizning media maydonimizda mutlaqo oʻrin boʻlmasligi kerak.
Hayotga doimo sergak koʻz bilan qaraydigan, xalq va Vatan manfaatini hamma narsadan ustun qoʻyadigan siz, matbuot ahli, oʻylaymanki, bu haqiqatni har tomonlama chuqur anglaysiz.
Yana bir bor taʼkidlab aytmoqchiman, hayotimizdagi bugungi ulkan oʻzgarishlar, islohotlarimiz mantigʻi barchamizdan yangicha ishlashni, yangi gʻoya va tashabbuslar bilan maydonga chiqishni talab etmoqda.
Shu maʼnoda, ommaviy axborot vositalarining moddiy-texnik bazasini, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, milliy matbuotimizning xalqaro maydonda munosib oʻrin egallashiga erishish, Internet jurnalistikasini rivojlantirish, noshirlik ishi, kitob savdosi, obuna va targʻibot masalalarida butun dunyoda oʻzini oqlagan bozor mexanizmlarini keng joriy etish, ochiqlik va sogʻlom raqobat sharoitida ishlashga oʻrganish boʻyicha birgalikda hali koʻp ish qilishimiz kerak.
Oʻz navbatida, biz ommaviy axborot vositalarining faoliyat erkinligi kafolatlarini mustahkamlash, jurnalistlarning mashaqqatli mehnatini munosib baholash va ragʻbatlantirish, jamiyatda demokratik prinsiplar, fikrlar va qarashlar rang-barangligini taʼminlash borasida olib borayotgan ishlarimizni albatta izchil davom ettiramiz.
Aziz va muhtaram doʻstlar!
Siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda koʻpsonli barcha muxlis va mushtariylaringizni bugungi qutlugʻ bayramingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, yangi ijodiy yutuqlar, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev