O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qonunchilik palatasi qo‘mitasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hisoboti tinglandi
2019-06-21 | Turizm
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining 2019-yil 26-martdagi Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va ularning qo‘mitalari majlislarida 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va davlat qo‘mitalari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlarida ko‘rsatilgan topshiriqlarning bajarilishi bo‘yicha vazirliklar hamda davlat qo‘mitalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish jadvali”ga muvofiq, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunga asosan 2019-yil 19-iyun kuni Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining hisoboti tinglandi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.b. Abdulaziz Aqqulov O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar geografiyasini kengaytirish va turistik oqim salmog‘ini oshirish maqsadida 10 ta maqsadli mamlakat – Benilyuks mamlakatlari, Germaniya, Isroil, Hindiston, Indoneziya, Xitoy, Malayziya va Rossiya bo‘yicha “Yo‘l harita”lari ishlab chiqilib, tasdiqlangani va ijroga qaratilganini qayd etdi.
O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini oshirish maqsadida eng zamonaviy texnologiyalar va marketing kanallari orqali mamlakat turizm salohiyati reklama qilinayotganligi, xorijiy OAV nashrlarida mamlakatda o‘tkazilayotgan islohotlar va turizm salohiyati haqida 100 dan ortiq material nashr qilinganligi, MICE-turizm bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi, mahalliy hokimliklar bilan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida yirik korxona va tashkilotlarga industrial turizm bo‘yicha grafiklar ishlab chiqilib, tasdiqlangani yuzasidan batafsil hisobot berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoevning turizm sohasidagi farmon va qarorlari mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida turizmni jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish, hududlarning ulkan turizm salohiyatidan yanada to‘liq va samarali foydalanish imkonini bermoqda. Sohaga investitsiyalarni faol jalb qilish, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni joriy etish hamda O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi va tabiiy boyliklarini targ‘ib etishga turtki bermoqda. Natijada yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimi yildan-yilga ko‘paymoqda.
Deputatlar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi maqsadli vazifalarining yutuqlari va faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlarida ko‘rsatilgan 10 banddagi va kichik bandlardagi vazifalarning dastlabki besh oylik ijrosi o‘z vaqtida va to‘liq bajarilganligi, erishilgan aniq natijalarning belgilangan ko‘rsatkichlarga mosligiga alohida e’tibor qaratishdi. Jumladan, 2018 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan 5,3 million xorijiy turistlar sonini 2019 yilda 5,9 millionga yetkazish belgilangan bo‘lsa, joriy yilning 1-choragida xorijiy turistlar 1,38 million kishini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga (972 ming kishi) nisbatan 42 foizga o‘sgan.
Taqqoslaydigan bo‘lsak, 2018 yilning yanvar-may oylarida 1 848 726 nafar xorijiy turist kelgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar-may oylarida bu ko‘rsatkich 2 421 347 nafarni tashkil etgan, ya’ni o‘tgan yilning shu davriga nisbat 572 621 nafar ko‘p sayyoh kelgan, ya’ni ko‘rsatkich 30 foizga o‘sgan.
Turistik xizmatlar eksporti 2018 yilda 1 041 million AQSh dollari bo‘lgan bo‘lsa, 2019 yilda 1 301 million dollarga etkazish belgilangan. Turizm xizmatlari eksporti 2019 yilning 5 oylik davomida 467,5 million AQSh dollarini tashkil qilib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga (368,5 mln. dollar) nisbatan 126,9 foizga oshdi.
Qo‘mita eshituvida deputatlar tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisiga qator savollar berildi. Jumladan, ular mehmonxonalar yetishmovchiligi, gidlar xizmati sifati, sohadagi kadrlar masalasi bilan bog‘liq muammolarga oid savollar berib, tegishli javoblarni olishdi.
Deputatlar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekistonda turizm sohasida band bo‘lgan aholi sonini keskin oshirish, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini sezilarli o‘sishi, turizm sohasidagi qonun hujjatlarini o‘z vaqtida va sifatli qabul qilinishini ta’minlash, turizm sohasiga axborot kommunikatsion texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish hamda Butunjahon turizm va sayyohlik kengashi (WTTC) reytingidagi pozitsiyamizni ko‘tarishga e’tibor qaratishi lozimligi ta’kidlashdi.
Qo‘mita eshituvi yuzasidan Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining tegishli qarori qabul qilindi.