21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Maminni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida o‘zaro manfaatli hamkorlik jadallashib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
O‘z navbatida, Asqar Mamin Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev va Prezident Qasim-Jomart Toqayevning salomlari va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda qardosh mamlakatlarimiz rahbarlari darajasidagi muntazam uchrashuvlar va ishonchga asoslangan muloqot ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga xizmat qilib, ularni aniq amaliy mazmun bilan boyitgani ta'kidlandi.
Bugun ilk bor hukumat rahbarlari darajasida o‘tkazilgan Hukumatlararo komissiya majlisi savdo, investisiyalar, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, turizm va boshqa yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni ilgari surishning samarali mexanizmi ekani qayd etildi.
Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish, jumladan, O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasidagi qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishga alohida e'tibor qaratildi.
Qozog‘iston Bosh vaziri Asqar Mamin ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va oliy darajada erishilgan kelishuvlarni so‘zsiz ro‘yobga chiqarish borasidagi intilishi qat'iy ekanini ta'kidladi.