O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bangladesh Prezidenti: “O‘zbekistonda o‘tkazgan ajoyib kunlarim bir umrga xotiramda muhrlanib qoladi”
2019-06-20 | Turizm
19-iyunda O‘zbekistonda Bangladesh Xalq Respublikasi prezidenti boshchiligidagi delegatsiyani kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yuqori martabali mehmon O‘zbekistonga tashrifdan katta taassurotlar bilan qaytayotganini, o‘zbek xalqining butun dunyoga dong‘i taralgan mehmondorchiligiga shaxsan guvoh bo‘lganini ta’kidladi.
“O‘zbekistonda o‘tkazgan ajoyib kunlarim xotiramda abadiy muhrlanib qoladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev hamda butun o‘zbek xalqiga ko‘rsatilgan samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildiraman”, - dedi Bangladesh Prezidenti.
Ta’kidlash joizki, Bangladesh Xalq Respublikasi Prezidenti Abdul Hamid Samarqandga tashrifi davomida Imom Al-Buxoriy majmuasida bo‘lib, butun islom olami Buxoriyni yaxshi bilishi va uni yuksak qadrlashini ta’kidladi. Prezident Abdul Hamid mazkur majmua qurilishi tarixi hamda uning hayoti va faoliyatiga oid ma’lumotlarni katta qiziqish bilan tingladi.
Bangladesh rahbari Imom Al-Buxoriy kabi islom sivilizatsiyasining buyuk vakillarini xotirlashda muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish juda muhim ekanini qayd etdi. Shu o‘rinda O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi muntazam yo‘lovchi reyslarni qayta tiklash masalasi muhokama qilinganini ma’lum qildi.
“Ta’kidlash lozimki, biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi muntazam yo‘lovchi reyslarini qayta tiklash masalasini muhokama qildik. Mening fikrimcha, bu o‘zaro sayyohlar almashinuvi, jumladan, ziyorat turizmi bo‘yicha aloqalarni rivojlantirish uchun turtki bo‘lib xizmat qiladi”, - dedi Abdul Hamid.
Yuqori martabali mehmon Imom Al-Buxoriy majmuasini ziyorat qilishdek baxtga musharraf bo‘lganidan baxtiyor ekanini ta’kidladi.
“Bangladeshda yashovchi har bir musulmon bu maskanda bo‘lishni orzu qiladi. Afsuski, hamma ham bunday imkoniyatga ega emas”, - dedi u.
Abdul Hamid majmuaning ilmiy-tadqiqot eksponatlari bilan yaqindan tanishib chiqdi. U loyiha muallifi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ekanini bilgach, davlat rahbarining bu ishi katta ehtiromga loyiq ekanini alohida ta’kidladi va Prezidentning bu kabi tashabbuslarini yuqori baholadi.
Prezident Abdul Hamid Imom Al-Buxoriyning ilm istagida amalga oshirgan sayohatlari geografiyasi unda katta taassurot qoldirganini aytdi.
“Bangladesh xalqi bu maskanni ziyorat qilishdan behad shod bo‘ladi. O‘zbekiston Hukumatiga Islom olamining shunday muqaddas qadamjolarini ziyorat qilish uchun taqdim etgan imkoniyati va ko‘rsatgan ehtiromi uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman”, - dedi u.
Prezident Abdul Hamid Imom Al-Buxoriy majmuasida Quron tilovat qildi.
Ziyorat so‘nggida tomonlar o‘zaro sovg‘alar bilan almashishdi.