O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Navoiylik yosh olimning ilmiy tadqiqoti dunyoning yetakchi ilmiy markazlarida qiziqish bilan oʻrganilmoqda
2019-06-20 | Fan
Navoiylik yosh olimning ilmiy tadqiqoti dunyoning yetakchi ilmiy markazlari va oliy taʼlim muassasalarida katta qiziqish bilan oʻrganilmoqda.
Jahon konchilik amaliyotida foydali qazilmalarni yer ostida tanlab eritmaga oʻtkazish uning anʼanaviy usullardan koʻra bir qator afzalliklarga ega ekanligi amalda isbotlangan. Mazkur usul konchilik korxonalarining qurilishida xarajatlarni kamaytirish, qurilish muddatini qisqartirish, ishlab chiqarish unumdorligini oshirish imkonlarini taqdim etadi.
Uranga boʻlgan ehtiyojning jadal surʼatda oshib borishi soha olimlari oldiga noanʼanaviy texnologiyalarni yaratish boʻyicha yangi-yangi vazifalarni qoʻymoqda. Shuning uchun sust oʻtkazuvchi va suvga kam toʻyingan uran maʼdanlarini yangi texnologiyalar boʻyicha qazib olish bugungi kunning dolzarb ilmiy-texnik muammolaridan biri hisoblanadi.
Bu borada Navoiy davlat Konchilik institutining yosh olimi Shuhrat Aliqulov professor Quvondiq Sanaqulov ilmiy maslahatchiligidagi “Sust oʻtkazuvchi uran rudalarini yer ostida tanlab eritish texnologiyasini ishlab chiqish va jadallashtirish” mavzusida texnika fanlari doktori ilmiy darajasidagi (DSc) dissertatsiyasi muhim yangilik boʻldi.
- Uran maʼdanlarini qazib olish jarayonlari yildan yilga murakkablashib bormoqda, - deydi Qozogʻiston milliy texnika universiteti faxriy professori, texnika fanlari doktori Baurjan Duysebayev. – Maʼlumki, maʼdanlarni yer ostida tanlab eritmaga oʻtkazish usulida qazib olish muammo tugʻdiradi. Yosh olimning bu boradagi izlanishlari sulfat kislotaning solishtirma sarfini kamaytirib, mineral xomashyo bazasining ortishini taʼminlaydi.
Tadqiqotning obyekti sifatida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining uran konlari tanlandi. Ilmiy tadqiqot dunyoning yetakchi ilmiy markazlarida va oliy taʼlim muassasalari katta qiziqish bilan oʻrganilmoqda. Navoiy kon-metallurgiya kombinatining markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi va Navoiy davlat Konchilik institutida olib borilgan nazariy-tadqiqot sanoat tajribalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Olim tomonidan suvga kam toʻyingan va sust oʻtkazuvchi uran konlarini qazib olish ilmiy asoslari yaratildi, matematik modellashtirish asosida kengaytirilgan blok-sxema ishlab chiqildi va uranni yer ostida tanlab eritmaga oʻtkazish jarayonida filtrlanish va qazib olish darajasini boshqarishning kompyuter modeli yaratildi.
Mazkur texnologiya kombinatining 5-kon boshqarmasida uranni yer ostida tanlab eritmaga oʻtkazish jarayonida amaliyotga qoʻllanildi. Natijada uning samaralari oʻlaroq ishlab chiqarish koeffitsiyenti ancha oshdi.