O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonning Turkiyadagi fuqarolari diqqatiga
2019-06-20 | Jamiyat
Oxirgi vaqtlarda, jumladan 2019-yil 18-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston fuqarosi tomonidan eski biometrik pasportlar bilan bog‘liq xabar tarqatildi. Unda bildirilishicha, “Turkiyaning Migratsiya idorasi (Göç İdaresi) eski biometrik (yashil rangli) pasportlarga ega fuqarolarimiz uchun mazkur mamlakatda vaqtincha turish hujjatini 2019-yilning 1-noyabr kunigacha bo‘lgan muddatga rasmiylashtirmoqda hamda undan keyingi muddatlar uchun yangi biometrik (qizil rangli) pasportlar talab etilmoqda”.
Hurmatli vatandoshlar!
Shu munosabat bilan, Elchixona ma’lum qiladiki, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yil namunasidagi biometrik pasporti (yashil rangli)Turkiyada bo‘lish va harakatlanish uchun mazkur pasportning amal qilish muddati tugaguniga qadar haqiqiy hisoblanadi. Bu haqida, Turkiyaning tegishli mutasaddi tashkilotlari O‘zbekistonning Anqaradagi Elchixonasi tomonidan Turkiya Tashqi ishlar vazirligi orqali rasman xabardor qilingan.
Mazkur masalada, muammo chiqqan holatlarda, fuqarolarimizning Elchixona konsullik bo‘limiga murojaatlari asosida konsullik bo‘limi Turkiyaning tegishli idoralari bilan qo‘shimcha tarzda aloqaga kirishi natijasida ko‘p hollarda masala ijobiy hal etilgan. Shuning bilan birgalikda, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yil namunasidagi biometrik pasporti (yashil rangli) Turkiyada bo‘lish va harakatlanish uchun mazkur pasportning amal qilish muddati tugaguniga qadar haqiqiy hisoblanishi” to‘g‘risida Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga takroran rasmiy nota yuborilgan.
Zikr etilgan xabarlarda keltirilgan “O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi Elchixonasi tomonidan noto‘g‘ri nota yuborilgan”, “eski biometrik pasportlar muddati tugaguncha amalda bo‘lishi Turk tomoniga bildirilmagan”, “yangi nota yuborish uchun Ramazon ta’tillarining o‘tishi kutilgan” kabi iddaolar haqiqatga ziddir.
Hozirda O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi Elchixonasi ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Turkiyaning tegishli idoralari bilan muzokaralar olib bormoqda.
Bu jarayon davomida foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi Elchixonasi tomonidan Turkiyaning tegishli idoralariga taqdim etish mumkin bo‘lgan rasmiy ma’lumotnoma tayyorlanib quyida ilova qilinmoqda. Uni fuqarolarimiz tegishli idoralarda erkin qo‘llashlari mumkin.
Shuning bilan birgalikda, zarurat tug‘ilgan holatlarda fuqarolarimiz O‘zbekiston Respublikasining Anqara shahridagi Elchixonasi konsullik bo‘limiga yoki/hamda Turkiyaning Istanbul shahridagi O‘zbekiston Respublikasining Bosh konsulxonasiga bevosita murojaat qilishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Anqara shahridagi Elchixonasi konsullik bo‘limiga telefon orqali maslahatlar olish uchun (0312) 441-17-46 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin. Shoshilinch va favqulodda vaziyatlarda dam olish kunlari Elchixona navbatchi (0312) 441-38-71 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin. El.pochta manzili: uzconsul.ankara@gmail.com. Faks: +90 312 442 70 58.
O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga telefon orqali maslahatlar olish uchun (+90212) 323-20-37 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin. Bosh konsulxona manzili: Levent Mah. Levent Cad. Lale Sok. No:8 Beşiktaş / İSTANBUL. Telefon: +90212 323 20 37. Faks: +90212 312 20 40. El.pochta manzili: uzbekconsul@yahoo.com.
Fuqarolarimizga qulaylik ta’minlash maqsadidi Elchixona va Bosh konsulxonada navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, murojaatlar doimiy ravishda, shu jumladan dam olish kunlari ham o‘z faoliyatini davom ettirmoqdadir.
Qadrli vatandoshlar!
Elchixona va Bosh konsulxona Turkiyadagi fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilishda o‘z faoliyatini samaradorligini oshirish uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Biz Sizlardan bu borada amaliy hamkorlikni kutib qolamiz. Tegishli taklif va mulohazalaringiz uchun oldindan minnatdorchilik bildiramiz.
Xorijiy yurtda o‘zaro hamjihatlik, bir-birimizga yordam, mushtarak hurmat va ishonch asosida muloqot qilish, tekshirilmagan ma’lumotlar, noto‘g‘ri xabarlarning noo‘rin tarqatilishini birgalikda oldini olish muammolarni tezkor va samarali hal etishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishiga ishonamiz.