Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligida hududlarda faoliyat koʻrsatayotgan bir guruh xodimlarga suv sathi va sarfini bir vaqtda oʻlchaydigan maxsus uskunalarni tantanali topshirish marosimi oʻtkazildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh.Hamroyev va boshqalar sohada suv xoʻjaligini rivojlantirish, fermer va dehqon xoʻjaliklari hamda qishloq hududlarida suvdan foydalanish samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli saʼy-harakatlar oʻz samarasini berayotganini taʼkidladi.
Suv xoʻjaligi vazirligi BMT Taraqqiyot dasturi bilan turli loyihalar boʻyicha hamkorlik qilib keladi. Shulardan biri Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Oʻzbekistonning qishloq joylarida suv resurslarini barqaror boshqarish: texnik salohiyatni mustahkamlash (2 komponent)” qoʻshma loyihasidir.
Ushbu loyiha doirasida 2018-yilda Sirdaryo – Soʻx, Quyi Sirdaryo, Zarafshon, Amu – Qashqadaryo, Amu – Surxon va Oʻng qirgʻoq – Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tizimidagi pilot hududlarga moʻljallab 6 dona “SonTek S5” rusumli dopler-profilograf suv oʻlchash uskunalari xarid qilindi. Joriy yilning mart oyida pilot hududlarning suv xoʻjaligi tashkilotlari mutaxassislari uchun mazkur uskunalardan foydalanish boʻyicha maxsus oʻquv kurslari uyushtirildi.
– Bugungi kunda suv resurslaridan samarali foydalanish nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda dolzarb masala hisoblanadi, – deydi Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi rahbari, elchi Eduards Stiprays. – Bu uskunalar innovatsion texnologiya boʻlib, suv sarfini aniq oʻlchash bilan birga undan oqilona foydalanishga ham xizmat qiladi.
BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskaning taʼkidlashicha, 2050-yilga borib dunyo aholisi soni 9,8 milliarddan oshishi kutilmoqda. Oʻzbekistonda ham muttasil oʻsish kuzatilayapti. Oʻz oʻrnida, aholi sonining koʻpayishi suvga boʻlgan talabning ortishiga olib keladi. Shunday ekan, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda shu kabi yangi uskunalardan, zamonaviy suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishga oʻtish davri keldi.
Mazkur uskuna yirik kanallar, daryolar va 15 metrgacha chuqurlikdagi suv omborlarida ishlatiladi. Oqim tezligi, yoʻnalishi, suv sarfi haqidagi maʼlumotlarni koʻrsatadi. Shuningdek, kanal oʻzani va suv omborlari tubida loyqa toʻplanish hajmini aniqlash imkoniga ega. Bundan tashqari, daryo va kanallarda oʻzan jarayonlari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda qoʻl keladi.
Tadbirda tashkilotchilar tomonidan zamonaviy suv oʻlchash uskunasi soha xodimlariga topshirildi. Texnologiyaning afzalliklari, undan foydalanish haqida fikr-mulohazalar bildirildi.