“Toshkent” avtovokzaliga Xitoyning “Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd.” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 68 ta YUTONG avtobusi olib kelindi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda soʻzga chiqqan Transport vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Mahkamov, XXRning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan va boshqalar Oʻzbekistonda aholiga sifatli transport xizmati koʻrsatish borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Toshkent” avtovokzali tubdan rekonstruksiya qilinib, ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlandi. Mehmonxona, ona va bola, tibbiyot xonalari, savdo doʻkonlari, ayollar va erkaklar uchun alohida namozxonalar tashkil etildi. 31 perron va 80 avtobus uchun joy mavjud. Vokzalda bir vaqtning oʻzida 2 mingdan ziyod yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi. Mahalliy va xalqaro yoʻnalishlarda qatnovlar yoʻlga qoʻyildi.
– Mahalliy fuqarolarimiz va xorijlik sayyohlarga zamonaviy xizmat koʻrsatish, ularni manziliga xavfsiz va qulay sharoitlarda yetkazishga alohida eʼtibor qaratayapmiz, – dedi “Uzautotrans Service” kompaniyasi bosh direktori Saidrahim Ikromov. – Shu maqsadda Xitoyning “Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd.” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 100 ta avtobus olib kelgan edik. Bugun ular qatoriga yana 68 ta qoʻshildi. 51 yoʻlovchiga moʻljallangan bu avtobuslarda yoʻlovchilar uchun barcha qulayliklar bor. Yumshoq oʻrindiqlar tepasida havo deflektori, individual yoritish chiroqlari, konditsioner, karnay joylashgan, telefonni quvvatlash qurilmasi mavjud. Bu yoʻlovchilarga juda qoʻl keladi. Ularning xavfsizligini taʼminlash uchun kuzatuv kameralari oʻrnatilgan.
Taʼkidlanishicha, hozirda “Toshkent” avtovokzalidan Samarqand, Buxoro, Yangiyer, Zomin, Jizzax, Qarshi, Qorakoʻl, Gagarin, Termiz, Urganch, Denov kabi 11 shaharlararo va Qozogʻistonning Taraz, Turkiston, Ushkunur, Olmaota shaharlariga xalqaro yoʻnalishlarda muntazam avtobus qatnovlarini amalga oshirmoqda.
Tez kunlarda Qirgʻiziston, Tojikiston, Rossiya va Qozogʻistonning yana boshqa shaharlariga xalqaro avtobus qatnovlarini yoʻlga qoʻyish rejalashtirgan.
Tadbirda “Uzautotrans Service” MCHJ korxonasi va Xitoyning “Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd.” kompaniyasi oʻrtasida haydovchi hamda texnik xodimlarning malakasini oshirish borasida ilmiy-texnik hamkorlik qilish boʻyicha memorandum imzolandi.
Manba: O'zA