O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida AXBOROT
2019-06-18 | Siyosat
2019 yil 18 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.
Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisini joriy yilning 21 iyun kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Yalpi majlis kun tartibiga mamlakatimiz taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichida belgilangan maqsadlar va vazifalarni amalga oshirishga, barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlashga, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari kiritilgan.
Yangi tahrirdagi “Turizm to‘g‘risida”gi, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi, “Qurol to‘g‘risida”gi, “Xalqaro mehnat tashkilotining 1930 yildagi Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-sonli Konventsiyasiga Bayonnomani (Jeneva, 2014 yil 11 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.
Yalpi majlisda Navoiy viloyatining Navoiy shahri va Karmana tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqiladi.
Senatorlar tomonidan Sirdaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti ham eshitiladi.
Senat a’zolari Istiqbolli turizm yo‘nalishida O‘zbekiston xalqaro imijini oshirish choralari to‘g‘risida, Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarida qonun hujjatlari ijrosi holati to‘g‘risida hukumatga parlament so‘rovlari yuborish masalasini muhokama qiladilar, shuningdek ilgari yuborilgan parlament so‘rovlari natijalarini ko‘rib chiqadilar.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinadi.
Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining yigirmanchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun ishchi guruh tuzildi.
Shuningdek, majlisda Kengash vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.