O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Namangan viloyatida ikki yilda “egizak” GESlar bunyod etildi

2019-06-18 | Iqtisodiyot

Katta Fargʻona kanali suvidan uning 80 yillik tarixi davomida faqat irrigatsiya maqsadlarida foydalanilgan boʻlsa, endilikda u ekologik toza va arzon energiya manbaiga aylanmoqda.

Gap shundaki, ushbu yirik suv magistralining Uchqoʻrgʻon tumanidan oʻtgan qismida kichik GESlar kaskadi qurib bitkazildi. Buning uchun atigi ikki yil kerak boʻldi, xolos.

— Qurilishga 2017-yilning iyun oyida kirishgan edik, — deydi loyiha bosh pudratchisi “Toʻpalang HPD Building” unitar korxonasi direktori Fayzulla Asadov. — 793 ming kub metr tuproq ishlari, 57,6 ming kub metr beton ishlari, shuningdek, 1776 tonna armatura va boshqa ishlar bajarilib, obyektda belgilangan muddatda bunyod qildik. Ishchi-xodimlarimizning sohada boy tajriba toʻplagani, 52 ta maxsus texnika va yirik mashinalardan unumli foydalanilgani qoʻl keldi, albatta.

Soha mutaxassislarining aytishicha, kichik GESlar kaskadi Namangan viloyatida mustaqillik yillarida qurilgan birinchi gidroenergetika inshooti hisoblanadi.

Texnik nazoratchi Abdullajon Hojimirzayevning fikricha, ular sugʻorish tizimiga aslo xalal bermaydi. Chunki GESlar uchun Uchqoʻrgʻon kanali oʻrnida 4,5 kilometrlik maxsus kanal qurildi. Tubining eni sakkiz, chuqurligi 4,36 metrga teng ushbu oʻzanga Katta Fargʻona kanalidan soniyasiga 84 kub metr suv olinib, elektr energiyasi hosil qilishda foydalaniladi-da, soʻngra obihayot yana kanalga quyiladi.

Chindan ham, kanal qoshidagi egizak GESlar oʻta zamonaviy. Ular Xitoyning “Dongfang Electric” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan soʻnggi rusumdagi texnologik uskunalar bilan jihozlanmoqda. Bugungi kunga qadar xorijdan umumiy ogʻirligi 936 tonnani tashkil etadigan toʻrtta agregat olib kelindi. Har biri oʻn minglab detallardan tarkib topgan ushbu qurilmalar montajchi-mutaxassislarning besh oy davomidagi tinimsiz mehnati evaziga deyarli yigʻib boʻlindi.

— Kompaniyamiz dunyoning 60 dan ortiq davlatlariga oʻz uskunalarini yetkazib beradi, — deydi “Dongfang Electric” kompaniyasi vakili Li Chun Guang. — Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilayotganimizga esa 10 yil toʻldi. Xususan, ushbu yangi GESlarga yetkazib berilgan agregatlar foydalanish muddatining yuqoriligi bilan alohida ajralib turadi. Sababi, ulardan 40 yil davomida foydalanish mumkinligini aytayotgan boʻlsak-da, amalda 80-100 yil bemalol ishlatish mumkin.

Kichik GESlar kaskadining umumiy qiymati 31 million AQSH dollariga teng. Shundan 22,3 million dollari “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati, qolgan qismi esa Xitoy Xalq Respublikasining “Eksimbanki” tomonidan moliyalashtirildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, bu xarajatlar 8,5 yil ichida toʻliq qoplanadi. Negaki, tarkibida ikkita kichik GESni birlashtirgan mazkur obyektning quvvati 12 MVtga teng. Bu yiliga 72,89 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, deganidir. Boshqacha aytganda, shuncha quvvat 48 mingta xonadon yoki Uchqoʻrgʻon tumanini elektr energiyasi bilan toʻliq taʼminlash uchun yetarlidir.

Поделиться