O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammitidagi nutqi
(Dushanbe shahri, Tojikiston Respublikasi, 2019 yil 15 iyun)
Muhtaram Emomali Sharipovich!
Hurmatli delegasiyalar rahbarlari!
Xonimlar va janoblar!
Tojikiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Emomali Rahmonga Sammitni yuksak darajada tashkil etgani uchun alohida minnatdorlik izhor qilmoqchiman.
Bugungi kunda Kengash Osiyoda umumiy va bo‘linmas xavfsizlik hududi yaratish uchun nufuzli xalqaro platforma hisoblanadi.
Hurmatli Sammit ishtirokchilari!
Zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimi tobora ortib borayotgan beqarorlik va kutilmagan hodisalar bilan izohlanadi.
Ulkan iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega Osiyo qit'asi mamlakatlari jiddiy xatarlarga duch kelmoqda.
Bu, avvalo, ekologiya, demografiya, migratsiya, hayot va ta'lim darajasi pastligi muammolaridir. Ular ijtimoiy nizolarning asosiy manbai, ekstremizm va terrorizm mafkurasi tarqalishi uchun sharoit yaratadigan muhitdir. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi radikallashuv jarayoni tashvish uyg‘otadi.
Biroq eng muhimi, bugungi kunda jahon ishonch inqiroziga yuz tutmoqda. Zero, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi ishonch xavfsizlik va barqarorlikning eng muhim shartidir.
Barchamiz jahon kuch markazlari o‘rtasida raqobat kuchayib borayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Boz ustiga, ayrim ekspertlar, u hatto oshkora qurolli to‘qnashuvga aylanib ketish ehtimolini ham inkor etmaydi.
Eng dahshatlisi, jamoat ongida ushbu global xatarning ulkan xavfini his qilish susayib bormoqda.
Nazarimizda, ishonch inqirozini bartaraf etish va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida, birinchi navbatda, inson kapitalini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish zarur.
Shu munosabat bilan o‘zaro hurmat va jamoaviy mas'uliyatga asoslangan kengashimiz faoliyati har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Hurmatli delegasiyalar rahbarlari!
Osiyoda ishonch muhiti va xavfsizlikni yanada mustahkamlash uchun quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish muhim.
Birinchidan, Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish Osiyo mintaqasidagi barqarorlikning muhim omili hisoblanadi.
Biz tinchlikka erishishga qaratilgan har qanday formatdagi muzokaralarni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Bu borada Rossiya, Xitoy va Qo‘shma Shtatlar ishtirokida Afg‘oniston bo‘yicha uch tomonlama uchrashuvlar natijalarini mamnuniyat bilan qayd etamiz.
Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va ushbu mamlakatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish butun mintaqa uchun yangi strategik imkoniyatlar yaratishini alohida qayd etmoqchiman.
Ikkinchidan, yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoit yaratish, ularning radikallashuviga qarshi kurashish va sifatli ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirish ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Bizning tashabbusimiz bilan BMT Bosh Assambleyasining “Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyusiyasi qabul qilingan, shuningdek, Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya ishlab chiqilmoqda.
Biz fan, ta'lim sohalari va madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlikning muvofiqlashtiruvchisi bo‘lishga tayyormiz. Xalq diplomatiyasi doirasidagi aloqalarni, jumladan, turizm bo‘yicha forumlarni tashkil etish orqali faollashtirishni muhim deb hisoblaymiz. Shubhasiz, bu xalqlarimiz o‘rtasidagi ishonch va o‘zaro anglashuvning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Uchinchidan, dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, ma'rifat va madaniyatlarni o‘zaro boyitish masalalari bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishni taklif qilamiz.
Xususan, Toshkentdagi O‘zbekiston islom sivilizasiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi buning uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
To‘rtinchidan, o‘zaro iqtisodiy aloqalar va mintaqaviy savdoni rivojlantirish borasidagi sa'y-harakatlarni kuchaytirish lozim.
Bunda, avvalo, butun mintaqaning tranzit va iqtisodiy salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish imkonini beradigan ustuvor infratuzilma loyihalari haqida so‘z bormoqda.
Beshinchidan, sheriklikni biznes darajasida rivojlantirish barqaror iqtisodiy taraqqiyot drayveri hisoblanadi.
Hamkorlik konsepsiyasiga muvofiq, ushbu sohada Kichik biznes bo‘yicha mintaqaviy forum ta'sis etishni taklif qilamiz.
Va nihoyat, bugungi kunda tobora keskin tus olayotgan ekologik xatarlar ham xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga jiddiy tahdiddir. Orol muammosi global miqyosdagi ekologik va gumanitar halokatdir. U allaqachon Orolbo‘yi aholisi genofondi, hayoti va sog‘lig‘i bilan bog‘liq ayanchli oqibatlarga olib keldi.
Orol inqirozi oqibatlarini bartaraf etish uchun sa'y-harakatlarni birlashtirish lozim, deb hisoblaymiz.
Ayni shu maqsadda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT shafeligida donorlik mablag‘larini jalb qilish va Orolbo‘yi mintaqasida aniq loyihalarni amalga oshirish uchun ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondi tashkil etildi.
Muhtaram delegasiyalar rahbarlari!
Hurmatli Kengash ishtirokchilari!
Barchamiz xavfsizlik – yaxlit tushuncha va ishonch esa uning fundamental asosi ekanini yaxshi anglaymiz.
Bu borada Osiyo mintaqasidagi hamkorlikning mavjud dinamikasini saqlab qolish muhim.
Hamkorlikda izlanish va o‘zaro manfaatli qarorlar qabul qilish tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta'minlash singari ezgu maqsadlarimizga erishish imkonini beradi.
E'tiboringiz uchun rahmat.