O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazirlikning navbatdagi Hayʼat majlisi boʻlib oʻtdi
2019-06-15 | Texnologiyalar
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining navbatdagi kengaytirilgan Hayʼat majlisi boʻlib oʻtdi. Unda “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUK hamda “UZDIGITAL TV” MCHJning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati va xizmatlar hajmini kengaytirish boʻyicha amalga oshirayotgan ishlari toʻgʻrisida”gi masalalar atroflicha koʻrib chiqildi.
Dastlab “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUKning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati, amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalari toʻgʻrisidagi axborot tinglandi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan Hayʼat majlisida “RRTM” DUK tomonidan respublika miqyosida teleradiouzatish tarmogʻini ekspluatatsiya qilish, texnik vositalar ishlashining barqarorligi va uzluksizligini taʼminlash, xizmatlar sifatini taʼminlash, muammoli holatlar yuzaga kelishining oldini olish boʻyicha joriy faoliyatida bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani qayd etildi.
Hayʼat yigʻilishida, shuningdek, “UZDIGITAL TV” MCHJ moliyaviy-xoʻjalik faoliyati, xizmatlar koʻlamini oshirish, abonentlar sonini koʻpaytirish, dilerlik tarmogʻini kengaytirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va rejalari toʻgʻrisida hisobot berildi.
Muhokamalar chogʻida “UZDIGITAL TV” tomonidan raqamli televideniye xizmatlari asosan Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisiga koʻrsatilishi, qolgan hududlarda abonentlar soni kamligi, “UZDIGITAL TV” MCHJ xizmatlari turlarini oshirish hamda abonentlar sonini koʻpaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotgani taʼkidlandi.
Hayʼat majlisida koʻrilgan masalalar yuzasidan vazirlikning tegishli boshqarma va boʻlimlari, Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mutasaddilarining “RRTM” DUK va “UZDIGITAL TV” MCHJ faoliyatidagi mavjud masalalar toʻgʻrisida fikrlari tinglandi.
Kun tartibiga koʻra, Hayʼat majlisining tegishli qarori qabul qilindi. Unga asosan, “RRTM” DUK va “UZDIGITAL TV” MCHJ faoliyati qoniqarsiz deb baholanib, ish faoliyatida yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun har ikki korxona rahbariyatiga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash hamda lavozimiga loyiqlik masalasini koʻrib chiqish tavsiya etildi.