O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Shavkat Mirziyoyev: Xavfsizlik - bo‘linmas, ishonch esa uning fundamental asosidir

2019-06-15 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammitida nutq so‘zladi hamda ishtirokchi mamlakatlarning tinchlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirish borasidagi sa'y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimi tobora ortib borayotgan beqarorlik va kutilmagan hodisalar bilan izohlanayotganini ta'kidladi. Ulkan iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega Osiyo qit'asi mamlakatlari jiddiy xatarlarga duch kelmoqda. Bu, avvalo, ekologiya, demografiya, migratsiya, hayot va ta'lim darajasi pastligi muammolaridir. Ular ijtimoiy nizolarning asosiy manbai, ekstremizm va terrorizm mafkurasi tarqalishi uchun sharoit yaratadigan muhitdir. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi radikallashuv jarayoni tashvish uyg‘otadi.
 
- Bugungi kunda jahon ishonch inqiroziga yuz tutmoqda. Aslida, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi ishonch xavfsizlik va barqarorlikning eng muhim shartidir, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Nazarimizda, ishonch inqirozini bartaraf etish  va xavfsizlikni mustahkamlash uchun birinchi navbatda inson kapitalini rivojlantirishga qulay sharoitlar yaratish zarur. Shu munosabat bilan o‘zaro hurmat va jamoaviy mas'uliyatga asoslangan kengashimiz faoliyati har qachongidan ham muhim bo‘lib bormoqda.
 
 
Davlatimiz rahbari xavfsizlik bo‘linmas, ishonch uning fundamental asosi ekanini qayd etdi.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tinchlikka erishishga qaratilgan har qanday formatdagi muzokaralarni qo‘llab-quvvatlashini ta'kidladi. Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va ushbu mamlakatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish butun mintaqa uchun yangi strategik imkoniyatlar ochadi.
 
 
Yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning radikallashuviga qarshi kurashish va sifatli ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirish ham barqarorlik va farovonlikning muhim shartlaridan.
 
Prezidentimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining “Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyusiyasi qabul qilingani, shuningdek, Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya loyihasi ishlab chiqilmoqda.
 
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari O‘zbekiston fan, ta'lim sohalaridagi va madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlikning muvofiqlashtiruvchisi bo‘lishga tayyor ekanini bildirdi. Mamlakatimiz xalq diplomatiyasi doirasidagi aloqalarni, jumladan, turizm bo‘yicha forumlarni tashkil etish orqali faollashtirishni muhim deb hisoblaydi.
 
"Shubhasiz, bu xalqlarimiz o‘rtasidagi ishonch va o‘zaro anglashuvning oshishiga xizmat qiladi", - deb ta'kidladi Prezidentimiz.
 
Shavkat Mirziyoyev dinlararo hamjihatlikni saqlash, ma'rifat va madaniyatlarni o‘zaro boyitish masalalari bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.
 
Toshkentdagi O‘zbekiston islom sivilizasiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi buning uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkinligi ta'kidlandi.
 
Iqtisodiy o‘zaro bog‘liklik va mintaqaviy savdoni rivojlantirish borasidagi sa'y-harakatlarni kuchaytirish lozimligi qayd etildi. Bunda avvalo butun mintaqaning tranzit va iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini beradigan ustuvor infratuzilma loyihalariga e'tibor qaratish lozim. 
 
"Sheriklikni biznes darajasida rivojlantirish barqaror iqtisodiy taraqqiyot drayveri hisoblanadi. Ushbu sohada Hamkorlik konsepsiyasiga muvofiq Kichik biznes bo‘yicha mintaqaviy forumni ta'sis etishni taklif etamiz", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
Davlatimiz rahbari bugungi kunda tobora keskin tus olayotgan ekologik xatarlar ham xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga jiddiy tahdiddir. Orol muammosi global miqyosdagi ekologik va gumanitar halokatdir. Shu munosabat bilan ushbu fojia oqibatlarini bartaraf etish uchun sa'y-harakatlarni birlashtirish lozim. Ayni shu maqsadda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT shafeligida donorlik mablag‘larini jalb etish va Orolbo‘yi mintaqasida aniq loyihalarni amalga oshirish uchun ko‘psheriklik asosidagi Trast fondi tashkil etildi. 
 
Muhokamalar yakunida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash beshinchi sammitining deklaratsiyasi qabul qilindi.

Поделиться