O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muzokaralar yakuniga ko‘ra kompaniya ro‘yxatga olindi
2019-06-13 | Iqtisodiyot
2019-yilning 11-iyun kuni Gollandiyaning Halal Correct Certification BV kompaniyasi bosh menejeri Abdulfattoh Ali Salah boshchiligidagi delegatsiya Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.
Tashrif O‘zbekistonning Benilyuks davlataridagi Elchixonasi tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 28-fevral – 1-mart kunlari Namangan viloyatiga amalga oshirgan safari chog‘ida bergan topshiriqlarini bajarish doirasida tashkil etildi.
Halal Correct Certification BV Yevropa va dunyoning boshqa mintaqalarida kushxonalar va oziq-ovqat sanoati korxonalarini sertifikatlashtiradi va halol mahsulotlarni ishlab chiqarishda tegishli jarayonlarni qo‘llash sohasida tan olingan ekspert hisoblanadi.
Tashrif chog‘ida Gollandiya delegatsiyasi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan qabul qilindi.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida “Halal Correct Certification Uzbekistan” kompaniyasi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Kompaniya laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazish va “Halal”, “Organic”, “Global GAP” sertifikatlarini berishga oid amaldagi qonunchilikdan kelib chiqqan holda mahsulotlarni sertifikatlashtirish uchun tashkil etildi.
Muzokaralarda ta’kidlanganidek, halol mahsulotlarni ishlab chiqarish nafaqat hududlarda, balki butun respublikada qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish uchun istiqbolli imkoniyatlarni taqdim etadi va tashqi bozorlarga chiqishga sharoit yaratadi.