O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Suriyadan qaytgan ayollar Prezidentga murojaat bilan chiqdi

2019-06-13 | Jamiyat

“Tongda koʻzlarimni ochaman atrof tinch, xayol surish, orzu-niyatlar qilish mumkin. Kechagina urush – jahannamda edim, orzu qilish u yoqda tursin, koʻzlarimni ochishga-da qoʻrqar edim...”

Suriyadan qaytgan, bugun Oʻzbekiston fuqaroligi pasportini olgan 16 yoshli Samiyaning soʻzlari... 
 
Gul nima ekanini umrida koʻrmagan bolalar borligini bilasizmi? 
 
Oʻt-oʻlanlarni yeyishga yaroqli ozuqa deb tushungan bolalarni-chi? Yaqindagina Suriyadan qaytgan bolalar urush oʻchoqlarida sarson-sargardon yurib, ocharchilikda oʻt-oʻlanlarni qovurib-qaynatib yeb kun koʻrishga majbur boʻlishgan ekan.
Tugʻilgandan urushdan boshqa narsani koʻrmagan 1,5 yoshli qizchaning onasi uni bir haftalar oʻtib, odamlarga qoʻshilishni oʻrgangani va oʻt yeyishni tashlaganini aytadi. 
 
Urush dahshatlarida onalar bagʻrilariga otilib yurgan bolalar bugun onalari bagʻridan qochib chiqib oʻynab yuribdi.
 
“Suriya qamoqxonalarida farzandli boʻldim”
 
Andijonlik 25 yoshlar atrofidagi ayolning aytishicha, u Suriyadagi qamoqxonada farzandini dunyoga keltirgan. Bir yarim yoshga toʻlay degan bolakay Oʻzbekistondan yordam borguncha yorugʻ olamni koʻrmagan va qamoqxonaning qorongʻi, zax xonalarida katta boʻlgan.
Yana bir urush oʻchogʻidan qaytgan vatandoshimiz “Tinch hayot nima ekanini unutgan edik. Koʻz oʻngimizda qanchadan-qancha odamlar jon berdi. Yaralanganlarga yordam berish, nobud boʻlganlarni koʻmish ham xavfli edi”, deydi. 
 
Oʻn kundan ortiq kun davomida “urush oʻchogʻi”dan qaytgan maktab yoshidagi bolalar bilan shugʻullangan psixolog Barno Qurbonovaning aytishicha, bolalar avvaliga yorugʻlikka, tinch hayotga koʻnikishlari ogʻir boʻlgan. Ularda yana tinch hayot ortidan qoʻrqinchli kunlar keladi, degan xavotir boʻlgan. Ularga Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan velosiped va boshqa oʻyinchoqlar sovgʻa qilingach, oʻyinchoqlarga ham sekin koʻnika borishgan. Bolalarda qoʻl matorikasi rivojlanmagan boʻlsa-da, koʻpchiligi arab, ingliz tillarini oʻzga yurtda yaxshi oʻzlashtirgan. Bir haftalar ichida bolalar salom berishni, soʻrashishni oʻrganishdi, deydi amaliyotchi psixolog.
Suriyadan qaytgan ayollarning koʻpchiligi bugun yana oʻsha urush dahshatlarini yodga olishni istashmadi. Kechagi kunlari dahshatli tushdek, ortda qolganidan xursand boʻlib, Damashqda Oʻzbekiston bayrogʻi tasviri tushirilgan samolyotni koʻrishlari bilan unga eson-omon yetib olishni Allohdan soʻrab yolvorishganini aytishadi. 
 
“Oʻzbekiston samolyotini koʻrib, ichimda umid uygʻondi. Shu samolyotga yeta olarmikanman, degan qoʻrquv meni tark etmasdi. Samolyotga chiqib, Toshkentga kelgach esa hammasi ortda qolganiga ishondim”, deydi yangiyoʻllik yana bir ayol. 
 
Ular moddiy yordam bilan taʼminlanadimi?
Bugun bu dahshatlar ortda qoldi. 100 dan ortiq vatandoshlarimizga ruhiy-ijtimoiy yordam koʻrsatilib, 11-12-iyun kuni ularga pasport va tugʻilganlik haqida guvohnomalar topshirildi. 
 
Yurtdoshlarimizni oʻz uylariga kuzatish uchun viloyat hokimligi, Xotin qizlar qoʻmitasi vakillari yetib keldi. Oʻzga yurtda sarson-sargardonlikda boʻlgan hamyurtlarimizga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 16 yoshgacha boʻlganlarga 1 million, undan kattalarga 2 million soʻm miqdorida pul mablagʻlari topshirildi. 
 
Viloyat hokimligi tomonidan bolalarni uy manzili boʻyicha bogʻcha, maktabga joylash ayollarni hunarga oʻrgatish va ish bilan taʼminlash masalalari hal etilishi belgilandi.
Fuqarolik pasportlarini qoʻlga kiritgan ayollar tikuvchilik, oshpazlikka oʻqish, ishga joylashish borasidagi rejalari borligini aytishdi. Tugʻilganlik haqida guvohnoma olgan oʻsmirlar qaysi oʻquv yurtida tahsil olishni ham rejalashtirishga ulgurishibdi. 
 
Suriyadan qaytgan yurtdoshlarimizga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni topshirish marosimida qatnashgan Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimovning aytishicha, urush oʻchoqlaridan qaytgan hamyurtlarimizga xalqaro konvensiyalarda koʻrsatilgan huquqiy meʼyorlar asosida yordam koʻrsatilgan.
“Suriyadan qaytgan fuqarolarimizni jamiyatimizga integratsiya qilish boʻyicha BMT va UNISEFning yuqori malakali mutaxassislari, Xotin-qizlar qoʻmitasi, maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi vazirligi vakillari, diniy qoʻmita xodimlari ikki hafta davomida ish olib bordi. 
 
Hozirda mutaxassislarning xulosalariga koʻra, Suriyadan qaytgan hamyurtlarimiz jamiyatga qoʻshilishga, integratsiya qilishga tayyor.
Ularning koʻpchiligi ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlganliklari sababli barcha Oʻzbekiston fuqarolari bilan teng ravishda, qonunchilik asosida ularga ijtimoiy yordam pullari belgilanadi. Undan tashqari, ayollarni ish bilan taʼminlash boʻyicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shugʻullanadi. Uzogʻi bilan bir oy ichida ular ish bilan taʼminlanadi, yaʼni doimiy daromadga ega boʻladilar. 
 
Maktab yoki bogʻcha yoshidagi bolalar bilan ham alohida shugʻullanilib, ularning ijtimoiylashuvi masalasi koʻriladi. Hozirdanoq ularni integratsiyalashuvi boʻyicha mutaxassislar shugʻullana boshlashgan. Endilikda barchasi Oʻzbekistonning teng huquqli fuqarolari. Biz Suriyadan qaytgan yurtdoshlarimizga yordam koʻrsatishdan avval xalqaro integratsiyalashuv va sotsiyalizatsiyalashuv boʻyicha tajribalarini oʻrgandik.
Fikrimcha, ularning jamiyatimizga qoʻshilishlariga toʻsqinlik qilayotgan muammolar yoʻq. Xalqaro tajribalarga koʻra urush oʻchoqlaridan kelgan fuqarolarga ijtimoiy himoya va yordam 6 oydan bir yilgacha boʻlgan muddatda davom etadi. 
 
Biz esa bir yil davomida ularni ijtimoiy hayotga koʻnikishlariga va ish, oʻqishga joylashishlarida yordam koʻrsatamiz”, deydi Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov.
 
Suriyadan qaytgan ayollar Prezidentga nega murojaat qildi?
Oʻn kun davomida “Boʻston” sanatoriysida reabilitatsiyada boʻlgan Suriyadan qaytgan ayollarning 10 nafari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga tashakkurnomalar yozib bergan. 
 
Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimi Magʻfirat Zikirovaning aytishicha, ulardan hech kim minnatdorchilik xati yozishni soʻramagan. 
 
“Naqd jahannamning oʻzidan qaytgan yurtdoshlarimiz vatanda ijtimoiy himoya koʻrsatilganidan xursand. Ularning koʻpchiligi oʻz vatanida shunday munosabatda boʻlishlarini kutmagan ekan”, deydi Magʻfirat Zikirova. 
 
Ayrim yurtdoshlarimiz Suriyadan qaytgan vatandoshlarimiz ijtimoiy himoyaga olinganidan norozi ham boʻldi. Ularga jinoyatchidek munosabatda boʻlish kerak, degan qarashlarni ham kuzatdik, ammo masalaga jiddiy yondashsak, bu insonlarni urush oʻchoqlariga yetaklagan turli sabablar bisyor.
Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev “Uyat boʻlsa ham aytish kerak, 156 nafar Suriyaga ketganlar nima uchun ketgan? Kimni izlab ketgan? Tan olish kerak, biz ularga sharoit yaratib bermaganimiz uchun ketgan! Men konstitutsiyaga koʻra ularga chora koʻrishim kerak aslida. Lekin unday qilmayman. Chunki ular oʻzbek, bizning Vatandoshlarimiz!
 
Ularni Vatanga olib kelish azob boʻldi. Juda ogʻir boʻldi. Biz hammamiz bu holatni chuqur oʻylashimiz kerak”, degan edi. 
 
Nima boʻlganda ham bugun oʻzbek farzandi Suriya sahrolarida och-nahor qolib ketmadi. Ular qaytarilmoqda. Urushli yurtda farzandi faqat omon qolishini oʻylagan onalar bugun ularning kelajakda kim boʻlishi haqida orzular qilmoqda.

Manba: O'zA

Поделиться