O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

259 moddiy madaniy meros ob’ektiga jiddiy zarar yetgan

2019-06-12 | Turizm

O‘zbekistonga turistlar oqimini yanada oshirish uchun moddiy madaniy ob’ektlarning bugungi holati ham katta rol o‘ynaydi, albatta. Shundan kelib chiqib yurtimizdagi arxeologik ob’ektlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududlardagi moddiy madaniy meros ob’ektlarni to‘liq inventarizatsiya, muhofaza qilish va foydalanish holatini o‘rganish hamda bu borada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 yanvardagi “Moddiy madaniy va arxeologiya merosi ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan o‘tgan yilning mart-aprel oylarida Madaniyat vazirligi hokimliklar bilan birgalikda ob’ektlarni xatlovdan o‘tkazdi. Ushbu xatlovda 259 ob’ektga jiddiy zarar yetgani, ochiq aytsak, ular yo‘qotilgani aniqlandi.
 
– Ayrim ob’ektlar 30-40 yil oldin buzilib, ularning o‘rniga yangi binolar qurilgan bo‘lsa ham ushbu ob’ektlar ro‘yxatdan ro‘yxatga o‘tib kelgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining o‘rinbosari Kamola Akilova. – Shuningdek, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi jamoatchilik nazorati shaklida ob’ektlarni o‘tgan yilning sentabr-noyabr oylarida to‘liq qayta xatlovdan o‘tkazdi. Bunda partiya tomonidan 5 ming 287 ob’ekt bo‘yicha dalolatnoma tuzilgan va 45 ming foto material to‘plandi. Natijada 827 ob’ekt topilmagani va 381 ob’ekt avariya holatida ekani haqida axborot taqdim qilindi.
 
Mutaxassisning ta’kidlashicha, 2001 yil 30 avgustdagi “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 5-bobida belgilangan ob’ektlarga egalik qilish, ulardan foydalanish va tasarruf etish qoidalari joylarda qo‘pol ravishda buzilgan. Masalan, respublika bo‘yicha 78 madaniy meros ob’ekti noqonuniy egallab olingani yoki mahalliy hokimliklar tomonidan turli maqsadlar uchun berib yuborilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Jumladan, Qamashi tumani hokimining qarori bilan “Qamaytepa” arxeologiya yodgorligining 11 gektar hududi baliqchilik uchun berib yuborilgan. Koson tumanidagi “Yerqo‘rg‘on” arxeologiya ob’ekti fermer xo‘jaligi tomonidan noqonuniy ravishda o‘zlashtirib olingan. Buxoro shahridagi Abdulazizxon madrasasi yaqinida yer qazish ishlari oqibatida, tarixiy yodgorlik devorining bir qismi qulab tushgan. Andijon viloyati Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologiya yodgorligi hududida noqonuniy ravishda shaxsiy uy-joy qurilgan. Shu bilan birga, 310 ob’ektda birinchi navbatda ta’mirlash-tiklash ishlari olib borish zarurligi ma’lum bo‘ldi. Tarixiy-madaniy qimmatiga ko‘ra, davlat muhofazasiga olinishi lozim bo‘lgan 407 ob’ekt topildi. Bu ham vaziyat favqulodda holat darajasida o‘tkir ekanini ko‘rsatadi.
 
Albatta, bu kabi tizimli kamchilik va muammolarni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, joriy yilda Madaniyat vazirligi huzurida ixtisoslashgan maxsus restavratsiya-tiklash ilmiy-tadqiqot tuzilmasi tashkil etiladi. 2019 yildan restavrator-ustalarni malakasini oshirish va ularga malaka sertifikatini berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
 
– Har bir madaniy meros ob’ektidan har kuni xabardor bo‘lishni hayotning o‘zi taqozo qilayapti, – deydi Kamola Akilova. – Shundan kelib chiqib, hurmatli hokimlarimiz, mahalla faollarimiz bilan birgalikda har bir ob’ektga ixtiyoriy va ko‘ngilli ravishda ko‘pni ko‘rgan, tarixga qiziqadigan tajribali odamlar jamoatchi inspektor sifatida biriktirilmoqda. Milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini hududlarda amalga oshirish dasturlariga asosan joriy yilda 8 ming nafarga yaqin jamoatchi inspektor faoliyati tashkil qilinadi. Jamoatchi inspektorlarni qo‘llab-quvvatlab, rag‘batlantirib borsak, o‘ylaymanki, bu fidoiy yurtdoshlarimizning katta bir jamoatchilik harakatiga aylanadi va o‘z samarasini beradi.
 
Mutaxassisning ma’lum qilishicha, shu yil amaldagi “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Arxeologiya merosi ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari tanqidiy qayta ko‘rib chiqiladi hamda madaniy meros ob’ektlari bo‘yicha yagona to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.
 
2020 yil yakunigacha olimlar va mutaxassislar ishtirokida barcha moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarini qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkaziladi.
 
Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarining tarixiy markazlariga har qanday salbiy ta’sirning oldini olish nuqtai nazaridan ushbu hududlarda yerdan foydalanish va shaharsozlik rejimi belgilanadi. O‘zbekistonning ko‘hna va boy madaniy merosini xalqaro miqyosda e’tirof etilishiga erishish maqsadida Buyuk ipak yo‘lining mamlakatimizdan o‘tgan qismini “Ipak yo‘li: Zarafshon daryosi vohasi” va “Ipak yo‘li: Farg‘ona – Sirdaryo havzasi” nomi ostida, shu bilan birga, “Sahrodagi qasrlar”, “Xonbandi”, “Sarmishsoy qoyatosh rasmlari”, “Zarautsoy qoyatosh rasmlari”, “Qadimiy Termiz” ob’ektlarini YuNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish rejalashtirilgan.
 
2019 yil 1 mayga qadar 100 ta ob’ektga elektron qayd etish va videokuzatuv tizimi o‘rnatildi. Qolgan 50 ta ob’ektga yil davomida o‘rnatiladi. Chiptalarga narxlarni shakllantirish va kelib tushgan mablag‘lar sarflanishining shaffof tizim yaratiladi. 3 yilda Chilonzor Oqtepa, Mingtepa, Yerqo‘rg‘on, Quva shahristoni, Kanka arxeologiya yodgorliklari ochiq osmon ostidagi muzey tashkil qilinadi.
 
Dalvarzintepa va Fayoztepa, Afrosiyob, Nurota qal’asi va Poykent kabi 50 ta arxeologiya yodgorligining 3D modeli yaratiladi. “O‘zbekiston madaniy merosi” ensiklopediyasi nashr etiladi.

Manba: O'zA

Поделиться