O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Soliq qoʻmitasi telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda pul topayotganlar blogerlarga patent olib, soliq toʻlashi kerakligini eslatdi
2019-06-12 | Jamiyat
Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi mutasaddilari ishtirokida “Qoʻshimcha qiymat soligʻi va boshqa yangi soliqlar implementatsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni va mohiyati” mavzusida brifing va jurnalistlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
Muloqotda internetdagi maxsus sahifalar va instagram, telegram, feysbuk kabi ijtimoiy tarmoqlarda reklama eʼlonlarini joylashtirish orqali daromad olish va bundan soliq toʻlanishi shart yoki shart emasligi haqida savol berildi.
“Daromad olishga yoʻnaltirilgan har qanday faoliyat turi tadbirkorlik hisoblanadi, — dedi Davlat soliq qoʻmitasi Matbuot xizmati vakili Muzaffar-Yusuf Nazarov. — Qanday yoʻl bilan daromad topishingizning ahamiyati yoʻq. Davlat roʻyxatidan oʻtishingiz shart. Agar siz daromad topish faoliyati bilan shugʻullanayotgan boʻlsangiz, yo yakka tartibdagi tadbirkor sifatida yo yuridik shaxs sifatida albatta davlat roʻyxatidan oʻtgan boʻlishingiz kerak”.
Blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar, personal sahifalarda reklama joylashi va shu yoʻl bilan daromad orttirishiga “noqonuniy faoliyat” deya taʼrif berildi.
“Toʻgʻri, qonunda blogerlik degan tushuncha yoʻq. Blogerlik faoliyat turi emas, bunga qonunchilikda taʼrif berilmagan, — dedi Davlat soliq qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Aydos Qoshanov. — Lekin siz kimdandir pul olib, xizmat koʻrsatyapsizku. Bu xizmat koʻrsatish evaziga haq olish hisoblanadi. Va xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq holat sifatida qayd etiladi. Qonunda blogerlik tushunchasi mavjud boʻlmasa-da, xizmat koʻrsatish degan tushuncha bor”.
Davlat soliq qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Ahmadjon Suyunov ijtimoiy tarmoqda reklama joylab pul topayotgan blogerlar patent, yaʼni yakka tartibdagi tadbirkorni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida guvohnoma olishi kerakligini taʼkidladi.
Agar ijtimoiy tarmoqlarda reklama orqali daromad koʻrayotgan shaxs davlatga soliq toʻlamasa, undan texnika vositasi (telefon, noutbuk, planshet, kompyuter) olib qoʻyilish mumkinligi aytildi.
“Agar kimda-kim noqonuniy ravishda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan boʻlsa, biz undan tadbirkorlikni qanday vosita orqali amalga oshirayotgan boʻlsa, oʻsha vositasini, jihozini olib qoʻyishga toʻlaqonli haqqimiz bor, — dedi boshqarma boshligʻi Aydos Qoshanov. — Bu qonun doirasida kafolatlangan. Olib qoʻyilgan jihoz 30 kungacha ushlab turilishi mumkin. Agar oʻsha shaxs yoki bloger 30 kun ichida PF-4848 sonli Prezident Farmoni asosida davlat roʻyxatidan oʻtsa, olib qoʻyilgan jihozlari qaytarib beriladi”.
Muloqotda qayd etilishicha, yangi tahrirdagi Soliq kodeksida elektron tijorat sohasida soliqlarning joriy etilishi koʻzda tutilgan. Yaqin kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi.
Manba: «Xalq So'zi»