O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
YTTB Prezidenti bilan uchrashuv
2019-06-11 | Iqtisodiyot
Moliya vazirligida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - Moliya vaziri hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti o’rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi.
Ma'lumot uchun: Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining vakolatxonasi 2017 yilning noyabrida O'zbekistondagi o'z faoliyatini qayta tikladi. 2018 yilda O'zbekiston Respublikasi va YTTB o’rtasida 382,5 mln. AQSh dollarlik kredit shartnomalari imzolangan, 2019 yil 5 oyi ichida imzolangan kredit shartnomalari miqdori esa 240 mln. AQSh dollarini tashkil qilgan. YTTB loyihalari kichik biznes, moliya sektori, transport infratuzilmasi va energetika masalalariga qaratilgan.
Suma Chakrabarti nutqida YTTBning O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo'llab-quvvatlashga tayyorligini ta'kidlab o’tdi.
Uchrashuvda so'nggi yillarda Respublikada amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va ularning dinamikasi muhokama qilindi. Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishning muhimligi hamda davlat korxonalari va banklarini xususiylashtirish masalalari alohida ta'kidlandi. Bundan tashqari, 2023 yilgacha Toshkent-Samarqand pullik avtomagistral yo'lini qurish loyihasini amalga oshirishni davom ettirish va tezlashtirish taklif qilindi.
Davlat korxonalarida korporativ boshqaruv usullarini joriy etish zaruriyati muhokama qilindi. Yaqin kelajakda ushbu maqsadlar uchun xalqaro maslahatchilar jalb qilinishi ta’kidlab o’tildi.
Uchrashuv so’ngida O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Davlat Geologiya va mineral resurslar davlat qo'mitasi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o'rtasida O'zbekiston Respublikasi konchilik sektorini isloh qilish bo'yicha strategik hamkorlik to'g'risidagi anglashuv memorandumi imzolandi.