Bugun, 11-iyun kuni tongda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi tomonidan okrug qoʻshinlari yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirildi
Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining navbatdagi harbiy oʻquvlari harbiy okrug hududida boʻlib oʻtadi. Taktik harakatlar Mudofaa vazirligi poligonlarida oʻtkazilib, u yerda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya Toshkent shahri, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi hududiy boshqarma va boʻlinmalari bilan hamkorlikda jangovar vazifalar bajariladi.
Oʻquv mashgʻulotlari davomida qoʻshinlarni turli yoʻnalishlarga tashlash koʻzda tutilgan. Maxsus boʻlinmalarning harbiy xizmatchilari Mudofaa vazirligi Harbiy havo kuchlariga qarashli vertolyot aviatsiyasi yordamida tashlanadi. Qolgan boʻlinmalar esa avtomobil va zirhli texnikalarda katta masofalarga marsh uyushtiradi.
Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi rahbariyati mamlakat fuqarolaridan kolonnalarning harakatiga xalaqit bermaslikni va yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya qilishni soʻrab qoladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi