Sogʻliqni saqlash vazirligi: shu yilning 5 oyida tez tibbiy yordamga 4 milliondan ortiq murojaat boʻlgan
Tez tibbiy yordam xizmatining maxsus sanitar avtotransport parki qariyb 1500 ta yangi avtomashinalarni harid qilish evaziga batamom yangilanib, ularning umumiy soni 2400 ga yetkazildi.
Natijada tizimning maxsus avtotransportga boʻlgan talabi mamlakatimiz tarixida birinchi marta toʻliq hajmda qoplandi. Yangi harid qilingan 231 ta zamonaviy reanimobil 4,1 million AQSH dollari miqdoridagi zarur asbob-uskunalar bilan toʻliq jihozlandi. Keyingi bosqichda yana 1200 ta tez tibbiy yordam mashinasini toʻliq va 712 ta avtomobilni qoʻshimcha jihozlash rejalashtirilgan.
Bu haqda Milliy matbuot markazida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlariga bagʻishlab tashkil etilgan matbuot anjumanida soʻz yuritildi.
Tez tibbiy yordam xizmatini avtotransport bilan toʻliq taʼminlanishi brigadalarning chaqiriqlarga kechikishi holatlarini keskin kamaytirdi. Kechikish holatlarini yanada kamaytirish maqsadida mavjud 2400 dan ortiq brigadadan 1513 tasi uzoq hududlarda joylashgan aholi punktlariga yaqinlashtirildi. Tez tibbiy yordam xizmatini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash jarayonini markazlashtirish natijasida bir chaqiriqning dori vositalari boʻyicha qiymatini har yili kamida ikki barobar oshirib borishga erishildi va joriy yilda ushbu koʻrsatkich 5800 soʻmni tashkil qilmoqda. Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamgʻarmasini faoliyat koʻrsatayotganligi ham soha rivojida muhim oʻrin tutmoqda.
Anjumanda eʼtirof etilganidek, Shoshilinch tibbiy yordam tizimi sogʻliqni saqlash sohasidagi eng yirik va kuchli ijtimoiy ahamiyatga ega tuzilma hisoblanadi. Birgina oʻtgan yilda ushbu tizim muassasalariga jami 13 milliondan ziyod bemorlar murojaat qilgan boʻlib, shulardan 9,8 million nafarga yaqini “103” xizmati boʻyicha va 3,3 millionga yaqini statsionar tuzilmalarga murojaat qilishgan. 2019-yilning oʻtgan 5 oy mobaynida esa umumiy murojaatlar soni 4 milliondan ziyodni tashkil etib, 1,2 milliondan ortiq bemorga statsionar muassasalarda yordam koʻrsatildi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning filiallari va subfiliallarida yiliga 300 mingdan ortiq bemorga statsionar sharoitda murakkab xirurgik amaliyotlar oʻtkazilmoqda. Koʻrsatilayotgan xizmatlar koʻlami va ahamiyatini eʼtiborga olgan holda aholiga shoshilinch va tez tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan qator huquqiy hujjatlar qabul qilinayotgani ham tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va uning faoliyati samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayapti.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Sоg`liqni sаqlаsh vаzirligi