Mamlakatimizda bugungi kunda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ulkan bunyodkorlik, maʼnaviy sohadagi tub oʻzgarishlar zamirida azaldan xalqimizga xos boʻlgan bagʻrikenglik va kechirimlilik fazilatlari mujassam.
Shahar va qishloqlarimizning qiyofasini yanada obod qilish, yangi ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlarni barpo etish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bulardan koʻzlangan yagona maqsad –xalqimiz farovonligini yuksaltirish, aholiga munosib turmush sharoitini yaratishdan iborat.
Mana shunday yangilanish jarayonlarida faol ishtirok etayotgan fuqarolarimiz bilan bir qatorda, hayot yoʻllarida adashib, hozirgi vaqtda xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqargan yurtdoshlarimizga mamlakatimiz ravnaqiga hissa qoʻshish uchun yana bir bor imkoniyat berish – jamiyatimizning insonparvarlik va adolat tamoyillariga uygʻun va hamohangdir.
Maʼlumki, jinoyat sodir etgan shaxs nafaqat oʻzining, balki farzandlari, ota-onasi, qavmu qarindoshlarining ham kelajagi va taqdiriga taʼsir oʻtkazmasdan qolmaydi. Ozodlikdan mahrum boʻlgan kishi aziz farzandlarini oʻz mehridan ayirib, ota-onalarini ham ayriliq dogʻiga mubtalo qiladi.
Shu sababli, xato qilgan va bugungi kunda qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlgan shaxslarni kechirish – yuksak insonparvarlik namunasi boʻlib, u yaqin insonini iztirob va intizorlik bilan kutayotgan butun bir oilani yangidan hayotga qaytarish bilan barobardir.
Ana shu holatlarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida davlatimiz gumanistik siyosatining hamda xalqimizga xos ezgulik va mehr-oqibat, kechirimli boʻlish kabi olijanob fazilatlarning amaliy tasdigʻi sifatida “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga katʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi.
Mazkur insonparvarlik akti – davlatimizning har qanday holatda ham fuqarolar uchun gʻamxoʻrligining yorqin misolidir.
Zero, jinoyatga qoʻl urgan, boshi devorga tekkandan soʻng adashganligini tushunib yetgan odamlarni afv etish – muqaddas dinimizning ham asosiy arkonlaridan biri sanaladi.
Farmonga muvofiq, sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazo oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 575 nafar fuqaro afv etildi.
Ularning 361 nafari jazodan toʻliq ozod qilinib, ota-onasi, farzandlari va yaqinlari bagʻriga kaytariladi, shuningdek, 214 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum etish jazo muddatlari qisqartiriladi.
Afv etilganlarning 7 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 6 nafarini ayollar, 1 nafarini chet el fuqarosi tashkil etadi.
Davlatimiz rahbari Farmonda qayd etganidek, jinoyat sodir etgan shaxslarni faqat jazolash emas, balki “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida qayta tarbiyalash, ularning oʻz halol mehnati bilan jamiyatda munosib oʻrin egallashi uchun barchamiz birdek masʼulmiz.
Shunga koʻra, Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida afv etilgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi, ularni foydali mehnatga jalb etish va sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyishiga koʻmaklashish yuzasidan masʼul vazirliklar, idoralar va hokimliklarga tegishli topshiriqlar berildi.
Manba: O'zA