Shavkat Mirziyoyev: Yaqin Sharqdan vatandoshlarimizni olib kelish juda qiyin boʻldi
Toshkent viloyati faollari bilan yigʻilishda davlatimiz rahbari “Mehr” operatsiyasiga ham toʻxtalib oʻtdi.
- Mana, 156 nafar yurtdoshimizni Yaqin Sharqda urush boʻlayotgan joydan olib keldik. Xoʻsh, ular nima uchun ketgan? Ahvolimiz harob boʻlgani uchun, sharoit boʻlmagani uchun ketgan. Lekin u yerda nima boʻldi? Xotin-qizlarimizni sotishdi, beshta bola beshta otadan, 14 yoshli qiz tuqqan. Shu holat bizga yarashadimi?
Ularni Vatanga olib kelish juda qiyin boʻldi. Qancha davlatlar bilan gaplashdik. Samolyotni u yoqqa qoʻndirish, terroristlarning qoʻlidan olib chiqish oson emas. Lekin qaytardik - nima boʻlgandayam ular bizning vatandoshimiz. Endi nima qilish kerak? Nuroniylar, jamoatchilik qayoqqa qarayapti? Kim buni tushuntiradi? Bunday narsalar hammamizni oʻylantirishi, qiynashi kerak, - dedi Prezident.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti